O‘zbekistonda NNTlar qanday rivojlanmoqda?
Erkin fuqarolik jamiyatini shakllantirish, aholining huquqiy ongini oshirish yo‘lida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada aholining faolligi oshmoqda. Buni nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) soni yildan-yilga ortib borayotganida ko‘rish mumkin. bugungi kunda soni 10 mingdan oshgan bunday tuzilmalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ko‘lami ham oshdi.
Jumladan, NNTni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish muddatlari ikki oydan bir oyga qisqartirildi.
Joriy etilgan axborot tizimlari natijasida NNTlarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, ularning ramzlarini ro‘yxatdan o‘tkazish muddati ikki baravarga – 15 kungacha qisqartirtirildi.
Respublika NNTlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun undiriladigan davlat boji stavkalari BHMning 4 baravaridan 3 baravariga, viloyat NNTlari uchun – 2 baravaridan 1 baravariga pasaytirildi. Ularni tugatish yoki faoliyatini to‘xtatish faqat sud qarori asosida amalga oshiriladi.
NNTlar o‘z tadbirlari/dasturlarini o‘tkazish bo‘yicha xabardor qilish tartibiga o‘tganiga 4 yil bo‘ldi. Natijada ular o‘z faoliyatlarida haqiqatdan ham erkinlikni his qilmoqda.
NNTlarning moliyaviy erkinligi kengaytirildi. Endilikda ular bir kalendar yilidagi jami summasi bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha bo‘lgan pul mablag‘larini olishda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organni xabardor qilishi kifoya.
Xorijiy donorlardan pul mablag‘larini olish tartibi soddalashtirildi. NNTlar grant mablag‘larini istalgan banklardagi hisob raqamlariga qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Prezident farmoni bilan tasdiqlangan Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish natijasida 2021 yilda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash hajmi davlat tomonidan 2020 yilga nisbatan 2 baravarga oshirilib, 75,8 milliard so‘mga yetkazildi.
Adliya vazirligi tomonidan “Nodavlat notijorat tashkilotlari sohasidagi yangi tartiblar va o‘zgarishlar” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu haqda so‘z yuritildi.
2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga asosan 2025 yilda erishilishi lozim bo‘lgan ko‘rsatkich 2021 yilning o‘zida 20 foizga oshirib bajarildi. 150 nafar nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari uchun Davlat boshqaruvi akademiyasida malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun nodavlat notijorat tashkilotlariga byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan beriladigan davlat ijtimoiy buyurtmalarining 2021–2023 yillarga mo‘ljallangan rejalari tasdiqlanib, ular doirasida 50 dan ortiq ijtimoiy buyurtmalar bajariladi.
Nodavlat notijorat tashkilotlariga 2021 yilning o‘zida 11 mingdan ziyod davlat xizmatlari elektron shaklda ko‘rsatildi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik standarti (indeksi) ishlab chiqilib, Standart asosida yilning eng shaffof NNTlar top-20 taligi e’lon qilindi.
Shaffof xayriya va homiylik tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida “Shaffof xayriya” (shaffofxayriya.uz) portali ishga tushirildi.
Volontyorlik faoliyati hisobini olib borish va yo‘naltirish imkonini ta’minlovchi unions.uz yagona interaktiv portali ishga tushirildi.
Hududlarda “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari” tashkil etilib, 500 taga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlarining bino bilan bog‘liq muammolari hal etildi.
N.Abduraimova,
O‘zA