O‘zbekistonda jismoniy shaxslar uchun yagona bojxona to‘lovi 30 foizdan 20 foizgacha pasaytiriladi
Kelasi yildan jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib kiriladigan tovarlar uchun yagona bojxona to‘lovi miqdori kamaytiriladi. Shuningdek, tashqi savdo operatsiyalaridagi ayrim talablar bekor qilinib, tadbirkorlar uchun bojxona jarayonlari soddalashtiriladi.
Prezidentimizning 2026-yil 27-avgustdagi “Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan bojxona sohasida bir qator muhim o‘zgarishlar belgilandi.
Amalda jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda bojxona chegarasi orqali qo‘l yuki va kuzatib borilayotgan bagajda olib kiriladigan tovarlar uchun yagona bojxona to‘lovi tovarning bojxona qiymatidan 30 foiz, biroq har bir kilogramm uchun 3 AQSH dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda undirilmoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab mazkur stavka pasaytiriladi. Yagona bojxona to‘lovi tovarning bojxona qiymatidan 20 foiz, lekin har bir kilogramm uchun 2 AQSH dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi. Masalan, tovarning bojxona qiymati 500 dollar bo‘lsa, 20 foizlik stavka bo‘yicha hisoblangan to‘lov 100 dollarni tashkil etadi. Biroq tovar og‘irligi bo‘yicha hisoblangan miqdor 100 dollardan yuqori bo‘lsa, aynan shu miqdor qo‘llanadi. Demak, bojxona to‘lovi tovarning ham qiymati, ham og‘irligi hisobga olingan holda belgilanadi.
Bu o‘zgarish, avvalo, xorijdan shaxsiy ehtiyoj uchun tovar olib kiruvchi fuqarolar uchun moliyaviy yukni kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Bojxona yig‘imlari ham yengillashtiriladi. Farmonda fuqarolar uchun yana bir muhim yengillik nazarda tutilgan. 2027-yil 1-iyundan boshlab, jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib o‘tiladigan tovarlar bo‘yicha hisoblangan yagona bojxona to‘lovi to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona yig‘imlari miqdoridan kam bo‘lsa, ushbu yig‘imlar undirilmaydi.
Ya’ni fuqarolardan bir tovar uchun bir nechta turdagi to‘lovlarni undirishda ortiqcha moliyaviy yuk yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Tadbirkorlar uchun tashqi savdo jarayonlari soddalashtiriladi. Bojxona sohasidagi yangiliklar faqat jismoniy shaxslarga tegishli emas. Farmon bilan tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlar uchun ham bir qator talablar bekor qilinmoqda. 2026-yil 1-sentabrdan tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan, invoys asosida import qilishda xorijiy hamkorga oldindan to‘lov o‘tkazish bo‘yicha mavjud cheklov bekor qilinadi.
Shuningdek, invoys asosida eksport qilishda oldindan 50 foiz tushumni ta’minlash talabi ham bekor qilinadi. Tovarlarni milliy valyutada eksport qilishda oldindan to‘lovni ta’minlash yoki akkreditiv, bank kafolati, sug‘urta polisi kabi to‘lovning kafolatli shakllarini taqdim etish majburiyatidan ham voz kechiladi. Bu choralar tashqi savdo ishtirokchilarining valyuta va moliyaviy operatsiyalarini erkinroq amalga oshirish, eksport-import jarayonlarida ortiqcha byurokratik talablarni qisqartirishga qaratilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish uchun mahsulot namunasi yetarli bo‘lmagan hollarda sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirish talabi ham bekor qilinadi. Bundan tashqari, bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida biologik aktivlar va yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, polimer hamda parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirishda ayrim ruxsatnomalarni taqdim etish talabi bekor qilinadi.
Dori vositalari va tibbiy jihozlarni olib kirishda ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etish talabi ham bekor qilinadi.
Umuman, mazkur o‘zgarishlar bojxona ma’murchiligini soddalashtirish, tashqi savdo operatsiyalarini tezlashtirish va tadbirkorlar hamda fuqarolar uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytirishga qaratilgan. Ayniqsa, 2027-yildan yagona bojxona to‘lovi stavkasining 30 foizdan 20 foizga pasaytirilishi xorijdan shaxsiy ehtiyoj uchun tovar olib kiruvchi aholi uchun sezilarli yengillik bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, tashqi savdo operatsiyalaridagi ayrim moliyaviy kafolat va ruxsatnoma talablarining bekor qilinishi tadbirkorlik sub’ektlariga vaqt va mablag‘ni tejash, eksport-import jarayonlarini yanada erkin va shaffof tashkil etish imkonini beradi.
Shunday qilib, yangi choralar bojxona sohasida “ko‘proq nazorat — ko‘proq hujjat” tamoyilidan zamonaviy, raqamlashtirilgan va xavflarni boshqarishga asoslangan yondashuvga bosqichma-bosqich o‘tishni nazarda tutadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA