O‘zbekistonda iyun oyida ishbilarmonlik faolligi o‘sishda davom etdi
O‘sish mamlakatning barcha hududlarida qayd etildi. Bu banklararo to‘lovlar sonining ortishi, tovar-xom ashyo birjasidagi faollikning kuchayishi, faoliyat yuritayotgan xo‘jalik sub’ektlari sonining ko‘payishi hamda tovar belgilari ro‘yxatdan o‘tkazilishining oshishi bilan izohlanadi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan baholangan Ishbilarmonlik faolligi indeksi (IFI) 2026-yil iyun oyida 1128 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 12,8 foizga oshgan. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 36 foizga o‘sish kuzatilgan.
Joriy yilning iyun oyida IFI komponentlari darajasidagi quyidagi o‘zgarishlar kuzatildi: ·
– xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning bank hisob-varaqlaridagi operatsiyalar soni bo‘yicha komponent 18,7 foizga ortgan;
– tovar-xom ashyo birjasida xom-ashyo sotib olish jadalligi 13,5 foizga oshgan;
– faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bo‘yicha komponent 1,2 foizga oshgan; – tovar belgilari bo‘yicha komponent 18,5 foizga oshgan.
Shuningdek, 2026-yil iyun oyida IFI barcha hududda o‘tgan oyga nisbatan o‘sishi kuzatilgan. Jumladan, Sirdaryo (51,3 foiz), Surxondaryo (49,1 foiz), Namangan (47,1 foiz) va Xorazm viloyatlarida (45 foiz) sezilarli darajada o‘sish kuzatilgan.

Hisobot davrida banklararo to‘lov operatsiyalari soni 7 930,9 mingtani tashkil etib, 2026-yilning may oyiga nisbatan 1 246,9 ming tranzaksiyaga (18,7 foiz) ortgan (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish 25,7 foiz).
Banklararo to‘lov operatsiyalari soni barcha hududda oshgan. Xususan, Qashqadaryo (25,9 foiz), Jizzax (24,7 foiz), Farg‘ona (23,7 foiz) va Sirdaryoda (23,0 foiz) yuridik shaxslar o‘rtasidagi bank operatsiyalari soni o‘tgan oyga nisbatan sezilarli oshgan. Mazkur o‘sish, Markaziy bankning banklararo elektron to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan to‘lov hujjatlarining umumiy soni ortishi bilan izohlanadi. Bunda 2026-yilning may oyiga nisbatan memorial orderlar soni 24,2 foizga (yoki 510,9 mingtaga), to‘lov topshiriqnomalari 14,5 foiz (yoki 620,9 mingtaga), to‘lov talabnomalari 25,6 foiz (yoki 3,7 mingtaga) va inkassa topshiriqnomalari 40,4 foiz (yoki 111,3 mingtaga) oshgan.
Joriy yilning iyun oyida IFIning birja komponenti 1,1350 birlikni tashkil etgan (o‘tgan oyga nisbatan 13,5 foizga ortgan). Bunda, har bir bitim bo‘yicha sotib olingan tovarlarning o‘rtacha hajmi 3,8 foizga kamayganligi va tuzilgan bitimlar soni 31 foizga ortganligi kuzatildi.
Respublika tovar-xom ashyo birjasida asosiy 34 turdagi tovarlar savdosining umumiy aylanmasi hajmi 2026-yil iyun oyida 9 509 mlrd. so‘mni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 27,7 foizga oshgan. Bunda, birja savdolardagi ushbu faollikda omuxta yem savdosi hajmining o‘tgan oyga nisbatan 12 baravarga, paxta tolasidan olinadigan lint 4,2 baravar, shisha bankalari 2,5 baravarga va benzin yoqilg‘isining (AI 91, 92, 95) o‘rtacha 2,1 baravarga ortishi asosiy omil hisoblanadi.
Hisobot davrida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik sub’ektlari komponenti 1,0120 birlikni tashkil etib, oldingi oyga nisbatan 1,2 foizga ortgan. Bunda barcha turdagi faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar soni oldingi oyga nisbatan 10 471 birlikka ortib, 530,3 mingtani tashkil etgan. Yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi korxonalar soni esa 46 taga kamayib, 4 649 tani tashkil etgan. Kichik korxonalar soni 9,2 mingtaga ortib, 435,4 mingtaga yetgan. Shuningdek, fermer xo‘jaliklari soni 1283 taga ortib, 90,3 mingtani tashkil etgan. 2026-yilning iyun oyida savdo belgilari bo‘yicha komponent 1,1855 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 18,5 foizga oshgan. Mazkur davrda yuridik shaxslar tomonidan 473 ta tovar belgilari va tovar nomlari ro‘yxatga olingan.
Mohigul Qosimova, O‘zA