So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida migratsiya jarayonlarini tartibga solish masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, tashqi migratsiyani tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish va ularning mamlakatimiz ehtiyojlariga hamda migratsiyaning tobora ortib borayotgan ko‘lamiga mos keladigan yangi huquqiy asos yaratish muhim masalalardan biri bo‘lmoqda.
Jahon hamjamiyatining integratsiyalashuvi barobarida migratsiya jarayonlari ham globallashdi. Ayniqsa, tashqi migratsiya turli mintaqa va mamlakatlarni o‘z doirasida qamrab oldi. Chunki dunyoning har qaysi burchagida yuz berayotgan migratsiya jarayonlari asosida iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ekologik va boshqa sabablar yotadi.
O‘zbekiston Respublikasi ham 2018 yildan buyon Xalqaro Migratsiya Tashkiloti (XMT)ning to‘laqonli a’zosi hisoblanadi. 1951 yilda tashkil etilgan XMT migratsiya sohasidagi yetakchi hukumatlararo tashkilot bo‘lib, insonparvarlik va tartibli migratsiya muhojirlar va jamiyatga foyda keltiradigan prinsipga amal qiladi. XMT butun dunyo bo‘ylab muhojirlarni qo‘llab-quvvatlaydi, o‘zgaruvchan migratsiya dinamikasiga samarali javob choralarini ishlab chiqadi va shuning uchun migratsiya siyosati va amaliyoti bo‘yicha tavsiyalarning asosiy manbai hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligi hamda xalqaro hujjatlarga asosan, mehnat qilish, erkin kasb tanlash, bir joydan ikkinchi joyga ko‘chib yurish fuqarolarning ajralmas huquqi hisoblanadi.
Bizga ma’lumki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 95-maqsadida ham tashqi mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish, xorijda mehnat faoliyatini yuritayotgan fuqarolarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish masalalari nazarda tutilgan. Xususan, fuqarolarni ishga joylashtirish bo‘yicha xorijiy davlatlar bilan kelishuvlar sonini 30 taga oshirish, fuqarolarni xorijiy hamkorlar bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida kasb-hunarga va chet tillariga o‘qitish doirasida
2 mingta xorijiy kompaniyalar bilan kasbga o‘qitish va ish bilan ta’minlash tizimini tashkil etish, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni reintegratsiya qilish, shu jumladan, ularning bandligini ta’minlash, kasbiy malakasini oshirish va tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda noqonuniy tashqi mehnat migratsiyasi va odam savdosiga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yildagi “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq mehnat migratsiyasi jarayonlarini boshqarish tizimining samaradorligini oshirish, chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarga qulay shart-sharoitlarni yaratish, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni reintegratsiya qilish, shu jumladan, ularning bandligini ta’minlash, kasbiy malakasini oshirish va tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish bo‘yicha bir qancha chora-tadbirlar belgilangan.
Endilikda mazkur farmonga ko‘ra, 2024 yil 1 iyundan boshlab Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan «Xorijda ish» mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga xorijiy tillar va (yoki) kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda – bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravarigacha miqdorda; xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga «ishchi viza»ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarigacha miqdorda; yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravarigacha miqdorda kompensatsiya to‘lanadi.
Shuningdek, sug‘urta tashkilotlariga – “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oila sifatida e’tirof etilgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarning sog‘lig‘i va hayoti, shuningdek, boshqa tavakkalchiliklarini sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta mukofotini qoplash maqsadida har bir sug‘urtalangan fuqaro uchun yiliga bir marta 50 ming so‘mgacha miqdorda subsidiya to‘lanadi.
Bundan tashqari, xorijda mehnat qilish davrida zo‘ravonlikka, majburiy mehnatga duchor bo‘lgan va kamsitilgan, mehnat hamda boshqa huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy ahvolda, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz va yashash uchun mablag‘siz qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga advokatning, yuridik xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning yoki huquqni muhofaza qilish tashkilotlarining xizmatlari uchun belgilangan tartibda haq to‘lanadi.
Kompensatsiyalarni olish uchun fuqaro «Xorijda ish» mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasi orqali elektron tarzda yoki bevosita Agentlikka asoslovchi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza bilan murojaat qiladi. 2024 yil 1 iyundan boshlab hujjatlarni onlayn talab qilib olish bo‘yicha konsullik yig‘imlari miqdori fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etganlik haqida takroriy guvohnomalar berganlik uchun davlat boji miqdoriga tenglashtiriladi.
Shuningdek, 2024 yil 1 iyundan boshlab bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) har bir ishga olingan bunday xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi. Bunda subsidiya 2024 yil 1 iyundan 2026 yil 1 yanvarga qadar ishga qabul qilingan shaxslarga nisbatan to‘lanadi, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxs bilan tuzilgan va Yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan mehnat shartnomasi subsidiya to‘lash uchun asos bo‘lib hisoblanadi hamda mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar deb xorijda uch va undan ortiq oy mobaynida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib, yashash manziliga qaytib kelganligiga bir yildan ko‘p vaqt bo‘lmagan shaxslar tushuniladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, tashqi mehnat migratsiyasini tartibga solish, uning salbiy oqibatlarini bartaraf etish jahon hamjamiyati oldida turgan dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Migratsiya masalalari, ayniqsa, oxirgi o‘n yillikda jahon hamjamiyatini jiddiy tashvishga solayotgan mintaqaviy va mahalliy nizolar, ishsizlik, qashshoqlik kabi muammolar zamirida yanada ahamiyatli bo‘lib bormoqda. Ayni vaqtda, har tomonlama tartibga solingan, xavfsiz tashqi migratsiya amalda ishchi kuchi resursining mobilligini oshiradi, ushbu sohada band bo‘lgan odamlarning qo‘shimcha ko‘nikma va bilimga ega bo‘lishi uchun imkoniyat yaratadi.
Dilfuza Abdullayeva,
Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)