O‘zbekistonda har beshinchi sanoat korxonasi oziq-ovqat sohasida faoliyat yuritmoqda
O‘zbekiston iqtisodiyotida sanoat tarmog‘i yalpi ichki mahsulot o‘sishining asosiy drayverlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-iyun holatiga respublikada 62 mingta sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda.
Bu mamlakatda ishlab chiqarish quvvatlari kengayib, xususiy sektorning sanoatdagi ishtiroki tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.Tahlillarga ko‘ra, sanoat korxonalarining eng katta qismi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu yo‘nalishda 12,4 mingta yoki jami korxonalarning 20 foizi faoliyat yuritmoqda. Bu mamlakat aholisi sonining o‘sishi, ichki bozorda oziq-ovqat mahsulotlariga talabning yuqoriligi hamda eksport salohiyatining ortishi bilan izohlanadi.
Ikkinchi o‘rinni boshqa nometall mineral mahsulotlar ishlab chiqarish tarmog‘i egallagan bo‘lib, bu yo‘nalishda 8,7 mingta (14 foiz) korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu ko‘rsatkich qurilish sohasidagi yuqori sur’atlar, yangi uy-joylar, ijtimoiy ob’ektlar va infratuzilma loyihalariga bo‘lgan ehtiyoj bilan bevosita bog‘liq.
Shuningdek, mamlakatda yengil sanoat ham muhim o‘rin tutmoqda. Xususan, kiyim ishlab chiqarish sohasida 6,2 mingta (10,1 foiz), to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida esa 3,8 mingta (6,1 foiz) korxona faoliyat yuritmoqda. Bu esa O‘zbekistonning paxta xomashyosini chuqur qayta ishlash, qo‘shilgan qiymat yaratish va tayyor mahsulot eksportini ko‘paytirish siyosati izchil amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.
Sanoatda tayyor metall buyumlar ishlab chiqarish ham muhim ulushga ega bo‘lib, bu sohada 5,1 mingta (8,2 foiz) korxona ishlamoqda. Mebel ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar soni 4,3 mingta (6,9 foiz)ni tashkil etsa, rezina va plastmassa buyumlari ishlab chiqarish sohasida 2,9 mingta (4,7 foiz) korxona faoliyat olib bormoqda.
Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston sanoatida aholining kundalik ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiluvchi tarmoqlar yetakchilik qilmoqda. Shu bilan birga, qurilish materiallari, metall buyumlar va mebel ishlab chiqarishning yuqori ulushi mamlakatda qurilish industriyasi va urbanizatsiya jarayonlari jadal davom etayotganini anglatadi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA