O‘zbekistonda fidjital sport musobaqalari ommalashtiriladi
Keyingi yillarda xalqaro sport terminologiyasida fidjital sport tushunchasi keng ommalashdi. Bu, jismoniy va raqamli tushunchani ifodalaydigan o‘yinlar majmuasi bo‘lib, ushbu yo‘nalishda o‘tkazib kelinayotgan “Kelajak o‘yinlari” kompleks musobaqalarining keng ommalashishiga xizmat qilmoqda.
Jismoniy va raqamli musobaqalarni birlashtirgan yangi shakldagi mazkur o‘yinlar dunyo sportida o‘zgacha ko‘rinish, ruhiyatga ega musobaqalar ob-havosini olib keldi.
Mamlakatimizda ham ushbu yo‘nalishdagi sport harakati yildan yilga keng ommalashmoqda. Musobaqalar o‘tkazilishi bilan birga yurtimiz vakillari xalqaro turnirlarda munosib natijalarga erishib kelmoqda.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov "Kelajak o‘yinlari" loyihasi rahbari Igor Stolyarov bilan uchrashuvda fidjital sport bo‘yicha Qozog‘iston va Braziliyada o‘tadigan xalqaro musobaqalar hamda ushbu yo‘nalishdagi turnirlarni O‘zbekistonda ham tashkil etish borasida fikr almashdi.
Uchrashuv yakunida sportning an’anaviy turlari va ularning raqamli muqobillarida o‘tkaziladigan yuqori texnologik fidjital musobaqalarini yanada ommalashtirish istiqbollari borasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA