
Bugun O‘zbekiston iqtisodiy jihatdan jadal rivojlanib borayotgan mamlakatlar qatoridan joy olmoqda.
O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan strategik rejalar mamlakatda raqobatdosh, eksportbop hamda import o‘rnini bosuvchi, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarilishiga, shuningdek sanoatning barqaror va mutanosib ravishda o‘sishi hamda ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash, texnologik yangilash va yirik-yirik sanoat korxonalarini yaratishni maqsad qilingan. Tabiiyki, bu hozirgi kunning talabidir.
O‘zbekistonda 2021 yildagi asosiy iqtisodiy islohotlar «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» Davlat dasturi asosida izchil amalga oshirildi. Iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari Davlat dasturining 93 ta bandini o‘z ichiga qamrab olganligi ushbu yo‘nalishning naqadar muhim ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi.
2021 yilda sanoat sohasining jadal sur’atlar bilan rivojlanishi Hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar mahsulidir desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xususan, sanoat sohasini rivojlantirishga oid ko‘plab normativ huquqiy hujjatlar qabul qilindi hamda amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan zargarlik sohasidagi ishlab chiqaruvchilar uchun kumush mahsulotini sotib olish borasida to‘lovlarning muddatini uzaytirish kabi imkoniyatlar yaratilgan.
Vazirlar Mahkamasining «2021 yilda hududiy va respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkalarini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan Respublikaning barcha viloyatlarida «Hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi» tashkil etish reja-grafigi tasdiqlandi. Mazkur reja-grafik asosida Navoiy, Xorazm va Buxoro viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida «Hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi» o‘tkazildi. Ushbu hududiy yarmarkalarda qiymati 2 150,1 mlrd. so‘mlik jami 2 210 ta shartnoma imzolandi. Shundan, Navoiy viloyatida 421,1 mlrd. so‘mlik 1 336 ta, Xorazm viloyatida 70,3 mlrd. so‘mlik 289 ta, Buxoro viloyatida 1 057,5 mlrd. so‘mlik 294 ta va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 601,2 mlrd. so‘mlik291 ta mahsulot xarid qilish bo‘yicha shartnomalar tuzildi.
Bundan tashqari, yarmarkalar davomida 308 xil turdagi mahsulotlarni kelgusida ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga qaratilgan jami 446 ta memorandumlar imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi. Farmon mahalliy sanoat tarmoqlarini jadal rivojlantirishga ko‘maklashuvchi yaxlit tizimning yaratilishi, shuningdek hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Hujjatning 13-bandiga asosan, Elektron kooperatsiya portalining faoliyati Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga o‘tkazildi.
Shu bilan birga, hududiy va respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkalarini tashkil etish Vazirlar Mahkamasiga yuklatildi.
O‘ZBEKISTON SANOATINING O‘SISH SUR’ATLARI
Ta’kidlash joizki, 2021 yilda respublika korxonalari tomonidan 451,6 trln. so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi (2020 yilga nisbatan 108,7 foiz ko‘p). Sanoat ishlab chiqarish tarkibida eng katta ulush ishlab chiqaradigan sanoat hissasiga to‘g‘ri kelib, uning sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi jami 83,0 foizni tashkil etdi.
Jumladan, sohalar kesimida, tog‘-kon va ochiq konlarni ishlash sanoati 42,9 trln. so‘mni yoki jami sanoat ishlab chiqarish hajmining 9,5 foizni, ishlab chiqaradigan sanoat 375,0 trln. so‘mni yoki jami sanoat ishlab chiqarish hajmining 82,7 foizni, elektr, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalash 30,8 trln. so‘mni yoki jami sanoat ishlab chiqarish hajmining 6,8 foizни va suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish 2,9 trln. so‘mni yoki jami sanoat ishlab chiqarish hajmining 0,7 foizni tashkil qildi.
2020 yil holatiga nisbatan, 2021 yilda tog‘-kon sanoati va ochiq konlarda ishlash – 10,7 foizga, ishlab chiqaradigan sanoat – 8,2 foizга hamda elektr, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalashning – 13,0 foizga o‘sishi kuzatildi. Bundan ko‘rinib turibdiki, tog‘-kon va ochiq konlarni ishlash sanoati sohasida eng yuqori o‘sish kuzatilgan. Albatta, ushbu o‘sish sur’ati sohada olib borilayotgan modernizatsiya ishlari hamda islohotlar mahsuli hisoblanadi.
OLMALIQ KON-METALLURGIYA KOMBINATINING AHAMIYATI
Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotining 7 foizi, eksport hajmining 15 foizi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hissasiga to‘g‘ri keladi. So‘nggi yillarda ilm va texnologiyaga katta mablag‘ yo‘naltirilgani natijasida yangi konlar topilib, ishlab chiqarish hajmi yanada oshdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 martdagi qaroriga muvofiq, kombinatda «Yoshlik-1» konini o‘zlashtirish bo‘yicha 5 mlrd. 122 mln. dollarlik megaloyiha amalga oshirilmoqda.
Kon yiliga 65 mln. tonna ma’dan qazib olish quvvatiga ega. Unda oltin, mis, kumush, molibden, selen kabi 13 turdagi nodir metallar bor. Ularni qayta ishlash uchun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasi qurilmoqda.
2017 yilda 3 mln kub metr kon ishlari bajarilgan edi. Keyinchalik qiymati 415 mln. dollarlik 570 dan ziyod zamonaviy texnikalar olib kelingach, samaradorlik o‘n karra oshdi. Endilikda ish hajmi yiliga 40 mln. kub metrni tashkil etmoqda.
Loyiha doirasida, shuningdek ohak zavodi, 650 megavattli elektr tarmog‘i va boshqa infratuzilma ob’ektlari barpo etilishi rejalashtirilgan. Bunda qariyb 6 ming ish o‘rni yaratiladi.
E’tirof etish joizki, 2021 yilning 29 iyul kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasiga tamal toshi qo‘yildi. Loyihaning qiymati 2 mlrd. dollar bo‘lib, bugungi kundagacha 861 mln. dollar o‘zlashtirilgan. Loyihalashtirish ishlariga Italiyaning «Wood» hamda Buyuk Britaniyaning «Technip Energies» kompaniyalari jalb etilgan. Ushbu inshootni 2023 yil yakuniga qadar ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Mazkur ishlarning amalga oshirilishi tog‘-kon sanoatida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasidir.
MIS KLASTERLARI TASHKIL ETILMOQDA
bugungi kunda misni qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati 76 mln. dollarlik 22 ta loyiha shakllantirildi. Shuningdek, davlat rahbarining Janubiy Koreyaga davlat tashrifi chog‘ida Toshkent viloyatida Yarimo‘tkazgichlar va elektronika klasterini tashkil etish rejalashtirildi. Bu borada ishlarni jadallashtirish, elektr texnikasi, energetika, avtomobil sanoati uchun talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarning amalga oshirilishi maqsad qilingan.
KIMYO SANOATIDAGI ISLOHOTLAR
Kimyo sanoatida so‘nggi besh yilda umumiy qiymati 2 mlrd. 100 mln. dollarlik 16 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 3 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Sohaga jalb qilingan xususiy sektor tomonidan 45 mln. dollarga teng 8 ta loyiha ishga tushirildi.
So‘nggi besh yilda kimyo sanoatida ishlab chiqarish 1,5 barobarga, eksport hajmi 190 mln. dollardan 310 mln. dollarga oshdi. Korxonalarning sof foydasi 8 barobardan ortib, 2021 yil yakuni bilan 1 trln. so‘mdan oshdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 fevraldagi qaroriga muvofiq kelgusida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Navoiy va Farg‘ona viloyatlarida yuqori qiymatli tovarlar ishlab chiqarishga qaratilgan 4 ta texnologik kimyo klasterlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Ularda uglerod, poliyefir va atsetat tolasi, polivinilatsetat, kaliy nitrati kabi 20 dan ziyod mahsulot ishlab chiqariladi.
2022 yilda kimyo sanoatida ishlab chiqarish hajmini 12 trln. so‘mga, eksportni 380 mln. dollarga yetkazish rejalashtirilganda. Sohani raqamlashtirish, korxonalarda operatsion xarajatlar va energiya sarfini qisqartirish orqali mahsulot tannarxini kamaytirishga oid amaliy ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, umumiy qiymati 740 mln. dollarlik 4 ta yirik loyiha bo‘yicha qurilish ishlari boshlanishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, 2022 yilda suyuq kompleks o‘g‘itlar, karbamid formaldegid smolasi, gidroksipropil-metilsellyuloza, kalsiy xlorid kabi yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi korxonalarni kadrlar bilan ta’minlash maqsadida joriy yilda 6 ming nafar oliy va o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash ko‘zda tutilgan. Tarmoqdagi 6 ta korxona negizida o‘quv markazlari hamda Chirchiq shahrida ishchi-mutaxassislar tayyorlash majmuasini ishga tushirish belgilangan. Bu esa mamlakatimiz iqtisodiyotining mustahkamlanishiga hamda yangi ish o‘rinlari yaratilishi bois kambag‘allikni qisqartirishda ham muhim rol o‘ynaydi.
«GAZNI – SUYUQLIKKA» TEXNOLOGIYASI
Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida qisqa vaqtda gigant korxona –– sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqaradigan “Uzbekistan GTL” zavodi qad rostladi.
Bunday yirik majmua shu paytgacha jahonda faqat 4 ta davlatda – Qatar, Nigeriya, Janubiy Afrika Respublikasi va Malayziyada barpo etilgan.
Zavod yiliga 3,6 mlrd. metr kub tabiiy gazni qayta ishlaydi, qiymati 1 mlrd. dollardan ziyod bo‘lgan 1,5 mln. tonna tayyor suyuq mahsulotlar ishlab chiqariladi, shuningdek, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlash quvvatiga ega. Ushbu mahsulotlar hisobiga, yiliga 500 mln. dollarlik import o‘rni qoplanadi, 200 mln. dollarlik eksport va 2 trln. so‘mlik soliq tushumlari ta’minlanadi. Yana shunday texnologik imkoniyat borki, majmua beshta rejimda ishlay oladi. Qaysi mahsulotga ko‘proq buyurtma bo‘lsa, shunga moslashib, o‘sha tovar hajmi oshiriladi. Zavod ishga tushganidan keyin jami 1 ming 300 ta mutaxassis yuqori daromadli, doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.
Xalqaro energetika agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, GTL mahsulotlarini ishlab chiqarish 2030 yilga borib 2 barobar o‘sadi. Shu bois yanada yuqori qo‘shilgan qiymatli boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish ham rejalashtirilgan. Jumladan, zavod negizida alkil-benzol, buten va geksen, sintetik moylar, malein angidrid, emulsion qo‘shimchalar, katalizatorlar kabi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati 620 mln. dollar bo‘lgan 6 ta loyiha amalga oshirilishi mo‘ljallangan. Bu yarim tayyor mahsulotlar kimyo va maishiy kimyo, tekstil, charm va mebel, qurilish materiallari va elektrotexnika kabi sohalarda keng qo‘llaniladi.
KELGUSI BESh YILDA KO‘ZDA TUTILGAN ASOSIY ISLOHOTLAR
Kelgusi yillarda «Xomashyodan – tayyor mahsulotgacha» tamoyili asosida drayver sohalarda klaster tizimi rivojlantiriladi. Bunda:
- YAIM hajmi 1,6, sanoat hajmi 1,4 barobar oshiriladi;
- «drayver» sohalar rivojlantiriladi;
- sanoat klasterlari tizimi rivojlantiriladi;
- mis va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 2 marta ko‘payadi;
- Navoiy, Olmaliq va Bekobod metallurgiya korxonalarida qator yirik loyihalar amalga oshiriladi;
- tabiiy gazni qayta ishlash 8 foizdan 20 foizga yetkaziladi;
- kimyo texnologiyasi klasterlari tashkil etiladi;
- kimyo sohasida ilmiy va ta’lim klasteri tashkil etiladi;
- yerosti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari pasaytiriladi;
- yerosti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari pasaytiriladi.
XULOSA O‘RNIDA
Har bir mamlakat o‘zining iqtisodiy rivojlanish strategiyasini belgilagan holda islohotlarni amalga oshiradi. Shunday ekan, O‘zbekiston ham o‘z strategik rejalari asosida iqtisodiy rivojlanishni davom ettirayotganligi xalq manfaati va farovonligi uchun qo‘yilayotgan muhim qadamdir. Ushbu amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ya’ni sanoat sohasidagi modernizatsiya jarayonlari mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Sanoat sohasining rivojlanishi nafaqat mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlaydi, balki mamlakatda ish o‘rinlari yaratilishi hamda mahsulotlarning jahon bozorlariga chiqib borishini ham ta’minlaydi. Mazkur yangilanishlar ya’ni yangi-yangi sanoat korxonalarining tashkil etilishi mamlakat kelajagini ham belgilab beradi.
Iskandar O‘ROQBOEV,
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
bosh mutaxassisi