O‘zbekistonda qancha shaxsiy avtomashina bor?
O‘zbekistonda qariyb uch millionta shaxsiy avtomobil bor, deb ma’lum qildi O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasi.
"2021 yil 1 yanvargacha bo‘lgan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda xususiy shaxslar qo‘lida bo‘lgan avtomobillar soni 2 million 955 ming 295 donaga yetdi", - deyiladi qo‘mita e’lon qilgan matbuot xabarnomada.
Ta’kidlanishicha, 2019 yil bilan solishtirganda ko‘rsatkich 14,5 foizga ortgan. O‘shanda jami xususiy avtomobillar soni 2 million 580 ming 133 dona edi.
Bu, o‘rtacha har yuz xo‘jalikning 50 tasida avtomashina bor, deganidir, ya’ni O‘zbekistonda har 1000 kishiga 84 ta mashina to‘g‘ri kelmoqda.
Ma’lumot uchun: AQSHda 1000 kishiga 910 ta mashina, Avstraliyada - 740, Italiyada - 625, Yaponiyada - 591, Germaniyada - 555, Rossiyada - 369, Qozog‘istonda - 250, Ukrainada - 202, Ozarbayjonda - 112 ta avtomobil to‘g‘ri keladi (ma’lumotlar 2019 yil uchun).