O‘zbekistonda chet davlatlar sudi va arbitrajlarining hal qiluv qarorlari qanday tan olinadi?
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jamoatchilik bilan aloqalar markazi boshlig‘i Aziz Obidovning ma’lum qilishicha, bu masala O‘zbekiston iqtisodiy sudlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Iqtisodiy sudlarda bunday toifadagi ishlar nisbatan kam ko‘rilayotgan bo‘lsa-da, ular murakkab toifadagi ishlar hisoblanadi. Chunki ushbu ishlarni ko‘rishda nafaqat milliy qonunchilik, balki xalqaro huquq normalariga ham murojaat qilish lozim.
Oliy sudning iqtisodiy sudlov hay’ati tomonidan 2022 - 2024-yillarda MDH ishtirokchi-davlatlar iqtisodiy sudlarining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish amaliyoti umumlashtirildi.
Respublika iqtisodiy sudlariga ushbu davrda 223 ariza va iltimosnoma kelib tushgan. Shundan 69 tasi qaytarilgan, 1 tasini ish yuritishga qabul qilish rad etilgan va 153 tasi ish yuritishga qabul qilingan. O‘z navbatida, 153 arizadan 124 tasi to‘liq va 2 tasi qisman qanoatlantirilgan.
Iqtisodiy protsessual kodeksining 255-moddasida chet davlat sudining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratishni rad etishning asoslari ko‘rsatilgan. Sudlar bunday arizalarni rad etishda ushbu asoslarning har birini ish hujjatlari asosida chuqur tahlil qilishi, agar bu asoslar yoki ularning birortasi mavjud bo‘lsagina, arizani rad etishi mumkin.
Kodeksning 255-moddasi ikkinchi qismida chet davlat sudining hal qiluv qarorini tan olish va ijro etish O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra ham rad etilishi mumkinligi qayd etilgan.
Sud arizani qanoatlantirish uchun asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, o‘z xulosasida faqat kodeks normalariga tayanibgina qolmaydi. Balki, bunda, sud xulosasi xalqaro shartnomalarda belgilangan normalar bilan ham asoslantirilishi lozim.
Ayrim hollarda sudda ishtirok etayotgan javobgarlar chet davlatlar sudlari va arbitrajlarining iqtisodiyot sohasida yuzaga keladigan nizolar hamda boshqa ishlar bo‘yicha qabul qilingan hal qiluv qarorlari noqonuniy qabul qilinganligi haqida vaj keltirib, arizalarni rad etish haqida ham fikr bildiradi. Yoki aksincha, arizachining o‘zi bunday hal qiluv qarorining mazmunini o‘zgartirgan holda ijro varaqasi berishni so‘raydi.
Ushbu ishlarning yana bir o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, iqtisodiy sud ishni ko‘rishda chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini mazmunan qayta ko‘rib chiqishga haqli emas. Bunday norma Iqtisodiy protsessual kodeksining 254-moddasida belgilangan.
Bu shuni anglatadiki, sud ishni ko‘rishda chet davlat sudi yoki arbitraji qaysidir moddiy huquq normasini noto‘g‘ri qo‘llagan holda qaror qabul qilgan bo‘lsa, ushbu qarorni mazmunan ham qayta ko‘rib chiqish yoki nizo mazmunanga baho berish mumkin emas.
Bunday nizolarni ko‘rish jarayoni suddan ishdagi muhim holatlarni to‘liq o‘rganish, taraflar o‘rtasida tuzilgan shartnomalar shartlariga alohida e’tibor bilan qaratishni taqozo qiladi.
Xulosa qilib aytganda, chet davlat sudi va arbitrajlari hujjatlarining O‘zbekiston Respublikasi hududida sifatli va qonuniy ijro etilishi davlatimizning xalqaro shartnomaviy majburiyatlariga sodiqligini hamda sud tizimining yuqori professional darajasini namoyish etadi.
N.Abduraimova, O‘zA