Ilk marotaba ixtiro qilingan «Quvatin» preparati bir paytlar Rossiya, O‘zbekiston va butun MDH davlatlari uchun katta yangilik bo‘lgan. Bugun esa bu ixtiro shunchaki xor bo‘lib yotibdi.
Olimlar kashfiyot qilayapti, olimlar ixtirolar qilmoqda, yangiliklar yaratmoqda. Ammo, bu ixtirolar e’tiborsiz qolib ketmayaptimi?
Olimlarning tashvishlarini, muammolarini kimdir eshitayaptimi?
Bugungi ko‘tarayotgan mavzuimiz o‘zbek olimlari va ularning ixtirolari haqida.
***
“... o‘zbekistonlik olima «Noglyukin» va «Quvatin» nomli preparatlarni pilladan yaratdi. Bu juda ham muhim bo‘lgan ilmiy kashfiyot. O‘z vaqtida ham zo‘r kashfiyot deyilgan, ilmiy tasdiqlangan. Nega bu yangilik bugun xor bo‘lib yotibdi?”
Tabib, olima, Xalq tabobati assotsiatsiyasi a’zosi Rahima Ochilova 2000 yilda «Al-Hakim» ilmiy ishlab chiqarish markaziga asos soladi. Ushbu markazda ishlab chiqilgan «Noglyukin» va «Quvatin» biologik faol qo‘shimchalar (BFQ)ning xususiyatlari juda tez tilga tushadi va ko‘plab miqdorda sotilib, katta daromad olinadi.
2006 yilda tabib ushbu ilmiy ishlab chiqarish markazi faoliyatini to‘xtatib, tabiiy dori vositalari hamda BFQlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «BIO-FARM HAKIM» MCHJni tashkil etadi.
Buxorolik olimaning tabobat yo‘nalishida olib borayotgan tadqiqotlaridan xabar topganlar uni O‘simlik moddalari kimyosi institutiga taklif qiladi. Bu taklif esa tabibning hayoti va ilm yo‘lida tub burilishlar yasalishiga, shu bilan birga, uning ko‘plab olimlar va akademiklar davrasiga kirishiga turtki bo‘ladi. Pirovardida, institutda ham mavjud texnologiyalardan foydalangan holda olima muallifligidagi tadqiqotlar ortidan salmoqli natijalarga erishiladi.
Ma’lumot o‘rnida: bugungi kunda u ishlab chiqqan ixtirolardan Xitoy, Rossiya, Misr kabi davlatlarda foydalanib kelinmoqda.
Ixtirolarning ahamiyati nimada?
«Noglyukin» va «Quvatin». Ushbu preparatlar oddiy pilla ipagidan olinadi. Pilla ipagi 17 turdagi aminokislotalar, turli mikroelementlar, yog‘lar va inson tanasining to‘liq faoliyat yuritishi uchun zarur bo‘lgan boshqa moddalar manbaidir.
Ipak asosan to‘qimachilik sanoatida qo‘llaniladi, ayni paytda undan ikki yuz turdan ortiq ichimlik va damlamalar, turli dori vositalari tayyorlanadi.
Bugungi kunda tabiat in’omlari orqali davolash bo‘yicha katta tajribaga ega – Yaponiya, Xitoy kabi mamlakatlar ham ipak qurtining shifobaxsh xususiyatlarini yuqori baholashmoqda. Qolaversa, bu mamlakatlarda ipak qurtidan dori preparatlarini tayyorlash bo‘yicha ham yaxshi natijalarga erishilmoqda. Ammo tabib Rahima Ochilova tadqiqotlari davomida biroz farqli o‘laroq, preparatlarni asosan pilla ipagidan oladi. Ya’ni, «Noglyukin» va «Quvatin» hamda shu kabi o‘nlab preparatlar asosan pilla ipagidan, ikki xil texnologik usulda olinib, ishlab chiqilgan.
«Quvatin» tarkibida tabiiy protein moddasi borligi uchun sportchilar, og‘ir jismoniy harakat bilan shug‘ullanuvchilarga tavsiya etiladi. Shu bois o‘zida o‘n sakkizta foydali aminokislotalarni jam qilgan «Quvatin» 2012 yilda Londondagi yozgi Olimpiya va XIV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish davrida O‘zbekiston terma jamoalari sportchilarining foydalanishi uchun tasdiqlangan preparatlar ro‘yxatiga kiritilgan.
«Quvatin» shuningdek, magniy, kalsiy, temir, marganets, rux, natriy kabi mikroelementlarga boy bo‘lib, asosan, stenokardiya, kamqonlik, kuchsiz immunitet, nevroz, stress, oliguriya, anureya bilan kechib boradigan buyrak faoliyatining buzilishi, jigar og‘ir xastaliklari, bolalarda kuchsiz immunitet oqibatida tez-tez kasallanish, jinsiy bezlar muammolari, quvvatsizlik va sil kasalliklarida qo‘llanilishi tavsiya etiladi.
Tarkibi o‘rtacha ko‘rsatkichda 77,5 foiz tabiiy peptit, polipeptit va nol peptitlar, ya’ni tabiiy oqsildan iborat «Noglyukin» preparati esa o‘zida 16 ta aminokislotalarni, magniy, kalsiy, temir, marganets, natriy, kaliy, rux kabi mikro va makroelementlar hamda yog‘ kislotalarini jamlagan. Asosan, modda almashinuvining buzilishi oqibatida kelib chiqadigan kasalliklar, yosh bolalar organizmining o‘sishi va rivojlanishidagi muammolar, pankreatit, qandli diabet, anemiya, kuchsiz immunitet, intensiv jismoniy harakat natijasida organizmning toliqishi, jinsiy bezlar muammolari, bo‘qoq bezi funksiyasining buzilishi, leykopeniya, gipotrofiya, semirish, parodontoz va sil kasalliklarida qo‘llaniladi. Klinik sinovlar va tadqiqotlar davomida qarshi ko‘rsatmalar aniqlanmagan.
«Noglyukin» va «Quvatin»larning patentlangani va o‘z muqobillaridan farqli o‘laroq, dori vositasi sifatida qo‘llash mumkinligiga qaramay, nega BFQ sifatida ishlab chiqarildi?
Rahima OCHILOVA:
— 2001 yilda Sog‘liqni saqlash vazirligiga men ishlaydigan O‘simlik moddalari kimyosi institutining direktori, professor — Husniddin Shohidoyatov, Sog‘liqni saqlash vaziri Feruz G‘afurovich (sobiq), hamda «Quvatin» va «Noglyukin»ni sichqonlarda sinab ko‘rgan, O‘simlik moddalari kimyosi institutining farmakologiya laboratoriyasi mudiri — Vladimir Sыrov, Fanlar akademiyasi prezidenti To‘xtamurod Jo‘rayevich, “Farmakologiya va toksikologiya”dagi bir guruh olimlar yig‘ildik va “Bu preparatni nima qilamiz” degan savol o‘rtaga tashlandi.
Chunki, ilk marotaba ixtiro qilingan «Quvatin» preparati o‘sha paytlarda Rossiya, O‘zbekiston va butun MDH davlatlari uchun katta yangilik edi.
O‘shanda Feruz G‘afurovich, «Quvatin» va «Noglyukin»ni dori emas, biologik aktiv qo‘shimcha qilib chiqaraylik. Ya’ni oziq-ovqat qo‘shimchasiga yordam sifatida... chunki tarkibi 18 ta aminokislota, bu juda katta ko‘rsatkich va O‘zbekistonda birinchi marta BFQ ixtiro qilgan olima siz bo‘lasiz” dedilar. Men bunga rozi bo‘ldim va shu sababli «Quvatin» preparati BFQ sifatida nomlanib qoldi.
Bizga taqdim etilgan hujjatlarda «Noglyukin» va «Quvatin» «Endokrinologiya», «Pulmonologiya» ilmiy tekshirish institutlarida, «Quvatin»ning o‘zi esa O‘FA, O‘simlik moddalari kimyosi instituti, «Kardiologiya» ilmiy tekshirish instituti hamda Rossiyaning bir qancha nufuzli ilmiy tekshirish institutlarida sinovdan o‘tkazilganini tasdiqlaydi.
Tabibning bu yo‘nalishda ko‘plab ilmiy maqolalari, shuningdek, Rossiyaning «Vestnik» jurnalida e’lon qilingan. Olima 2014 yilda Misr davlatida ham o‘z ixtirolari taqdimotini o‘tkazib, hamkorlik kelishuv memorandumini imzolab qaytgan.
Biz ushbu ma’lumotlarni to‘plash davomida, olimaning ixtirolaridan xabari bo‘lgan va ushbu ixtirolarni ishlab chiqish, ularni sinovdan o‘tkazishga bosh qosh bo‘lgan professorlarning bir nechtasi bilan bog‘landik.
Zarifboy Ibodullayev (professor):
– Olimning vazifasi ixtiro qilish, davlatning vazifasi o‘sha yaratilgan ixtironi xalqqa yetkazish, uni amaliyotga tatbiq etish. Qaysi davlat “olg‘ir” bo‘lsa, olimning ixtirosi darhol ularga o‘tib ketadi. Agar olimning qo‘lida mablag‘ bo‘lmasa, yaratgan ixtirosi qo‘llab-quvvatlanmasa, nazariya va amaliyot bilan birlashmas ekan, olimning ixtirosi befoyda bo‘lib qolaveradi.
Professor Rahima Ochilovaning ixtirolari yaratilganiga 10 – 15 yillar o‘tgan bo‘lsa-da, hamon xalqqa yetib bora olmayotgani haqida achinib gapiradi:
– O‘sha mashhur “insulin”ni yaratgan olimlar Nobel mukofotini olishgan. O‘zbekistonlik olima esa «Noglyukin» va «Quvatin» nomli preparatlarni pilladan yaratdi. O‘zbekiston – pilla ko‘p yetishtiriladigan davlat. Bu juda ham muhim bo‘lgan ilmiy kashfiyot. O‘z vaqtida ham zo‘r kashfiyot deyilgan, ilmiy tasdiqlangan. Nega bu yangilik bugun xor bo‘lib yotibdi? Bunga davlat e’tibor qaratishi kerak! Ushbu ikki preparatni o‘zimizda ishlab chiqarishni boshlash kerak! Bu doridan bexabar ishbilarmon investorlar ushbu xayrli ishga qo‘l ursa, yaxshi bo‘lardi. Yoki biz ushbu taklif bilan Fransiya, Germaniya yoki Yaponiya olimlariga murojaat qilamiz. O‘ttiz uch yillik shifokorlik va tibbiy-pedagogik stajga ega olim sifatida ayta olamanki, bu preparatlar qandli diabetdan, shuningdek, nevrologik kasalliklardan aziyat chekayotgan bemorlar uchun samarali.
Professor shuningdek, shaxsan o‘zi ham ushbu ikki preparatlarni bir qancha bemorlarni davolashda sinab ko‘rib, yaxshi natijalarga guvoh bo‘lganini ta’kidladi.
«Noglyukin» va «Quvatin» — bu ixtirolar o‘z shifobaxshlik xususiyatlari bilan juda qimmat turadi. Ularni amaliyotga tatbiq etish uchun esa ayni paytda tabibga moliyaviy ko‘mak va hukumat himoyasi zarur.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/qR2tbGLmiDM" title="Oʻzbekistonda olimlarga eʼtibor bormi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Emshirzayeva, D.Yakubov (video), O‘zA