O‘zbekiston iqtisodiyotida 2025-yilda ish haqi dinamikasi sezilarli darajada o‘sdi. Yil davomida nominal ish haqi 18,9 foizga oshgan bo‘lsa, real ish haqi o‘sishi 9,3 foizni tashkil etdi. Natijada o‘rtacha oylik ish haqi qariyb 6,4 million so‘mga yetdi.
Muhim jihati shundaki, 2023-yildan keyin ko‘plab tarmoqlarda kuzatilgan o‘sish sur’atlarining pasayishi 2025-yilning ikkinchi yarmida yana tiklanib, o‘suvchi bosqichga o‘tdi. Bu haqda Markaziy bankning “Mehnat bozori” sharhida ma’lum qilingan.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, eng yuqori o‘rtacha ish haqi moliya va sug‘urta sohasida qayd etildi — 17,6 million so‘m. Keyingi o‘rinni axborot va kommunikatsiya xizmatlari sohasi egallab, bu yerda o‘rtacha oylik 15,3 million so‘mni tashkil etdi.
Eng past maoshlar esa qishloq xo‘jaligi (3,4 million so‘m) va ijtimoiy xizmatlar (4,1 million so‘m) sohalarida kuzatildi. Shu bilan birga, aynan ushbu tarmoqlarda keyingi davrda ish haqi o‘sish sur’atlari tezlashgani e’tiborga molik.
2025-yilning ikkinchi yarmidan boshlab ish haqi o‘sishining jadallashuvi, asosan, davlat sektorida amalga oshirilgan indeksatsiya bilan bog‘liq bo‘ldi. Indeksatsiya — ish haqini inflyatsiyaga mos ravishda oshirish jarayonidir.
Jumladan, tashish va saqlash sohasida ish haqi nominal hisobda 18,9 foizga (real 9,3 foiz), ijtimoiy sohalarda esa 17,4 foizga (real 7,9 foiz) oshdi. Eng past o‘sish qurilish sohasida qayd etildi — nominal 9,1 foiz, real esa atigi 0,6 foiz.
Hududlar bo‘yicha tahlillar ish haqi miqdorida katta farqlar mavjudligini ko‘rsatadi. Real ish haqi o‘sishi eng yuqori bo‘lgan hududlar — Namangan (13,1 foiz), Sirdaryo (11,5 foiz) va Jizzax (11,1 foiz) viloyatlaridir.
Eng past o‘sish Andijon viloyati (4,6 foiz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (6,2 foiz) kuzatildi.
O‘rtacha oylik ish haqi bo‘yicha esa Toshkent shahri yetakchilik qilmoqda — 10 753,8 ming so‘m. Keyingi o‘rinlarda Navoiy (7 871,6 ming so‘m) va Toshkent viloyati (5 967,7 ming so‘m) joylashgan.
Boshqa hududlarda ko‘rsatkichlar quyidagicha:
Sirdaryo — 5 119,1 ming so‘m, Buxoro — 5 093,1 ming so‘m, Xorazm — 5 052,4 ming so‘m, Qoraqalpog‘iston — 5 003,1 ming so‘m, Andijon — 5 238,6 ming so‘m.
Nisbatan past ko‘rsatkichlar Qashqadaryo (4 476,7 ming so‘m), Surxondaryo (4 481,8 ming so‘m), Farg‘ona (4 730,2 ming so‘m), Samarqand (4 737,6 ming so‘m), Jizzax (4 786,0 ming so‘m) va Namangan (4 751,3 ming so‘m) viloyatlarida qayd etildi.
2025-yilda ish haqining yuqori sur’atlarda o‘sishi ichki iste’mol va iqtisodiy faollikni rag‘batlantirdi. Ayniqsa, moliya, axborot texnologiyalari va xizmat ko‘rsatish sohalarida talab oshib bormoqda.
Shu bilan birga, tarmoqlar va hududlar kesimida ish haqi o‘sishidagi farqlar daromadlar tafovuti hali ham saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Biroq so‘nggi vaqtlarda yuqori maoshli sohalarda o‘sish sur’atlari sekinlashib, past maoshli tarmoqlarda aksincha tezlashayotgani bu tafovutning asta-sekin kamayib borayotganidan dalolat beradi.
Sh. Mamaturopova,
O‘zA