Joriy yil 29 yanvar kuni “O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali jismoniy shaxslar harakatlanishi hamda ular tomonidan tovar va transport vositalarini olib o‘tish jarayonlarini yanada soddalashtirish to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan mamlakatimizdagi chegara punktlaridan navbatsiz o‘tish uchun pulli onlayn Fast Track xizmati joriy etildi. Xizmat doirasida pasport va bojxona nazorati uchun alohida yo‘lak, VIP zal va boshqa sharoitlar yaratiladi. Uning narxi BHMning 15 foizini tashkil etadi. 1 maydan xizmat 12 ta nazorat-o‘tkazish punktida joriy etiladi.
Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Shukrullo Mo‘minov bilan suhbatimiz joriy etilgan yangi tartib to‘g‘risida bo‘ldi.
—Mazkur qarorning qabul qilinishidan maqsad O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasi orqali fuqarolar, haydovchilar o‘tishiga qulaylik yaratishga qaratilgan, — deydi Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Shukrullo Mo‘minov. – Bugungi kunda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tasarrufidagi "Yallama" chegara bojxona posti orqali 1 kunda o‘rta hisobda 900–1000 ta, bojxona posti orqali 300 – 400 ta yuk avtotransport vositasi harakatlanmoqda. Bu jarayonda uzun tirbandliklarni ko‘rish mumkin. Kelgusida ushbu qaror asosida chegara bojxona postlarida elektron navbatlar joriy etiladi.
Ya’ni, tovar transport vositalariga chegaralardan foydalanayotganda bojxona organlari tomonidan yaratilgan tuzilma va axborot tizimidan foydalangan holda elektron navbat olib, harakatlanish imkoni beriladi. Xizmatdan foydalanish uchun jismoniy shaxslar yoki yuridik shaxslarning vakillari o‘tkazish punktiga yetib kelguniga qadar Bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-sayti yoki elektron to‘lov tizimlari orqali yoxud chegarani kesib o‘tishda og‘zaki murojaat qilishlari mumkin.
To‘lov muvaffaqiyatli amalga oshirilgandan so‘ng ariza beruvchi QR kodli elektron talon oladi, u rasmiylashtirilgan paytdan boshlab bir yil davomida amal qiladi.
—Nima uchun mazkur onlayn to‘lov tizimiga zarurat tug‘ildi?
—Bugungi kunda O‘zbekistonda tashqi savdo aylanmasi jadal sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda. Eksport-import oqimi juda ko‘p. Shu sababli bojxona chegara postlarida tirbandliklar yuzaga kelyapti. Tirbandliklar borasida juda ko‘p e’tirozlar kelib tushmoqda. Xorijiy davlatlarning tajribasidan kelib chiqqan xolda shu elektron navbat amaliyotini O‘zbekistonga joriy qilmoqchimiz.
Bu amaliyot fuqarolarga oldindan harakatlanishni rejalashtirish imkonini beradi. Katta yukli transport vositalari chegaradan onlayn navbat olgan holda belgilangan vaqtda o‘tishlari mumkin bo‘ladi. Agar ariza bevosita nazorat-o‘tkazish punktida topshirilsa, to‘lov bank bo‘limlari orqali amalga oshiriladi.
Xizmat uchun haq to‘lanmagan taqdirda, fuqaro umumiy navbatga yo‘naltiriladi. Xizmatdan foydalanuvchilar bojxona nazoratidan maxsus ajratilgan hududlarda (yo‘laklar, VIP zallar va boshqalar) navbatsiz o‘tkaziladi.
Qolgan shaxslarga umumiy navbat tartibida xizmat ko‘rsatiladi. Xizmat haqi bir kishi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizini, ya’ni hozirgi kunda 56 ming 250 so‘mni tashkil etadi. To‘lov mobil ilovalar yoki nazorat-o‘tkazish punktidagi bank bo‘limlari orqali amalga oshiriladi.
Bu xizmat voyaga yetmaganlarga (18 yoshgacha), shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar va harakatlanish imkoniyati cheklangan fuqarolarga bepul ko‘rsatiladi. Yig‘ilgan mablag‘larning 80 foizi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona organlarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maxsus jamg‘armasiga, 20 foizi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari hisobiga yo‘naltiriladi.
Chegarada Fast Track xizmati asosida tezkorlik bilan harakatlanish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu tizim faqat aeroportlarda mavjud edi. Endi esa bojxona chegara postlarida joriy etiladi.
—Ushbu Fast Track xizmati nechta bojxona postida joriy etilmoqda?
—Mazkur tartib 11 ta bojxona postlarida joriy etilishi nazarda tutilgan. Kelgusida O‘zbekistondagi barcha bojxona chegara postlarida joriy etiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/2BYNhHp6i0c" title="Oʻzbekistonda chegaradan navbatsiz oʻtish uchun Fast Track xizmati joriy etilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova, O‘zA