Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda bir qator muhim takliflarni ilgari surdi.
Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan Konstitutsiyaga «O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi», degan muhim normani kiritishni taklif qildi.
Shu o‘rinda ko‘pchilikda «bizda shundoq ham o‘lim jazosi bekor qilingan-ku, nega endi o‘lim jazosini man etish haqidagi qoidani Konstitutsiyaga kiritish kerak», degan savol tug‘ilishi mumkin. Gap shundaki, o‘lim jazosining man etilishi oddiy qoida emas. Bu insonning hayotiga, uning yashash huquqini so‘zsiz kafolatlashga oid eng muhim qoida hisoblanadi va bu qoida, ya’ni insonning yashash huquqi kafolatlari, albatta, Konstitutsiya bilan mustahkamlanishi kerak.
Yurtimizda sud-huquq tizimini isloh qilishning eng muhim vazifasi jinoyat, jinoyat-protsessual qonun hujjatlari, jinoiy jazo tizimini izchillik bilan bosqichma-bosqich liberallashtirish hisoblanadi.
O‘tgan yillar mobaynida jinoiy jazolar tubdan liberallashtirildi. Jazoning asosiy maqsadi jazolash emas, balki shaxsni tuzatish ekani belgilandi, iqtisodiy jinoyatlar uchun zarar qoplangan taqdirda ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lgan jazolar qo‘llanmaydigan bo‘ldi, mol-mulkni musodara qilish, qamoq va o‘lim jazolari Jinoyat kodeksidan chiqarib tashlandi. Shuningdek, agar odam o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqmagan bo‘lsa, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxslarga nisbatan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jazo tayinlanmaydigan bo‘ldi.
O‘ta og‘ir jinoyatlar jumlasiga kiritilgan jinoyatlar ro‘yxati keskin kamaytirildi, sodir etilgan jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan muqobil jazo turlari kengaytirildi, yarashuv instituti joriy etildi. Jinoiy jazolar tizimini liberallashtirishga qaratilgan boshqa bir qancha dasturiy chora-tadbirlar qabul qilindi.
Jinoiy jazolarni liberallashtirishda jazoning og‘irligi emas, balki javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanishiga alohida e’tibor berildi.
Jinoiy jazolarning liberallashtirilishida shubhasiz, o‘lim jazosining bekor qilinishi alohida ahamiyatga ega.
O‘tgan mustaqillik yillari mobaynida o‘lim jazosini qo‘llash sohasi bosqichma-bosqich kamaytirib borildi.U paytda jinoyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari o‘lim jazosini nazarda tutuvchi 30 dan ortiq moddalardan iborat edi.
O‘zbekiston Respublikasining 1994 yilgi Jinoyat kodeksida bunday moddalar soni 13, 1998 yilda 8, 2001 yilda esa 4 tagacha kamaytirildi. 2003 yilda jinoyat qonunchiligini liberallashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgandan so‘ng, faqat ikki turdagi jinoyat javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish va terrorizm jinoyatlarini sodir etganlik uchun o‘lim jazosi nazarda tutilgan edi.
Davlatimizning jinoyatga oid siyosati o‘lim jazosini qo‘llashga nisbatan dunyo miqyosida kechayotgan tendensiyalarga to‘la mos keladi hamda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida e’lon qilingan insonparvarlik va odillik tamoyillarini izchil ifoda etadi.
Ayni vaqtda mamlakatda inson qadrini ulug‘lash, sud-huquq tizimida amalga oshirilgan liberallashtirish jarayonlarini ortga qaytmaydigan bosqichga olib chiqish zarurati o‘lim jazosini man etishga oid normani Asosiy qonunda belgilab qo‘yishni taqozo qilmoqda.
Chunki so‘nggi vaqtlarda ayrim fuqarolar tomonidan o‘lim jazosini qaytarish haqida takliflar bildirilmoqda. Albatta, har kimning takliflari hurmat qilinadi. Ammo bu taklif mamlakatimizda inson qadri uchun amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatiga mos kelmaydi. Qolaversa, Yaratgan bergan in’omni faqat Yaratgan qaytarib olishi mumkin. Mamlakatimizda o‘lim jazosi bekor qilingani va qo‘llanmasligini endi Konstitutsiya darajasida belgilash biz insonparvarlik nuqtai nazaridan eng to‘g‘ri yo‘lda ekanimizning isbotidir.
Farhod PRIMOV,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent