* Qamoqxonada oilasi bilan yashayotgan mahbuslar bor, ular qanday shaxslar?
* Umrbod ozodlikdan mahrum qilinganlar qaysi kaloniyalarda saqlanadi?
* Qamoqdan yoki qo‘riqlov ostidagi saqlash joyidan qochishning jazosi nima?
Ijtimoiy tarmoqlarda qamoqxonadan qochgan shaxslar jinoyatga qo‘l urgani haqida xabar uchrab qoladi. Shunda nahotki qamoqxonadan qochish mumkin bo‘lsa, deb o‘ylab qolasan.
Xabarlarga aniqlik kiritish maqsadida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga murojaat qildik.
Departamentdan ma’lum qilishicha, so‘nggi besh yilda qamoq deb atash mumkin bo‘lgan jazoni ijro etish muassasalaridan birorta ham mahkum qochmagan.
Shu o‘rinda aniqlik kiritib o‘tish kerakki, bugungi kunda mamlakatimizda 54 ta jazoni ijro etish koloniyasi mavjud bo‘lsa, shundan 18 tasi yopiq turdagi, 25 tasi manzil koloniya va 11 tasi tergov hibsxonalari hisoblanadi.
O‘sha 18 ta yopiq turdagi koloniyaga ruxsatsiz kirish ham, chiqish ham mumkin emas va ular qat’iy qo‘riqlanadi. Ularni tom ma’nodagi qamoq deb atash mumkin va bu muassasalardan hech kim qochmagan.
Ayni paytda jazoni ijro etish tizimida 29 mingdan ortiq, shundan 7 mingdan ortig‘i manzil koloniyada, 22 mingdan ortiq mahkumlar boshqa turdagi koloniyalarda jazo muddatini o‘tamoqda.
Jinoyat ijroiya kodeksida qayd etilishicha, jazoni ijro etish muassasalari jumlasiga jazoni ijro etish koloniyalari, shu jumladan, davolash huquqi asosidagi koloniyalar, tarbiya koloniyalari, turmalar, mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonalar kiradi.
Tergov hibsxonalari ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan va xo‘jalik xizmatiga oid ishlarni bajarish uchun qoldirilgan shaxslarga nisbatan jazoni ijro etish muassasalari vazifasini bajaradi.
O‘z navbatida jazoni ijro etish koloniyalari manzil-koloniyalarga, umumiy, qattiq, maxsus tartibli koloniyalarga bo‘linadi hamda voyaga yetgan mahkumlarni saqlash uchun mo‘ljallangan.
Tarbiya koloniyalari esa voyaga yetmagan mahkumlarni saqlash uchun mo‘ljallangan.
Turmalar voyaga yetgan mahkumlarni saqlash uchun mo‘ljallangan.
Manzil-koloniyalarda mahkumlar soqchisiz, ammo nazorat ostida saqlanadi. Ular ertalab o‘rindan turishdan kechki yotishgacha bo‘lgan vaqt mobaynida koloniya hududi doirasida erkin yurish huquqidan foydalanadilar.
Agar ular bajarayotgan ish yoki olayotgan ta’lim taqozo etsa, ma’muriyatning ruxsati bilan koloniya hududidan tashqarida nazoratsiz yurishlari ham mumkin. Ular yopiq turdagi muassasalardagi kabi maxsus kiyimda emas, balki fuqarolar kiyadigan kiyimda yuradilar. Yonlarida pul va qimmatli buyumlar saqlashi, puldan cheklanmagan miqdorda foydalanishi mumkin. Cheklanmagan miqdorda telefon orqali so‘zlashish, posilka, yo‘qlov va banderollar olishlari hamda jo‘natishlari mumkin.
Manzil-koloniyalardagi mahkumlar cheklanmagan miqdorda uchrashuv olish huquqiga ega. Uchrashuvlar odatda ishdan bo‘sh vaqtda beriladi. Uchrashuv mahkumning iltimosiga binoan manzil-koloniya hududidan tashqarida o‘tkazilishi mumkin.
Bunday mahkumlar xonalarga bo‘lingan yotoqxonalarda yashaydi. Saqlash rejimini buzmagan, oilasi bor mahkumlarga muassasa boshlig‘i qaroriga binoan manzil-koloniya hududida yoki undan tashqarida oilasi bilan alohida yashashga ruxsat berilishi mumkin. Bunday shaxslar ichki tartib qoidalarida belgilab qo‘yilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tish uchun hozir bo‘lishlari shart. Manzil-koloniya ma’muriyatining vakili mahkumlar yashayotgan joyga sutkaning istalgan vaqtida kirishi mumkin.
Ularga hatto muassasa joylashgan yerdagi oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida sirtdan o‘qishga ruxsat etiladi.
Albatta, qattiq tartibli koloniyalarda jazoni o‘tash tartibi bundan keskin farq qiladi. Bunday mahkumlar umumiy turar joylarda yashaydilar. Ular besh marta qisqa muddatli va besh marta uzoq muddatli uchrashuv, sakkiz marta telefon orqali so‘zlashuv, sakkizta posilka yoki yo‘qlov, sakkizta banderol olish huquqiga ega.
Maxsus tartibli koloniyalarda umrbod ozodlikdan mahrum qilinganlar, shuningdek umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi afv etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtirilgan shaxslar saqlanadi. Ular kameralarda yoki umumiy yashash binolarida yashaydilar. Bunday mahkumlar huquqlari nisbatan kamroq. Kameralarda saqlanadigan mahkumlarning kinofilmlar va teleko‘rsatuvlar ko‘rishi taqiqlanadi.
Mahkumlar qaysi jazoni ijro etish muassasasidan bo‘lishidan qat’i nazar, belgilangan tartibga rioya etishi shart. Tartibni buzganlar albatta, qilmishiga yarasha jazolanadi.
Jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik esa Jinoyat kodeksiga ko‘ra jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Jumladan, ozodlikdan mahrum qilish joyida jazoni o‘tayotgan shaxsning jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmasligi yoxud ma’muriyatning o‘z faoliyatini amalga oshirishiga boshqacha yo‘sinda to‘sqinlik qilishi, basharti, mahkumga nisbatan bir yil mobaynida jazoni o‘tash tartibi talablarini buzganligi uchun jazoni ijro etish koloniyasining karseriga o‘tkazish tariqasidagi jazo qo‘llanilganidan yoki turmaga o‘tkazilganidan keyin sodir etilsa, uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha qilmishlar o‘ta xavfli retsidivist; og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyati uchun hukm etilgan shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Qamoqdan yoki qo‘riqlov ostidagi saqlash joyidan qochish esa besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Qochish badanga yengil yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazgan holda; o‘ta xavfli retsidivist tomonidan; bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Jinoyat kodeksida ko‘rsatilgan bunday jazoga hukm qilinganlar yaqin yillarda uchramagan.
Demak, ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizdagi qat’iy tartibli koloniyalar, ya’ni qamoqxonalardan mahkumlarning qochishi imkonsiz. Qolaversa, buning og‘ir oqibatini mahkumlar ham yaxshi biladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA