Yaqinda tanishim avtokreditga mashina oldi, hamkasbim ham ipoteka krediti asosida yangi uyli bo‘ldi. Qo‘shnim esa olgan muzlatgichining pulini bir yildan buyon to‘laydi.
Hayotiy ehtiyojlarimizni qondirish uchun kredit turlaridan foydalanish qulaylik yaratadi, ammo masalaning boshqa tomoni bor – olingan kreditni o‘z vaqtida to‘lay olyapmizmi?
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, bugungi kunda yurtdoshlarimiz banklardan 490 trillion so‘m qarzi bor. Trading Economics.som ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi kredit foizlari o‘rtacha 23,7 foizni tashkil etmoqda. Bu eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Misol uchun, Janubiy Koreyada 4,5 foiz, Buyuk Britaniyada 5,5 foiz bo‘lsa, xalqaro reytinglarda eng baxtli mamlakatlardan biri deb e’tirof etilgan Daniyada kredit foizi 3,75 foizni, Shvetsiyada 4,1 foizni Norvegiyada esa 5,5 foizni tashkil qilmoqda. Afrika mamlakatlarida kredit foizi bizdan ancha past
Jahon bankining 2023 yillik ko‘rsatkichlar bo‘yicha solishtiruvlariga ko‘ra, eng arzon kredit foiz stavkasi Yaponiyada bo‘lib, O‘zbekistondagidan 12 barobar arzon, ya’ni – 1,8 foiz. Undan keyingi o‘rinni Shveysariya egallagan – 2,9 foizni tashkil etadi
Yevropa mamlakatlarida Ukrainani hisobga olmaganda kredit stavkasi 3,5 foizdan boshlab 10 foizgacha, Rossiyada 11,6 foiz, Xitoyda 4,3 foiz, AQSHda 8,5 foiz, Kanadada 6,9 foizni tashkil qiladi. Markaziy Osiyo bo‘yicha eng arzon kredit stavkasi Turkmanistonga tegishli – 8,19 foiz (jismoniy shaxslar uchun, 2023 yilgi ma’lumot). O‘rtacha kredit stavkalari Qirg‘izistonda 19,1 foiz, Qozog‘istonda 18 foiz, Tojikistonda 23,5 foizga teng
O‘zbekistonda nega kredit foizlari yuqori? Mazkur savol bo‘yicha Toshkent kimyo xalqaro universiteti dotsenti, iqtisodchi Fozil Dodiyevga yuzlandik.
– O‘zbekiston tijorat banklaridagi kredit foiz stavkalari hamda Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasida tafovut katta. Qozog‘iston banklaridagi kreditning foiz stavkalari 8-9 foizni tashkil etsa, Rossiyada bu ko‘rsatkich 5 foiz. O‘zbekistonda o‘rtacha 21-49 foizni tashkil etmoqda. Buning sababi nimada?
– Hozir Rossiyada ham kreditlarning foiz stavkalari yuqori bo‘lib, aholiga 1 yilgacha muddatga beriladigan kreditlarning foiz stavkasi 26 foiz, 1 yildan ortiq muddatga esa 19,34 foiz, (MB asosiy stavkasi 18 foiz), 2023 yilda esa bu 19,53 foiz va 13,18 foiz (MB asosiy stavkasi 7,5 foiz) bo‘lgan. Qozog‘istonda kreditlar o‘rtacha foiz stavkasi 2022 yil 17,3 foiz, 2023 yilda esa 16,2 foiz bo‘lgan. O‘zbekistonda esa hozir kreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi 23,2 foiz, 49 foizgacha boradi.
Bunga sabab resurslar qiymati baland. Hozir aholi depozitlarining o‘rtacha foiz stavkasi 22 foiz, yuridik shaxslarniki 19,2 foizni tashkil qiladi. Kredit riski yuqori. Masalan, ishsiz aholiga riski yuqori bo‘lsa ham yuqori stavkada kredit berilyapti. Banklarning operatsion xarajatlari ham foiz bahosiga qo‘shiladi. Foyda marjasini qo‘shadi. Mamlakatda resurslar ko‘p bo‘lishi YAIM hajmiga, ayniqsa, jon boshiga to‘g‘ri keladigan miqdoriga bog‘liq.
2023 yilda O‘zbekistonda ushbu ko‘rsatkich 2 ming 435 dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, Rossiyada 14 ming 250 dollarni, Qozog‘istonda 13 ming 137 dollar, Turkmanistonda 9 ming 190 dollar, Yaponiyada 33 ming 835 dollar, AQSHda 81 ming 695 dollar, Xitoyda 12 ming 614 dollarni tashkil etadi.
– Dunyo mamlakatlarida bu borada vaziyat qanday? Kreditlar foiz stavkasi O‘zbekistonda ajratilayotgan kreditlardan qancha arzon?
– Dunyoda eng arzon kreditlar Peruda 0,8 foizni tashkil etadi. Yaponiyada esa 1,7 foiz. Yaponiyada ajratiladigan kreditlar foizi bizning kreditlardan 14 marta, Perudagi 29 marta arzon. Yevropa zonasida 5,2 foizni, Braziliyada juda yuqori 52,1 foizni tashkil qiladi. Kreditlar va depozitlarning foizi Markaziy bankning asosiy foiz stavkasiga bog‘liq. Hozirgi kunda O‘zbekistonda ushbu stavka 13,5 foizni tashkil qiladi. Hozir Rossiyada asosiy foiz stavkasi 18 foiz bo‘lib, bu 2023 yilda 7,5 foiz, 2024 yil yanvarda 16 foiz bo‘lgan.
– O‘zbekistonda kredit foizlari o‘n yil ichida qanday o‘zgardi? Buni aniq raqamlar misolida tahlil qilsangiz.
– Agar mamlakatimizda kreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi 2014 yilda 16,2 foiz bo‘lgan bo‘lgan bo‘lsa, 2019 yilda 24,8 foiz eng yuqoriga ko‘tarilgan. Undan keyin esa foiz stavkalari pasaya boshlagan, hozirgi vaqtda 23,2 foizni tashkil qiladi. Shu yerda qiziqarli holat yuz bermoqda, ya’ni inflyatsiya darajasi pasaymoqda. 2022 yila 12,3 foizdan 2023 yilda 8,8 foizga tushgan. Ammo foiz stavkalari tushmagan. Bunga sabablardan biri pul-kredit siyosatining transmission mexanizmi ishlamayapti. 2014 yilda 16,2 foiz, 2015 yilda 14,2 foiz, 2016 yilda 14,1 foiz, 2017 yilda 15 foiz, 2018 yilda 19,9 foiz, 2019 yilda 24,8 foiz, 2020 yilda 20,6 foiz, 2021 yilda 21,3 foiz, 2022 yilda 22,4 foiz, 2023 yilda 22,9 foizni tashkil etgan.
– Bugungi kunda yurtdoshlarimizning banklardan qancha qarzi bor? Pulni maqsadli ishlatish hadisini olmagan insonlar kredit olishga tayyormi?
–Markaziy bank taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda yurtdoshlarimizning banklardan 490 trillion so‘m, dollarga hisoblaganda 38,8 milliard dollar qarzi bor. Mamlakatimizda kredit foizlari yuqoriligining bir qancha sabablari bor. Ayni vaqtda yurtimizda inflyatsiya darajasi baland. Inflyatsiya darajasi baland bo‘lgan sharoitda tijorat banklari past foizli kredit bera olmaydi. Bundan tashqari, banklarda arzon resurs yo‘q. Bitta arzon resurs bu imtiyozli kredit. Uni davlat beradi. Bundan tashqari risk yuqori. Qanchadan-qancha imtiyozli kreditlar berildi. Bularni banklar qaytara olgani yo‘q. Buning ortidan juda katta qarzdorlik yuzaga keldi. Keyingi omillardan biri valyuta riski.
Ipoteka krediti ko‘pchilikni uy-joyli bo‘lish orzusiga yetkazish uchun eng qisqa va qulay yo‘ldir. Rivojlangan mamlakatlarda ipoteka iste’mol kreditlarining asosiy qismini tashkil etadi. Masalan, AQSHda ipoteka kreditlari iste’mol qarzining 70,2 foiziga teng. O‘zbekistonda ipoteka krediti jozibadorligi kamligi boisdan unchalik ommalashmayapti. Markaziy bank ham 2024 yilda ipoteka bozorida pasayish kuzatilganini qayd etdi. Birinchi yarim yillikda jami 6 trillion 883,9 milliard so‘mlik ipoteka krediti ajratilgan. 2023 yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 7,008 trillion so‘mni tashkil qilgan edi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Alg32UOm8jY?si=bp8uu9Jlz2K0VJXb" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA