Qaror va ijro
Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirishga qarshi kurashish, bu borada chora-tadbirlar ishlab chiqish va amaliy natijalarga erishishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zA muxbirining O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Kambag‘allikni qisqartirish siyosatini yuritish departamenti direktori Ilhom MAMATQULOV bilan suhbati yurtimizda kambag‘allikni qisqartirish, uni hisoblashning mezoni va usullari qay tartibda belgilanishi hamda bu boradagi dastlabki natijalar yuzasidan bo‘ldi.
– O‘zbekiston Respublikasida kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishi 2020 yilda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi, – dedi Ilhom Mamatqulov. – Prezidentimiz tomonidan muvaffaqiyatli xalqaro tajribadan kelib chiqib, kambag‘allikni qisqartirishning ta’sirchan vositalarini amaliyotga joriy etish, uni hisoblashning mezon va usullarini hamda uzoq muddatga mo‘ljallangan strategiyasini ishlab chiqish kabi qator vazifalar belgilab berildi.
2020 yilning 23 sentyabrida Prezidentimiz tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashishni Assambleya navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bag‘ishlangan global sammitni o‘tkazish taklifi berilgani fikrimizga yaqqol misoldir.
– Kambag‘allik tushunchasi nima va u qaysi mezonlar asosida belgilanadi?
– Kambag‘allik tushunchasi, uning xalqaro mezonlari qay tartibda belgilanishi borasida jahonda umumqabul qilingan hamda yagona kelishuv mavjud emas. Har bir mamlakat o‘zi uchun belgilangan kambag‘allik mezonidan kelib chiqib tavsiflaydi.
Xususan, BMT ta’rifiga ko‘ra, kambag‘allik insonning hayoti davomida tanlov va imkoniyatlarga ega bo‘lmasligi, jamiyatda to‘laqonli ishtirok etish uchun to‘siqlarning mavjudligi, bundan tashqari, oilasini boqishi va kiyintirishi, ta’lim olishi yoki kasalxonada davolanishi, biror sohada faoliyat yuritishi yoki daromad olishga imkon beradigan mehnat bilan ta’minlash imkoniyatlari yetishmasligi kabi cheklovlarda namoyon bo‘ladi.
Shuningdek, kambag‘allik bu – insonlar, uy xo‘jaliklari va jamoalarning ijtimoiy jihatdan chegaralanganligi, xavf-xatarlar oldida chorasizligidir (BMT Yevropa Iqtisodiy komissiyasining “Kambag‘allikni o‘lchash bo‘yicha qo‘llanma”sidan, 2017 yil Nyu-York, Jeneva).
Bundan tashqari, Jahon banki tomonidan barcha davlatlar uchun 2011 yildagi narxlarda kambag‘allik chegarasi mamlakatlar aholisi daromadlaridan kelib chiqib, past, o‘rta va yuqori darajalariga muvofiq xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha(purchasing power parity) 1,9, 3,2, 5,5 va 21,7 AQSH dollari etib belgilash tavsiya etilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, alohida qabul qilingan kambag‘allikni aniqlash uslubiyoti asosida jami daromadi (yoki xarajati) belgilangan kambag‘allik chegarasiga yetmagan aholi qatlamini kambag‘al aholi deb e’tirof etish mumkin.
– O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilgari surilgan qanday kompleks yondashuv va nostandart usullar amaliyotga joriy etilmoqda?
– Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirishning institutsional asoslari yaratilib, ushbu masalalarni muvofiqlashtiruvchi vazirlik hamda shu yo‘nalishda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boruvchi ilmiy markaz tashkil etildi.
O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda bevosita kambag‘allikni qisqartirish borasida xalqaro tashkilotlar (BMT taraqqiyot dasturi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, YUNISEF va boshqa), moliyaviy institutlar (Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki) hamda ushbu yo‘nalishda ilg‘or tajribaga ega mamlakatlar ilmiy markazlari (Xitoy kambag‘allikni qisqartirish xalqaro markazi) bilan mustahkam aloqalar o‘rnatildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, hozirda vazirlik tomonidan qashshoqlikka barham berish va kambag‘allikka qarshi kurashish masalalarini BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bag‘ishlangan Global sammitni o‘tkazish to‘g‘risidagi konseptual materiallar tayyorlanmoqda.
Bundan tashqari, joriy yilda SHHT doirasida kambag‘allikka qarshi kurashish mavzusida Xalqaro konferensiya o‘tkazish va unga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha idoralararo ishchi guruhini shakllantirish, Xalqaro konferensiya konsepsiyasini tayyorlash bo‘yicha izchil tadbirlar olib borilmoqda.
Vazirlik va Xitoydagi Xalqaro kambag‘allikni qisqartirish markazi o‘rtasida kambag‘allikni qisqartirish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi loyihasi ishlab chiqildi.
Shuningdek, aholini ijtimoiy himoya qilish va kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishi jarayonni shaffofliligi, natijadorligi va manzilliligini ta’minlash maqsadida davlat ijtimoiy xizmat va yordamlarini avtomatlashtirilgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali taqdim etish amaliyotga joriy etildi. Uning funksional imkoniyatlari kengaytirilishi natijasida ko‘rsatiladigan davlat ijtimoiy xizmatlari soni 30 taga yetkazilishi belgilangan.
– Hududlarda joriy etilayotgan “Mahallabay” ishlash tizimi qanday samara berayapti?
– Hammamizga ma’lumki, “Mahallabay” ish tizimining tashkil etilganligi bu aslida kambag‘allikni qisqartirishning nostandart usullaridan biri sanaladi. Mamlakatimizda mazkur masalaga o‘ziga xos tarzda yondashilmoqda, ya’ni ilg‘or xorij tajribasini puxta o‘rgangan holda ichki ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyat va xususiyatlardan kelib chiqib, hududlarda kambag‘allikni qisqartirish borasida kompleks ishlarni amalga oshirish imkoniyati yaratilmoqda.
Joriy yilda daromad topishga qaratilgan tadbirkorlik intilishlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, hududlarda “Mahallabay” ishlash tizimini joriy etish orqali aholining daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash mexanizmlarini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlar va xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga moliyaviy ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Mahallabay” ishlash tizimida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga e’tibor qaratiladi. Bunda oilalarning daromad manbalarini, shu jumladan, tomorqa yerlardan foydalanish hamda daromadli mehnatga bo‘lgan intilishi va ehtiyojlarini «xonadonbay» o‘rganish, band bo‘lmagan aholining, ayniqsa, ishsiz yoshlar va xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish orqali ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘rgatuvchi kurslarga yo‘naltirish va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishga amaliy ko‘maklashish, yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslari va startap g‘oyalarini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kreditlar ajratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, mahallalarning “o‘sish nuqtalari”ni (ixtisoslashuv yo‘nalishlarini) aniqlash va yangi tadbirkorlikni, shu jumladan, “drayver” loyihalarni amalga oshirishda tashabbuskorlarga ko‘maklashish va shu orqali iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, mavjud imkoniyatlarni (bo‘sh turgan binolar, foydalanilmayotgan yer maydonlari va bandlikning an’anaviy sohalari) o‘rganish va ulardan samarali foydalanish orqali joylarda tadbirkorlik, investitsiyaviy va raqobat muhitini yaxshilash; samaradorlik va daromadlilik tamoyillaridan kelib chiqib, tadbirkorlarga sifatli xizmat ko‘rsatish, maslahat berish va biznes-rejalarni tayyorlash uchun banklarning quyi bo‘g‘in xodimlarini to‘liq qayta tayyorlash orqali mijozga yo‘naltirilgan xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish kabilar bu jarayondagi muhim vazifalardir.
Mazkur tizimning samarasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, “Mahallabay” ishlash tizimi asosida quyidagi ishlar amalga oshirildi. Masalan, har bir mahallani kompleks rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. “Mahallabay” ishlash tizimini samarali tashkil etishni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida eksperiment tariqasida “Mahallabay ishlash markazi” tashkil etildi (yil yakunigacha viloyatning boshqa tuman va shaharlarida bosqichma-bosqich tashkil etiladi).
So‘rovnomalar asosida 1,6 million nafar mehnatga layoqatli ishsiz aholidan 825,9 ming nafarining ishlash istagi borligi aniqlandi (380,8 ming nafari, shundan, 149,1 ming yoshlar va 140,7 ming xotin-qizlar bandligi ta’minlandi). Kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qish istagini bildirgan 176,4 ming nafar aholidan 92 ming nafari turli xil kasb-hunarlarga o‘qitildi. Tadbirkorlik sub’ektlarining 60 mingga yaqin muammolari aniqlanib, ulardan 29,8 mingtasi hal etildi. 148,8 ming tadbirkorlik sub’ektiga 3,6 trillion so‘m kredit ajratish orqali 162,6 ming yangi ish o‘rini yaratildi. Foydalanilmay kelinayotgan 4,8 ming gektar tomorqa yerlardan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yildi.
Ayni damda esa “Mahallabay” ishlash tizimining elektron bazasini ishlab chiqish hamda vazirlik va idoralarning o‘zaro integratsiyalashgan axborot almashinuvi tizimini yaratish ishlari olib borilmoqda.
– Pandemiya sharoitida ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida joylardagi 4 ta sektor, mahalla organlari, keng jamoatchilik vakillari hamda deputatlar bilan birgalikda kambag‘al va moddiy yordamga muhtoj oilalar ro‘yxati – “Temir daftar” tizimi tashkil etildi. Ushbu tizim o‘zini qay darajada oqlamoqda?
– Ha, albatta. Mazkur tizimning shaffofligini ta’minlash, ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘irlashgan va sektor rahbarlari tomonidan alohida nazoratga olingan oilalarni qayd etishga mo‘ljallangan saxovat.argos.uz dasturi ishga tushirilib, oilalarning mehnatga layoqatli ishsizlari bandligini ta’minlash orqali ularga daromad manbai yaratishning “Vaqtinchalik tartibi” tasdiqlandi.
O‘tgan davr mobaynida “Temir daftar”ga 594,9 ming oila va ularning 2,5 million nafar a’zosi, shundan 659,1 ming nafar mehnatga layoqatli ishsiz oila a’zolari kiritilgan.
Vaqtinchalik tartib asosida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 654,6 ming nafar ishsiz a’zolari bandligi ta’minlash orqali 543,3 ming oila (91 foiz) ro‘yxatdan chiqarildi.
Daftarlarga kiritilgan ehtiyojmand aholi vakillarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus jamg‘armalar tashkil etildi.
Mazkur jamg‘armalarda 851,9 milliard so‘m mablag‘ to‘plandi.Unda “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar uchun 399,4 milliard so‘m, “Ayollar daftari”ga kiritilganlar uchun 223,1 milliard so‘m hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar uchun 229,4 milliard so‘m mablag‘lar jamg‘arilgan.
Ta’kidlash kerakki, joriy yilning yanvar – may oylari davomida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarga 156,6 milliard so‘mlik yordamlar ko‘rsatilgan. Jumladan, 19,2 milliard so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari, 30,4 milliard so‘mlik pul mablag‘lari, 6,5 milliard so‘mlik dori-darmon vositalari, 3,5 milliard so‘mlik chorva mollari, 12,7 milliard so‘mlik parranda, tadbirkorlik qilish uchun 27,6 milliard so‘mlik asbob-uskunalar va 56,4 milliard so‘mlik boshqa yordamlar ko‘rsatilgan.
Hozirgi kunda 3 ta jamg‘armada 434,9 milliard so‘m mablag‘ jumladan, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar uchun 128,3 milliard so‘m, “Ayollar daftari”ga kiritilganlar uchun 145,6 milliard so‘m hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar uchun 160 milliard so‘m mablag‘lar mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 apreldagi “Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “Temir daftar”ni yuritish orqali ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir oilalar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vaqtinchalik tartib tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, “Temir daftar”ga kiritilganlarga quyidagi yo‘nalishlarda yordam ko‘rsatilishi belgilangan. Tomorqada yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish, parranda, asalari, quyon, baliq va bedana boqishni yo‘lga qo‘yish, “Tomorqa xizmati” tashkilotlari va “Dala do‘konlari”ni tashkil etish, dehqonchilik uchun yangi o‘zlashtirilgan, lalmi, foydalanilmayotgan yerdan 0,1 gektardan 1 gektargacha yer berish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar ajratish, biznes loyihalar tuzishni o‘rgatishda yordam beriladi.
Hozirgi kunda “Temir daftar” (saxovat.argos.uz) axborot-tahlil tizimidagi ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan tarzda shakllantirish uchun tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizim va ma’lumotlar bazalari hamda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” bilan integratsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, “Mahallabay” ishlash tizimi asosida har bir mahalla, tuman va shaharlarning “o‘sish nuqta”lari aniqlandi. Shu asosda “Hududlarda 2021 yilda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi” ishlab chiqilib tasdiqlandi.
– “2021-2030 yillarga qadar O‘zbekiston Respublikasida kambag‘allikni qisqartirish strategiyasi” loyihasi ishlab chiqildi. Loyihadan ko‘zlangan maqsad nimadan iborat?
– O‘rta va uzoq muddatlarda kambag‘allikni qisqartirishning strategik maqsadlarini belgilash maqsadida Jahon banki va BMT taraqqiyot dasturi ekspertlari bilan birgalikda“ 2021-2030 yillarga qadar O‘zbekiston Respublikasida kambag‘allikni qisqartirish strategiyasi” loyihasi ishlab chiqildi.
Hujjatda respublikada kambag‘allikni qisqartirish uchun kompleks yondashilib, quyidagi ustuvor yo‘nalishlar doirasida chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Unga asosan ehtiyojmand aholiga ko‘rsatiladigan yordam va xizmatlar turini ko‘paytirish hamda sifatini yaxshilash orqali mavjud tizimni yanada takomillashtirish, aholi ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy muhofaza qilishning yangi usul va mexanizmlarini doimiy takomillashtirib borish orqali kambag‘allik darajasini yanada qisqartirish mexanizmlarini joriy etish kabilardir.
Xulosa shuki, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida xalqimiz osoyishtaligi va ular baxtu iqboli, saodatli hayotini ta’minlashdek ezgu maqsadlar singdirilgan. Zero, Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan bunday sa’y-harakatlar O‘zbekiston aholisi uchun ana shunday farovon hayotga keng yo‘l ochishiga ishonamiz.
O‘zA muxbiri
Nasiba ZIYODULLAEVA
suhbatlashdi