O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 27 martda “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Mazkur qarorga muvofiq, Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash” loyihasi amalga oshirila boshlandi.
Loyiha doirasida mamlakatimizda keng ko‘lamli ekologik va o‘rmon meliorativ ishlari olib borilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi — o‘rmon maydonlarini tiklash, yangi o‘rmonzorlar barpo qilish, degradatsiyaga uchragan yaylovzorlarni tiklash, o‘rmon hududlarni barqaror holga keltirish hamda aholi ishtirokida ekologik muvozanatni yaxshilashdan iborat.

E’tiborli jihati shundaki, ekologik tasniflash faqat alohida hududlarga emas, balki butun landshaft darajasidagi yondashuvga asoslangan. Ya’ni tabiiy hududlar, agro‘rmonchilik, suv resurslari va atrof-muhit umumiy ekotizim landshaftlari sifatida o‘rganiladi.
Bu yondashuv orqali tuproq va shamol eroziyasi, suv toshqinlari va iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’sirini kamaytirishda muhim ahamiyatga ega.

Xususan, Jizzax viloyatining Zomin, Baxmal, Forish, G‘allaorol va boshqa tumanlarida qator yo‘nalishlarda amaliy ishlar olib borilmoqda. O‘rmonzorlarning tabiiy tiklanishiga ko‘maklashish, suv tejash va eroziyaga qarshi kurashish, agro‘rmonchilik tadbirlarini amalga oshirish, ekoturizmni rivojlantirish shular jumlasidandir.
Mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha ekologik baholashlar o‘tkazilib, tegishli maydonlarga maxsus belgilovchi qoziqlar o‘rnatilyapti.

Loyiha “Yashilloyiha” instituti tomonidan xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, ROAM metodologiyasi hamda uch tomonlama tahlil (biofizik, iqtisodiy va ijtimoiy) usuli qo‘llanilmoqda.
Zomin milliy tabiat bog‘i loyiha amalga oshirilayotgan markaziy hududlardan biri sanaladi. 1976 yilda tashkil etilgan ushbu bog‘ 23 ming 775 gektar maydonni qamrab olgan. Bu yerda o‘rmon turlari, yoshi va bioxilma-xilligi aniqlanib, ma’lumotlar raqamli platformaga joylashtirilmoqda.

Ushbu jarayonda tabiiy resurslarni muhofaza qilish bilan birga, ulardan oqilona foydalanishga ham e’tibor qaratilmoqda. Kompleks yondashuv asosida har bir hududning xususiyatlari inobatga olinib, suv manbalari chuqur o‘rganilyapti. Bu ma’lumotlar kelgusidagi irrigatsiya tizimlarini rejalashtirishda muhim o‘rin tutadi.
Shu bilan birga, o‘tkazilayotgan tadqiqotlar ta’lim va turizm salohiyatini ham rivojlantirishga xizmat qiladi.
B.XUDOYBERDIEV, O‘zA muxbiri