O‘zbekistonda ilk bor kolorektal saratonni erta aniqlash bo‘yicha milliy dastur amalga oshiriladi
Toshkent shahrida O‘zbekiston ankologlar assotsiatsiyasi, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda xalqaro "Gustave Roussy International" O‘zbekiston tibbiyot markazi hamkorligida kolorektal saratonni erta aniqlashga bag‘ishlangan xalqaro ta’lim dasturi boshlanadi.
Mazkur loyiha doirasida AQSH, Buyuk Britaniya va O‘zbekistonning yetakchi mutaxassislari ishtirokida amaliy mahorat darslari, ilmiy seminarlar va klinik muhokamalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Dasturning asosiy maqsadi – kolorektal saratonni erta aniqlash samaradorligini oshirish, zamonaviy kolonoskopiya texnikalarini amaliyotga joriy etish hamda soha mutaxassislarining kasbiy ko‘nikmalarini takomillashtirishdan iborat.
Xalqaro ekspertlar jamoasi qatorida Anne Liu, Pranay Sinxa, Devis Xarnett, Nilufar Qahhorova, Yakob Dokterman va Selvin Marrokin kabi taniqli xorijiy hamda mahalliy mutaxassislar ishtirok etadi.
Mahorat darslarida “Zamonaviy kolonoskopiya texnikasi va usullari”, “Yo‘g‘on ichakni sifatli va to‘liq ko‘zdan kechirish”, “Poliplar va erta neoplastik o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlash”, “Shubhali hosilalarni baholash va endoskopik tekshiruv sifatini oshirish”, “Murakkab klinik holatlarni xalqaro ekspertlar bilan birgalikda muhokama qilish” singari muhim masalalarga alohida e’tibor qaratiladi.
Anjumanda endoskopistlar, koloproktologlar, onkologlar, gastroenterologlar, jarrohlar, patomorfologlar hamda ushbu yo‘nalishdagi boshqa tibbiyot xodimlari qatnashadi.
5-6-oktabr kunlari Toshkent shahrida – Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, “Gustave Roussy International” O‘zbekiston markazida, 8-9-oktabrda esa Andijon shahrida o‘tkaziladigan ushbu tadbirlar AQSHning nufuzli Dana-Farber saraton instituti (Dana-Farber Cancer Institute) va Brigam va xotin-qizlar shifoxonasi (Brigham and Women’s Hospital) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA