Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 oktyabr kuni aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasini tubdan isloh etishga qaratilgan muhim hujjatlarni qabul qildi.
Bular Prezidentning “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilish sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi farmon va “Favqulodda vaziyatlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasini raqamlashtirish hamda ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari sanaladi.
Ushbu hujjatlar sohani ilmiy-texnik asosda yangilash, xavfsizlik madaniyatini jamiyatda shakllantirish va har bir mahallani muhofazalangan hududga aylantirishni maqsad qiladi.
Yangi farmonga ko‘ra, profilaktika ishlari endi 9008 ta mahalla va 7,5 million xonadon darajasida, ya’ni “mahallabay” va “xonadonbay” yondashuv asosida amalga oshiriladi. Shu orqali har bir hududning xavf darajasi ilmiy usulda baholanib, “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratiladi.
“Favqulodda vaziyatlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror асосида esa har bir mahallada “mahalla muhofazasi” xizmati tashkil etiladi. Bu inspektorlar aholi bilan hamkorlikda yong‘in, is gazi va elektr xavfi bo‘yicha profilaktik ishlar olib boradi. 2026 yildan boshlab Toshkent viloyatida ushbu tizim sinov tariqasida yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, mahalliy hokimlar endilikda har chorakda favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Kengashlar oldida hisobot beradilar. Bu tizim profilaktika ishlarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Ta’lim sohasida ham xavfsizlik madaniyatini shakllantirishga e’tibor kuchayadi. Maktabgacha ta’lim muassasalarida “Xavfsiz harakat ko‘nikmalari” o‘rgatiladi, 11 mingdan ziyod maktab va kollejlarda amaliy mashqlar o‘tkaziladi. Shuningdek, “Favqulodda vaziyatlar volontyori” jamoatchilik guruhlari tuzilib, faol ishtirokchilarga imtiyozlar beriladi.
Prezidentning uchinchi raqamlashtirish va innovatsiyalar bo‘yicha qarori esa sohani zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlashni ko‘zlaydi. 14 ta ustuvor loyiha amalga oshirilib, “Digital Team” jamoasi 35 ta idora mutaxassislarini birlashtiradi. Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot instituti “Ilmiy-innovatsion va sinov-tadqiqot instituti” sifatida qayta tashkil etiladi.
Bu jarayonda raqamli yechimlar, sun’iy intellekt va mahalliy ishlab chiqarish asosida xavfsizlik tizimini yangi bosqichga ko‘tarish rejalashtirilgan.
Qabul qilingan farmon va qarorlar nafaqat davlat tizimi, balki har bir xonadon darajasida xavfsizlik madaniyatini shakllantirishni maqsad qiladi. Ya’ni, endi xavfsizlik davlatning emas, butun jamiyatning umumiy mas’uliyatiga aylanmoqda.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA sharhlovchisi