1 dekabr kuni barcha mamlakatlarda Butunjahon OITS ga qarshi kurashish kuni nishonlanadi. JST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda taxminan 39 million bemor bu kasallik bilan kasallangan. Ularning soni har yili 1,5 millionga oshmoqda. Har yili bu kasallik 600 mingdan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘lmoqda. Xalqaro tashkilotlar OIVning tarqalishi taraqqiyot yo‘lidagi asosiy muammo bo‘lib qolayotganini e’tirof etmoqda.
O‘z salomatlatligimizga g‘amxo‘rlik qilish, gigiyenaga rioya qilish va OIV infeksiyasini o‘z vaqtida davolash muhimligini jamiyatimizga yana bir bor eslatish maqsadida Respublika OITS ga qarshi kurashish markazi infeksionist shifokori Aleksandr Safiullin bilan suhatlashdik.
-Aleksandr Iosifovich, bugungi kunda O‘zbekistonda OIV haqida nima deyish mumkin va OITS ga qarshi kurashish markazi 2023 yilda qanday natijalarga erishdi?
-O‘zbekistonda ham OIV infeksiyasining rivojlanishi yaqin qo‘shni mamlakatlardagi kabi kechmoqda. Biz kasallikni aniqlash bo‘yicha test o‘tkazishni o‘tgan yilga nisbatan 7,5 barobarga oshirdik. Kasallikni aniqlash hollari taxminan 20 foizga kamaydi va bu OIV infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha barcha mexanizmlar ishlayotganini ko‘rsatadi.
OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha 5 yillik dastur qabul qilindi. Prezidentimiz tomonidan 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan dastur shular jumlasidandir va uni moliyalashtirish ishlari boshlandi. OIV infeksiyasini samarali aniqlashda skrining ishlari yaxshi yordam bermoqda. Bugungi kunda bizning bir necha mobil komplekslarimiz respublikamiz bo‘ylab harakatlanib, infeksiyani aniqlash ishlarini amalga oshirmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, raqamlashtirishni amalga oshirish kerak, bu bizga katta yordam beradi.
- OIV qanday yo‘llar orqali yuqadi?
- Ilgari OIV infeksiyasi giyohvand moddalar qabul qilgan odamlarda aniqlangan bo‘lsa, hozirda u ko‘pincha migrantlarda uchramoqda. Biz chet eldan kelayotgan migrantlarni nazorat qilishni kuchaytirdik. Kasallik faqat qon, jinsiy yo‘l bilan, limfa va ko‘krak suti orqali o‘tadi. Shu bois, ustara, tish cho‘tkasi kabi gigiyenik vositalar shaxsiy bo‘lishi kerak. OIV infeksiyasi havo-tomchi yo‘llari orqali yuqmaydi.
- OIV OITS dan qanday farq qiladi?
- OITS OIV infeksiyasining so‘nggi bosqichidir. Bu to‘rtinchi bosqich bo‘lib, unga boshqa infeksiyalar ham qo‘shiladi. Bu boisqichda tana juda ozib ketadi va bemorning oldingi holatini tiklash imkonsiz bo‘lib qoladi.
- Odamda OIV/OITS borligi qanday aniqlanadi?
- OIV infeksiyasi bo‘yicha test o‘tkazish bir necha bosqichlarda amalga oshiriladi. Dastlab immunoferment tahlilidan va infeksiya aniqlanganidan so‘ng, komissiya testini o‘tkazamiz. Agar immunoferment tahlili musbat (ijobiy) chiqsa, shu qon immunobloting orqali yana tekshiriladi.
-OIV bilan kasallangan bemorlar sog‘lom odamlardek ko‘p yashashadi, degan gap rostmi?
- Dori vositalarini o‘z vaqtida va to‘g‘ri qabul qilgan deyarli barcha bemorlarda virusning ta’siri kamayadi. Ishonmaysiz, ba’zan ularning immuniteti sog‘lom odamnikidan ham yaxshi bo‘ladi. Men buni yutug‘imiz deb bilaman. Davolashni o‘zboshimchalik bilan to‘xtatish virusning rivojlanishiga olib keladi. Uning ma’lum sxemaga bo‘lgan ta’sirchanligi kamayadi, shu bois, biz boshqa bayonnomaga ko‘ra, boshqa davo choralarini ko‘rishga majbur bo‘lamiz.
-OIV infeksiyasiga chalingan bemorlar qanday davolanadi?
- OIV ni davolash bu antiretrovirus (ARVT) terapiyadir. Biz Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida ishlaymiz. Ularning bayonnomallari 2-3 yilga beriladi, keyin esa yangilanadi. O‘zbekistonda qariyb 15 ta davo sxemalari mavjud. JST terapiyaning uchta komponentiga asoslangan davolash samaradorligini tan oldi. Bemorlar umrining oxirigacha dori iste’mol qilishlari kerak. Bolalar uchun sirop ko‘rinishidagi dori vositalari bor. Terapiya boshlanganidan keyin 3-6 oy davomida bemorlarning holatini kuzatib boramiz, bu vaqtda virusning ta’siri kamida yarmiga kamayishi, eng yaxshi holatda esa test o‘tkazilganda aniqlanmaydigan darajada bo‘lishi kerak. Bu vaqtda virusning ta’siri kamaysa, dori vositasi samarali hisoblanadi va immunitet ko‘tarila boshlaydi.
OIV infeksiyasiga chalingan bemor har yili dispanserizatsiyadan o‘tadi.
- Qaysi xalqaro tashkilotlar OITS ga qarshi kurashishga ko‘maklashadi?
- Bu kasallikka qarshi yolg‘iz o‘zimiz kurasha olmaymiz. Hamkor tashkilotlar doimo bizga yordamga keladi. Global fond turli loyihalar, test o‘tkazish, dori vositalarini xarid qilish va yetkazib berishda bizga ko‘maklashadi. Fransiyaning “Chegara bilmas shifokorlar” tashkiloti antiretrovirus terapiyasi, turli opportunistik infeksiyalarini davolash turlarini ishlab chiqdi, bundan tashqari, B, C gepatitlarini test yordamida aniqlash, S gepatitini davolash, aniq tashhis qo‘yish uchun PZR yordamida diagnostika o‘tkazish bo‘yicha amaliy hamkorlarimiz bor. YUNEYDS tashkiloti dunyo miqyosida OIV infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha ish olib boradi, hamkorlarga hujjatlarni to‘g‘ri tuzish, rejalashtirishda yordam ko‘rsatadi. YUNISEF bolalar jamg‘armasi psixologik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bizga yordam ko‘rsatadi.
- Xorijiy mamlakatlar tajribasiga tayanib, OITS tarqalishining oldini olish bo‘yicha qanday usullarni qo‘llash mumkin?
- OIV infeksiyasi bu global muammo. U butun dunyoda tarqalgan kasallik. Biz Yevropa bayonnomasi asosida ish yuritamiz. Dori-darmonlarga kelsak, ularni qabul qilish osonroq bo‘lgan kombinatsion sxemalarimiz bor. Bu davo usullari O‘zbekiston fuqarolari uchun bepul, bundan tashqari, xorijiy fuqarolar jo‘nab ketishidan oldin O‘zbekiston Respublikasi hududidagi OITS markazlarida ro‘yxatdan o‘tganlaridan so‘ng, ularga bu davo choralarini taqdim etamiz. Hozir bizda “Kasallikning onadan bolaga o‘tishining oldini olish” nomli dastur amalga oshirilmoqda. Ro‘yxatga olingan ona antiretrovirus davolanishi kerak, shunda bachadonda bolaga infeksiyaning o‘tish xavfi nol darajagacha kamayadi.
- Jamiyat OIV infeksiyasiga chalingan bemorlarga qanday munosabatda bo‘lishi kerak?
- Bu kasallikka chalingan bemorlardan qo‘rqish kerak emas. Bu fuqarolar jamiyat uchun hech qanday biologik xavf tug‘dirmaydi. Biz hech kimni kamsitmaymiz. Markazimizda OIVga chalingan insonlar bilan birga yashayotgan mutaxassislar ham bor. Ish faoliyatimiz davomida hech birimiz OIV infeksiyasini yuqtirib olganimiz yo‘q.
O‘zA muxbiri Aziza Xalimova suhbatlashdi