Yurtimizda qurilish sohasini rivojlantirish va uni yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini bunyod etish va ularni kengaytirish hamda rekonstruksiya qilishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamdagi iqtisodiy islohotlar olib borilmoqda.
Shiddat bilan qad ko‘tarayotgan ko‘p qavatli turar joylar va umuman olganda, barcha turdagi bunyodkorlik ishlari, o‘z navbatida, sifatli qurilish mahsulotlariga bo‘lgan talabni kuchaytirmoqda. Eng muhimi, yillar davomida torgina uylarda ikki, uch va hattoki to‘rtta oila bo‘lib yashab kelgan odamlarning o‘z uylari, makonlari bo‘lishiga zamin yaratildi.
Birgina o‘tgan yilning o‘zida uy-joy qurish hajmi 1,5 baravar ortib, 90 mingta xonadon qurilishi belgilangan edi. Xo‘sh, ushbu vazifalar ijrosi ta’minlandimi? Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi 2023 yilda belgilangan vazifalarni qay darajada bajara oldi, qanday natijalarga erishildi. Shular xususida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Elyor Komilov bilan suhbatlashdik.
– So‘nggi olti yilda mamlakatimiz aholisi 5 million 500 ming nafarga o‘sib, 36 milliondan oshdi. Bu esa uy-joyga bo‘lgan ehtiyojni tabiiyki oshiradi, – deydi Elyor Komilov. – Odamlarga munosib turmush sharoitini yaratish maqsadida ko‘plab turar joylar barpo etilishidan ko‘zlangan maqsad ana shu talabni qondirishdir. Shu jihatdan olganda, 2017 yildan bo‘yon respublika bo‘yicha 326 mingta yangi uylar foydalanishga topshirilgani, bu davrda uy-joy bilan ta’minlash aholi jon boshiga 18 foizga ko‘paygani diqqatga sazovordir. 2022 yilda 60 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar barpo etilgan bo‘lsa, 2023 yilda minglab odamlarning o‘z uyi va uzoq yillik orzulari ro‘yobi yo‘lida adolatli qadam tashlandi. Davlatimiz rahbarining shaxsan tashabbusi bilan hozirda 40 ta hududda “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishiga kirishildi. Umuman olganda, 2023 yilda uy-joy qurish hajmi 1,5 baravar ortib, tarixda ilk marta bu reja 90 mingta xonadon etib belgilandi.
Avvalgi yillardan farqli ravishda 2023 yil qurilish sohasida sermahsul yil bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining ta’biri bilan aytganda qurilish sohasi chin ma’noda mamlakat iqtisodiyotining asosiy drayveriga aylandi. Buni 2023 yilda qurilish sohasining 106,9 foizga ortgani bilan ham izohlash mumkin.
Tahlillarga ko‘ra, 2017 yilda mamlakatimiz bo‘yicha jami qurilish ishlari hajmi 35 trillion so‘mni, 2018 yilda 51 trillion so‘mni, 2019 yilda 71 trillion so‘mni, 2020 yilda 88 trillion so‘mni, 2021 yilda 108 trillion so‘mni va 2022 yilda esa 131 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilning 1 noyabr holatiga ko‘ra, bu raqam 119,6 trln. so‘mga yetkazildi.
Urbanizatsiya jarayonlari, noqulay iqlim sharoiti qurilish sohasiga energotejamkor texnologiyalarni yanada samarali tatbiq etishni taqozo etayotganini ko‘rib turibmiz. Aslida, bularning barchasi xalqchil tashabbus, juda katta islohot. 2016 yilgacha Andijon viloyatida 16 qavatli uy quriladi, desa birov ishonarmidi? Davlatimiz rahbari 2021 yilning 17-18 iyun kunlari viloyatga qilgan tashrifi chog‘ida uy-joyga muhtoj odamlar uchun qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan maydonda yangi shahar qurish tashabbusini ilgari surgan edi. Xalqning og‘irini yengil qilish, turmush sharoitini yaxshilash borasidagi ezgu amal bugun real hayotga ko‘chdi.
Andijon shahrining shimoliy sharqiy qismidagi ulkan qir-adirliklar o‘rnida bugun yangi shahar paydo bo‘ldi. Havosi mo‘’tadil, ayniqsa, yozning jaziramasida nasim shabadasi bilan dilga xush yoqadigan tabiat kengliklarida yuz minglab andijonliklar uchun uylar qurilmoqda. 2023 yilda massivda 80 ta 2152 ta xonadonli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan. Amalda 80 ta 2152 xonadonli uy-joylarni qurish ishlari boshlanib, rejaning 80 foizi bajarilgan. 28 ta 832 xonadonli uy-joylar foydalanishga topshirilgan. Qolgan 52 ta 1320 xonadonli uy-joylar qurilishi ham joriy yil yakuniga yetkaziladi. Farg‘ona viloyatida ham Yangi O‘zbekiston massivlarini qurish ishlariga qat’iy kirishilgan. Bugungi kunda viloyatning uchta hududi, xususan, Farg‘ona shahrida ana shunday zamonaviy energotejamkor texnologiyalarga asoslangan massiv qurilishi uchun 300 gektar maydon ajratilgan bo‘lib, 40 ming aholiga mo‘ljallangan shaharchani bunyod etish ishlarining dastlabki bosqichi yakuniy pallaga kirdi. 2023 yilda Ekoshaharda jami 73 ta ko‘p qavatli uylar barpo etilib farg‘onaliklar ixtiyoriga topshiriladi. Hududda shuningdek, 3 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 2 ta umumta’lim maktabi hamda 1 ta poliklinika binolari qurib bitkazildi. 4000 o‘rinli amfiteatr qurilishi yakunlanmoqda.
Uy-joyga talab yuqori bo‘lgan boshqa hududlarda ham xususiy tadbirkorlar tomonidan minglab uy-joylar qurilmoqda. Xususan, poytaxtimizning Olmos mahallasida ham 2021 yilda har biri 80 kvartirali 15 ta uy va har biri 64 kvartirali 5 ta turar-joy, jami 20 ta 16 qavatli uy-joylar qurib, foydalanishga topshirilgan edi. 2022-2023 yillarda har biri 80 kvartirali 16 ta uy, shuningdek, har biri 96 kvartirali 4 ta 16 qavatli turar-joylar barpo etilib, jami 20 ta 16 qavatli uy-joylar foydalanishga topshirilmoqda.
– O‘tgan yilda qancha ijtimoiy soha ob’ektlari foydalanishga topshirildi?
– 2023 yilning o‘tgan 11 oyida 400 dan ortiq ijtimoiy soha ob’ektlari foydalanishga topshirildi. Jumladan, 223 ta maktab, 141 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 40 ta tibbiyot muassasalari bugun xalqimiz ixtiyorida. Birgina poytaxtimizdagi 190-umumta’lim maktabi qurilishini olaylik. 3000 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan mazkur ta’lim muassasasi o‘quvchilarga bilim berish barobarida kasbiy ko‘nikmalarini oshirishga ham yo‘naltirilgan. 2021 yilning dekabr oyida davlat rahbarining muassasaga tashrifidan so‘ng o‘quv dargohidagi sharoitlar tamoman boshqacha qiyofaga kirdi. Suzish havzasi, zamonaviy auditoriyalar, sartaroshlik, tikuvchilik, dizaynerlik, singari 10 dan ortiq kasbga o‘rgatish xonalari, kompyuter texnologiyalari farzandlarimizni zamonaviy ta’lim standartlariga mos bilim olishlariga xizmat qiladi.
Gap ta’lim sohasi ob’ektlari qurilishi haqida borar ekan Muhammad al- Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Toshkent viloyati Nurafshon shahrida bunyod etilayotgan filiali binosi haqida ham fikr yuritish o‘rinli, albatta. E’tiborli tomoni ushbu yilda Yangi O‘zbekiston ko‘chasida ham xalqaro standartlarga mos yangi xalqaro ta’lim muassasasining qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Poytaxtimizda qurilgan ushbu bino ham sharq tillarini o‘zlashtirayotgan yoshlar uchun munosib tuhfa bo‘ldi.
2023 yil mamlakatimizda sport inshootlari qurilishiga qaratilgan e’tibor bilan ham esda qolarli bo‘ldi. Xususan, dunyo davlatlarida analogi kam uchraydigan Olimpiya shaharchasi qurilishi boshlandi. Ushbu loyihaning qiymati 289 million dollardan ziyod bo‘lib, shaharcha maydoni 100 gektarga teng. Bu yerda 10 ming o‘rinli yengil atletika va futbol stadioni, 6 ta yopiq va 7 ta ochiq sport inshootlari, suv sporti saroyi, velotrek, yakkakurash, jamoaviy sport majmualari barpo etiladi. Loyiha dunyoning 70 ta mamlakatida sport inshootlari qurgan Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Qurilishga mingdan ziyod ishchi va muhandislar, ilg‘or texnikalar jalb qilingan.
Sport ob’ektlari haqida so‘z borar ekan, yana bir yirik loyiha haqida fikr bildirmaslikning iloji yo‘q. Gap shundaki, 2022 yilning 14 martida davlatimiz rahbarining iqtidorli sportchilarni tayyorlash, Olimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarimiz faoliyatini keng targ‘ib etish maqsadida Boks bo‘yicha Bahodir Jalolov sport mahorati maktabi va gimnastika bo‘yicha Oksana Chusovitina sport mahorati maktabi tashkil etilishini nazarda tutadigan muhim qarorlari qabul qilingan edi. Xalqaro talablarga javob beradigan moddiy-texnika hamda o‘quv-mashg‘ulot bazalari bilan ta’minlangan maktab barpo etish ishlarini yurtimizda sportga bo‘lgan davlat e’tiborining yana bir namunasi bo‘ldi deyish mumkin. Andijondagi ushbu sport majmuasi ham 2023 yilda qurilgan yirik inshootlar sirasidandir. Bir vaqtning o‘zida sportning turli yo‘nalishlarida mashg‘ulotlar o‘tkazish imkoniga ega majmua xalqaro talablarga mos ravishda zarur inventarlar bilan jihozlandi.
Darvoqe, yurtimizda futbol sportiga e’tibor katta. Xususan, Ravshan Ermatov nomidagi futbol akademiyasi qurilishi bo‘yicha ham samarali ҳаракатлар boshlangan. Shuni alohida qayd etish joiz, 2023 yil tibbiyot sohasida ham yangi qurilishlar yili bo‘ldi. Ko‘plab tibbiyot muassasalari qurib foydalanishga topshirildi. Xususan, Buxoroda Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining yangi binosi bugun talabalar ixtiyorida. Ushbu ta’lim maskani o‘tgan asrning 50-60 yillarida qurilgan. Binolari tarqoq joylashgan edi. Investitsiya dasturi doirasida shahar chekkasida institut uchun yangi majmua qurilib, joriy yil may oyida foydalanishga topshirildi. Majmua 900 o‘rinli o‘quv binosi, 200 o‘rinli klinika, simulyatsiya o‘quv markazi, sport zali, 1 ming 200 o‘rinli talabalar yotoqxonalari, oshxonani o‘z ichiga olgan hamda yaxlit joylashgan. Bu yerda shuningdek, Fanlar akademiyasi Immunologiya va inson genomikasi instituti filiali ham tashkil etilgan.
Yashnobod tumanida ikkita yirik shifo maskani – Milliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazi barpo etildi. Shifo maskani hududi to‘rt gektardan ortadi. Jami bir yarim ming kvadrat metr maydonga ega yettita bino barpo etilgan. Qurilish va jihozlashda xorijning ilg‘or tajribasiga tayanilgan. Shu bois arxitekturasi mukammal. Shoshilinch yordam, reanimatsiya, infeksiyali holatlar – barchasi inobatga olingan.
– Iqtisodiyot ob’ektlari ham qurib foydalanishga topshirildimi?
– Poytaxtimiz markazi “Tashkent City” hududi chin ma’noda megapolisga aylandi. Osmono‘par “Nest One” biznes va turar joy binosi, anjumanlar markazi, "Hilton" mehmonxonasi va uning yonida joylashgan konsertlar hamda opera tomoshalari uchun 150 o‘rinli madaniyat maskani barpo etildi. Hududdan ATB “Sanoatqurilishbank”, “Aloqabank” va “Asaka” banklarining premium ofislari joy oldi. Balandligi 33 qavatli, maydoni 81 ming kvadrat metr bo‘lgan “Sanoatqurilishbank” ofisining tom qismida vertolyot maydonchasi o‘rnatilgan bo‘lsa, 80 ming kvadrat metr maydonga ega 26 qavatli “Aloqabank” binosining loyiha qiymati 100 mln. dollarni tashkil etadi. 64 ming kvadrat metr maydonga ega “Asaka” bank ofisining 26 qavatli binosi esa ulug‘vor kompozitsiyani mukammal to‘ldira olgan. Shuningdek, poytaxtimizda bunyod etilgan Xalq bankining yangi bosh binosi ham shahrimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shdi.
– 2023 yilda mamlakatimizda qancha turizm, ko‘ngilochar maskan va xiyobonlar barpo etildi?
– G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i ham 2023 yilda butkul yangicha qiyofaga kirdi. O‘tgan vaqtda 12 million dollarlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, sharoitlar yaxshilandi. 43 ta yangi attraksion o‘rnatilib, uch yuzdan ziyod ish o‘rni yaratildi. Ilgari bog‘ga kuniga 30 ming atrofida mehmon kelgan bo‘lsa, rekonstruksiyadan so‘ng o‘rtacha 60 ming kishi tashrif buyurmoqda. Poytaxtimizdagi aksariyat ko‘chalar xususan, Botir Zokirov hamda Alisher Navoiy ko‘chalari, shuningdek, Nukus ko‘chalari ham bugun o‘zgacha fusunkorlik kasb etmoqda. Prezidentimizning 2021 yil 6 apreldagi farmoniga asosan “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun turistik zona hududidan 2007 gektar, shundan turistik zonada infratuzilma ob’ektlarini qurish uchun 700 gektar yer maydoni ajratildi. Avstriyaning loyihalashtirish konsalting kompaniyasi bilan imzolangan shartnomaga muvofiq hamkorlikda muayyan ishlar olib borildi. “Zomin” turistik-rekreatsion zonasining bosh rejasiga muvofiq hududda dastlabki qiymati 2,8 trillion so‘m bo‘lgan anjumanlar saroyi, oilaviy ko‘ngilochar markazi, 4 ta to‘rt yulduzli, 7 ta uch yulduzli mehmonxona, 5 ta zamonaviy dor yo‘llari, 6 ta apartament uylar, 7 ta restoran va kafelar, 8 kilometrli tog‘ chang‘i uchish trassasi, 13 ta attraksionlar qurilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda “Suffa” platosida tijorat banklarining mablag‘lari hisobidan 3 ta zamonaviy 360 o‘rinli mehmonxonaning qurilish ishlari yakunlandi. “Zomin” osma dor yo‘lining uzunligi 2 640 metr bo‘lib, 12 minorali 11 ustundan tashkil topgan.
– Transport logistikasida amalga oshirilgan qurilish bunyod korlik ishlari to‘g‘risida ham ma’lumot bersangiz.
– 2023 yil poytaxtda jamoat transporti tizimida ham katta voqelik bo‘ldi. Gap shundaki, metroning “Do‘stlik” (sobiq “Chkalov”) bekatidan Qo‘yliq mavzesigacha bo‘lgan yerusti metro liniyasining birinchi bosqichi 2020 yil avgust oyida ishga tushirilgan edi. O‘sha yilning dekabr oyida Chilonzor liniyasining davomi bo‘lgan Sergeli filiali ochildi. Hozirda loyihaning ikkinchi bosqichi yakunlandi – “O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi” deb nomlangan yerusti liniyasi Sergeli filiali bilan bog‘landi. Mazkur ikkinchi bosqich doirasida 12 kilometr estakada yo‘li va 7 ta bekat barpo etilgan.
2021-2025 yillarda qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish va innovatsion rivojlantirish bo‘yicha strategiya va yo‘l xaritasi tasdiqlandi. O‘tgan olti yil davomida shahar va qishloq aholi punktlari bo‘yicha jami 1370 ta shaharsozlik hujjatlari, jumladan 202 ta shahar va shaharchalarning bosh rejasi va 1 ming 168 ta qishloq mahalla fuqarolar yig‘inining bosh rejasi bilan birgalikda batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida jami 1 ming 944 ta mahallaning bosh reja sxemalari tayyorlandi. Darvoqe, 2023 yilda yana 225 ta shaharsozlik hujjatlari, jumladan, 11 ta shahar va 50 ta shaharchalar bosh rejalari, 42 ta hududning master rejasi hamda 122 ta qishloqning bosh rejalarini tayyorlash bo‘yicha harakatlar davom ettirilmoqda.
Ayti texnologiyalari boshqa sohalar qatori qurilish industriyasiga ham jadal kirib boryapti. Bugungi kunda vazirlikning raqamlashtirish yo‘nalishidagi ishlari takomillashdi. Faoliyatda 15 ta axborot tizimi joriy etildi.
Sohada “Qurilish nazorati” axborot tizimi joriy qilinib, nazorat jarayonlari avtomatlashtirilgani ham ayni muddao bo‘lmoqda. Binobarin, ushbu tizim orqali 2022 yilda 30 mingdan ortiq ob’ekt nazoratga olindi. Byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish maqsadida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidan tashqari bir qator elektron onlayn platformalar ham ishga tushirildi. “Qurilish sifati nazorati”, “Loyiha-smeta hujjatlari ekspertizasi”, “Maqsadli dasturlar monitoring tizimi”, “Ogoh fuqaro”, “Geoportal”, “Qurilish materiallari klassifikatori” tizimlari shular sirasidandir.
Qurilish materiallarini ishlab chiqarish, mahalliylashtirish, yangi energotejamkor yashil texnologiyalarga asoslangan korxonalar qurilishida ham 2023 yil sermahsul bo‘ldi. Sohaga bozor tamoyillari joriy qilingani natijasida yuzlab xususiy buyurtmachi kompaniyalar shakllandi. Yig‘ma temir-betonli ko‘p qavatli uylar quruvchi 11 ta yirik klaster paydo bo‘ldi. Tadbirkorlarga sharoit yaratilgani tufayli sement, gazoblok, kafel, keramogranit ishlab chiqarish ko‘payib, ularning narxi 2016 yilga nisbatan teng barobarga arzonlashdi. Tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2023 yil yakuniga qadar sohada ishlab chiqarish hajmi 34,2 trln. so‘mni, o‘sish surati esa 111,5 foizni tashkil etishi reja qilingan. Sohaning mamlakat sanoatidagi ulushi 5,9 foizni tashkil etadi.
Qurilish materiallari haqida so‘z borar ekan, shu yilning yirik loyihalaridan biri gazoblok ishlab chiqaruvchi yirik korxona faoliyati haqida so‘z aytmaslikning iloji yo‘q. Germaniyalik hamkorlar bilan tashkil etilgan korxona mahsulotlari to‘liq mahalliylashtirilgan. Korxona yiliga 450 ming metr kub gazobeton ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Hozirda bu yerda 150 nafardan ortiq yoshlar mehnat qilmoqda.
O‘zbekistonning 32 yillik tarixida birinchi marta namunaviy, jahon standartlarga mos “Yangi Toshkent” mega loyihasi davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘zlab amalga oshirgan yana bir muhim tashabbusi bilan shahardan tashqarida, zamonaviy arxitektura yutuqlari asosida yangi markaz qurishga start berildi.
Ushbu ulkan loyiha uchun Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19 ming 720 gektar yer tanlab olingan. Birinchi bosqichda 2,5 ming gektarda 100 ming aholi uchun uy-joylar va infratuzilma ob’ektlarini qurish rejalashtirilgan. Direksiya tomonidan yetakchi xorijiy kompaniyalar jalb etilib, rivojlangan mamlakatlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan amaliyotlar asosida Bosh reja, tarmoq rejalari va manzilli dasturlar ishlab chiqilmoqda. Loyihada yashillik, qulaylik va tejamkorlikka alohida e’tibor qaratilgan, faol iqtisodiyot va ijtimoiy hayot uyg‘unlashtirilgan, transport tarmoqlari poytaxtimiz bilan oqilona bog‘langan.
Umuman aytganda, Yangi Toshkentning “aqlli” va “bog‘ shahar” bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Ma’muriy markazda davlat idoralari, Yangi O‘zbekiston universiteti, kutubxona, tarix muzeyi, madaniyat saroylari joylashadi. Shuningdek, shaharda ishbilarmonlik va innovatsiya tumanlari, ta’lim, tibbiyot va turizm klasterlari bo‘ladi. 420 gektar maydonda markaziy bog‘, mavzelar orasida sun’iy kanal va ko‘llar, Chirchiq va Qorasuv daryolari bo‘yida sayilgohlar tashkil qilinib, odamlarning dam olishi uchun so‘lim sharoitlar yaratiladi. “Toshkentning yashil belbog‘i” loyihasi shu joydan boshlanadi. Bu komponentlar loyihasi Singapur, Angliya, Xitoy, Germaniya, Turkiya, Niderlandiya, Janubiy Koreya, BAA kabi davlatlarning 20 ta ilg‘or kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistonda qurilish sohasida olib borilayotgan ishlar, xizmatlar nafaqat milliy iqtisodiyotni mustahkamlovchi tayanch nuqta sifatida, balki ijtimoiy yo‘nalishdagi dolzarb vazifalarga yechim topishda muhim vosita bo‘layotgani e’tiborga molikdir. Ya’ni qurilishlar Yangi O‘zbekistonda yangicha hayot tarzini yuzaga chiqarmoqda.
Shahnoza Mamaturopova suhbatlashdi, O‘zA