Yurtimizda axborot texnologiyalari sohasi jadal rivojlanayotgan va xorijiy kompaniyalarning mamlakat IT bozoriga qiziqishi ortib borayotgan muhim yo‘nalishlardan sanaladi.
Bunga misol tariqasida, Toshkent shahrida Latviyaning “Corporate Solutions Group” kompaniyasi yangi ofisi hamda IT o‘quv markazi ochilganini ta’kidlash mumkin.

Ushbu kompaniya IT Park rezidenti hisoblanadi va mamlakatda IT-xizmatlar eksportini faol tarzda amalga oshirib kelmoqda.
Yangi ofis va o‘quv markazi esa kompaniyaning Toshkent shahridagi ikkinchi manzili bo‘lib, IT sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga va O‘zbekiston IT bozorini rivojlantirishga qaratilgan.

Yangi ofis ochilish marosimida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Latviyaning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Reynis Troksha, “Corporate Solutions Group” kompaniyasi ta’sischisi va bosh direktori Aigars Cyeruss ishtirok etdi.

Tanishuv davomida vazir mamlakatda mazkur sohani yanada rivojlantirish, IT –xizmatlar eksporti hajmini oshirish va xorijiy kompaniyalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhimligini ta’kidladi.
“Corporate Solutions Group” kompaniyasining IT o‘quv markazi orqali mahalliy yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi. Bu yerda ular xalqaro talablarga javob beradigan bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari mumkin.
Shu bilan birga, kompaniya tomonidan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va ularni xalqaro IT bozorida talabgir kadrlarga aylantirish maqsad qilingan.
N.Rahmonova,
O‘zA