O‘zbekistonda sayyohlar uchun ishonchli muhit yaratilgan (+video)
O‘zbekiston turizm sohasida ilg‘or mamlakatlar qatoridan o‘rin olmoqda. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar va xavfsizlik muhitining ta’minlanishi xorijlik mehmonlar oqimining izchil ortishiga xizmat qilmoqda.
Buni so‘nggi yillarda mamlakatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar soni keskin oshganidan ham ko‘rishimiz mumkin.
Ana shu jarayonda xavfsizlikni ta’minlash muhim omil hisoblanadi. Bu borada Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari yurtimizning tarixiy va diqqatga sazovor maskanlarida jamoat tartibini saqlash, turistlarga qulay va xavfsiz muhit yaratishda faol ishtirok etmoqda. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarda xizmat olib borayotgan gvardiyachilar nafaqat jamoat tartibini ta’minlamoqda, balki mehmonlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, zarur axborot berish orqali turizm rivojiga ham hissa qo‘shmoqda.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda Milliy gvardiya tizimida xorijiy tillarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozirgi kunda ko‘plab harbiy xizmatchilar ingliz va boshqa xorijiy tillarda erkin muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘lib bormoqda. Bu esa xorijiy sayyohlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, ularning savollariga javob berish va tezkor yordam ko‘rsatish imkonini kengaytirmoqda.
Shu o‘rinda aytish joizki, bugungi turist nafaqat tarixiy obidalarni tomosha qilishni, balki o‘zini xavfsiz va erkin his etishni ham istaydi. Aynan shu jihatdan qaraganda, Milliy gvardiya xizmatchilarining faoliyati turizm rivojining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Ular faqat tartib posbonlari emas, balki mamlakat imijini shakllantiruvchi “birinchi muloqot vakillari” sifatida ham namoyon bo‘lmoqda.
Shubhasiz, turizm sohasidagi islohotlar, xavfsizlik choralarining kuchaytirilishi va inson omiliga berilayotgan e’tibor O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirmoqda. Milliy gvardiya xizmatchilarining bu boradagi faol ishtiroki esa yurtimizning ochiq, xavfsiz va mehmondo‘st mamlakat sifatidagi imijini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5zNDUhPquvs" title="O‘zbekistonda sayyohlar uchun ishonchli muhit yaratilgan" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova.
U.To‘xtayev (montaj), O‘zA