Kanop o‘simligi qimmatbaho tolali ekin hisoblanib, O‘zbekistonda avvaldan yetishtirib kelingan. Undan asosan kimyo sanoati, farmokologiya va kosmetologiyada keng foydalaniladi. Kanop o‘simligidan texnik moy olinadi. Tolalari mustahkam, yumshoq, gigroskopik bo‘lib, brezent, qop-qanor, gilam, ip, mebel va shunga o‘xshash boshqa buyumlar tayyorlash uchun ishlatiladi.
Urug‘ida 20 % moy saqlaydi va bu teri oshlash, sovunpishirish va lak bo‘yoq sanoati uchun muhim xomashyo hisoblanadi. Kunjarasi o‘g‘it bo‘lishi bilan birga, chorva mollari uchun ozuqa hamdir. Poya qoldiqlari qog‘oz va qurilish sanoatida keng ishlatiladi.
O‘zbekistonda kanop asosan sug‘oriladigan yerlarda ekiladi. Hozirda mamlakatimizda kanop ekiladigan maydonlar ancha qisqargan.
Ushbu o‘simlikni respublikamizda ko‘paytirish maqsadida Koreya bilan hamkorlikda kanop yetishtirish loyihasi boshlandi. Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hamda Koreya Respublikasining “SJ Global” kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida kanop urug‘lari ekilib, sinov ishlariga start berildi.
- Yuqori Chirchiq tumanidagi 11 gektar maydonda, undan tashqari Sirdaryo va Xorazm viloyatida jami 25 gektarda bu yil tajriba-sinov ishlari amalga oshiriladi, - deydi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov. - Loyihadan ko‘zlangan maqsad undan tolali, ham moyli ekin sifatida foydalanish, dizel yoqilg‘isi, bioyonilg‘i olish, ortgan mahsulotlardan qurilish materiallari ishlab chiqarishga yo‘naltirish va tajriba muvafaqqiyatli o‘tganidan so‘ng bizning ilmiy muassasamiz tomonidan kanopning urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish.
Kelgusida respublikamiz bo‘yicha sinovlar yaxshi o‘tsa, buni kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha loyihalar amalga oshiriladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/aitxgRDazLk" title="O‘zbekistonda kanopdan bioyoqilg‘i ishlab chiqariladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA