“O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati 2025 yilning II choragi davomida mamlakatda uy-joy bozorida faollik yuqori bo‘lganini ma’lum qildi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, qayta moliyalashtirilgan portfel doirasida jami 21 ming 949 ta ipoteka krediti ajratilgan.
Kvartira bozorida eng ko‘p xaridlar Toshkent shahrida amalga oshirilgan — 4 ming 913 ta kvartira sotib olingan.
Shuningdek, Toshkent viloyati, Navoiy viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi ham yetakchi hududlar qatorida qayd etilgan. Hovli uylar bozorida esa yetakchilikni Qoraqalpog‘iston Respublikasi (928 ta) va Xorazm viloyati (797 ta) saqlab turibdi. Shu bilan birga, Andijon, Toshkent viloyati va Farg‘ona viloyatida ham uy-joy xaridlari soni ancha yuqori bo‘lgan.
Uy-joy bozoridagi faollik mamlakat bo‘ylab ipoteka kreditlash imkoniyatlarining kengayishi va aholining turar joy sharoitini yaxshilashga bo‘lgan qiziqishi bilan izohlanmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA