Joriy yilning 8-10 sentyabr kunlari Samarqandda dunyo to‘qimachilik sanoatining ikki eng yirik tashkiloti –Xalqaro to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi (ITMF) va Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasi (IAF)ning yillik anjumani va Jahon moda konvensiyasi o‘tkaziladi.
Shu munosabat bilan bugun «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mazkur nufuzli xalqaro tadbirlarning ahamiyati, uning tashkiliy jihatlari va ishtirokchilar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Tadbirda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisi v.b. Mirmuhsin Sultonov, onlayn tarzda so‘zga chiqqan Xalqaro to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi bosh direktori Kristian Shindler va boshqalar mamlakatimiz to‘qimachilik sanoati ravnaqida ushbu yirik xalqaro anjuman va Jahon moda konvensiyasining o‘tkazilishi muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisi v.b. Mirmuhsin Sultonovning so‘ziga ko‘ra, Samarqandda bunday miqyosdagi tadbirning o‘tkazilishi O‘zbekistonning global to‘qimachilik ta’minot zanjiri o‘sib borayotganidan dalolat beradi.
– Ko‘p yillik paxta boykotidan keyingi ikki yilda biz xalqaro hamkorlarimiz doirasini sezilarli darajada kengaytirib, katta qadam tashladik. 2023 yilda mamlakatning to‘qimachilik sanoati mahsulotlari 75 dan ortiq davlatga taxminan 3,5 milliard dollarlik eksport qilindi. 2026 yilga kelib, eksport hajmini 6,5 milliard dollarga yetkazishni rejalashtiryapmiz. Bu maqsadga erishishda kuchli xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash muhim rol o‘ynaydi, – dedi M.Sultonov.
[gallery-18732]
Ta’kidlash kerakki, bugun O‘zbekiston so‘nggi yillarda dunyo to‘qimachilik bozoridagi o‘z o‘rnini sezilarli darajada mustahkamladi. Klaster tizimining joriy etilishi, mamlakat ichida yetishtirilgan paxtani 100 foiz qayta ishlash, tayyor mahsulotlar assortimentining kengayishi va ko‘p yillik paxta boykotining muvaffaqiyatli tugatilishi xalqaro to‘qimachilik yetakchilarining diqqat-e’tiborini o‘ziga tortdi.
– Aynan shu yutuqlar evaziga Misr, Turkiya, Indoneziya va AQSH kabi davlatlar bilan raqobatda Xalqaro to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi (ITMF) va Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasi(IAF) an’anaviy tadbirlarini O‘zbekistonda o‘tkazishga qaror qildi, – dedi «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi xalqaro hamkorlik departamenti direktori Isomiddin Mirzayev. – «Innovatsiyalar, hamkorlik va tartibga solish – to‘qimachilik sanoati va kiyim-kechak ishlab chiqarishining harakatlantiruvchi kuchlari» nomi ostida o‘tkazilayotgan tadbirlar «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi hamkorligida tashkil etiladi va unda 500 dan ortiq sanoat mutaxassislari, dunyoning eng yirik xalqaro to‘qimachilik kompaniyalari, brendlar, moliyaviy institutlar va chakana savdo vakillari ishtirok etadi.
Matbuot anjumanida ma’lum qilinganidek, konferensiyada Amerika kiyim-kechak va poyabzal sanoati assotsiatsiyasi prezidenti Stiven Lamar, Yevropa kiyim-kechak va to‘qimachilik konfederatsiyasi bosh direktori Dirk Vantighem, «Inditex Group»ning barqaror rivojlanish bo‘yicha direktori Feliks Poza Pena, shuningdek, «Cotton Analytics» (AQSH), «Indorama Corporation»(Singapur) va boshqa kompaniyalar vakillari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashadi.
Ma’lumot o‘rnida, Xalqaro to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi dunyoning 123 ta eng yirik to‘qimachilik assotsiatsiyalarini birlashtiradi. ITMF to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida muloqot va hamkorlikni rivojlantirib, sanoatning o‘sishi va barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shadi. Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasi esa 60 ta mamlakatdan 100 mingdan ortiq brendlar va chakana savdo kompaniyalarini birlashtiradi. IAF xalqaro muloqot va hamkorlik orqali kiyim-kechak sanoatining rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi, sanoatning asosiy muammolari va imkoniyatlarini hal qilishga ko‘maklashadi.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi axborot xizmati bosh mutaxassisi, mazkur xalqaro tadbirlar mas’uli Abdulaziz Abdurahimovning ma’lumot berishicha, O‘zbekiston ITMFga 2014 yilda va IAFga 2020 yilda a’zo bo‘lgan. Mamlakatimizda bu tadbirlarning o‘tkazilishi soha va ishlab chiqaruvchilar uchun xalqaro hamkorlikni kuchaytirish hamda eksport salohiyatini oshirishda katta qadam hisoblanadi.
– Dastlab tadbirlar Samarqandda ўтказилса, 13 sentyabr kuni esa Toshkent shahridagi «Hilton» mehmonxonasida «Global Textile Dialogue» forumi ham bo‘lib o‘tadi. Bu forumda milliy assotsiatsiyalar, xalqaro tashkilotlar va mahalliy korxonalar vakillari ishtirok etib, jahon miqyosida to‘qimachilik sanoatining dolzarb masalalari va rivojlanish istiqbollarini muhokama qiladi. Ushbu forum 2023 yilda Xitoyda birinchi marta tashkil etilgan edi. Bu yil poytaxtimizda uyushtiriladigan ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsad butun dunyo milliy to‘qimachilik assotsiatsiyalarini birlashtirish va sohadagi yangi g‘oyalarni ilgari surishdir. Forum doirasida barqarorlik va kuzatuvchanlik bilan bog‘liq mavzular muhokama qilinishi, shuningdek, ko‘plab B2B uchrashuvlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Matbuot anjumani yakunida mas’ullar jurnalistlarning savollariga atroflicha javob qaytardi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA