Yo‘l jamiyat a’zolarining bir-birlari bilan bog‘lanishi, munosabat o‘rnatishi, muntazam aloqalarni joriy etishi uchun muhim vosita sanaladi. Har bir davlat va hududning taraqqiyoti, odamlarining yashash tarzi va kayfiyati aynan shu manzildagi yo‘llar sifatiga qarab baholanishi ham bor gap.
Bugun mamlakatimizda ham aynan yo‘l infrtuzilmasini yaxshilash borasida bir qancha zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yurtimizning aksariyat hududlaridagi loy ko‘chalarga tosh yo‘llar tortildi, bosqichma-bosqich asfalt qilishga kirishildi. Ichki va tashqi yo‘llar qayta barpo etilmoqda, rekonstruksiya ishlari bajarilmoqda.
Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumanidan o‘tgan M39b “Toshkent halqa yo‘li” avtomobil yo‘lining 32—36-kilometrlari rekonstruksiya qilindi.
Avtomobil yo‘llar qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur yo‘l ta’mirida asosiy buyurtmachi Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi hisoblanadi.
Qayd etilishicha, ob’ekt uchun respublika byudjetidan 186,5 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan. Ob’ekt parametrlari: yo‘lning uzunligi – 4 km, harakat tasmasi soni 6—8 ta (qatnov qismi – 28—31 metr), harakat jadalligi o‘rtacha 35—40 ming avto/sutka, qoplama turi – chaqiqtosh mastikali asfalt-beton (SHMA), yo‘l o‘tkazgich uzunligi – 28,9 pm, metall konstruksiyaning kengligi – 56,4 metr, qoziq soni – 56 dona, oraliq qurilma soni – 17 dona.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Toshkent halqa yo‘lining 32—36-km qismini rekonstruksiya qilish doirasida respublikamizda ilk marotaba yig‘ma temir konstruksiyali yo‘l o‘tkazgich qurildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA