O‘zbekiston BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga qo‘shilganiga 30 yil bo‘ldi.
O‘tgan yillar davomida bolalar manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirildi. Bola huquqlarini himoya qiluvchi Bolalar ombudsmani instituti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilingan kun hamda mamlakatimizning ushbu muhim hujjatni ratifikatsiya qilganining 30 yilligi munosabati bilan Toshkentda tashkil etilgan davra suhbatida shu haqda so‘z yuritildi.
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva bolalarning sog‘lom ulg‘ayishi, munosib ta’lim-tarbiya olishlari uchun barcha zarur imkoniyatlar yaratilayotganiga e’tibor qaratdi. Bolalar mehnatiga mutlaqo chek qo‘yilgani xalqaro hamjamiyat tomonidan ham alohida e’tirof etilmoqda.
Mamlakatimizda bog‘chalar soni 6 barobarga ko‘paydi. Bog‘chalarda ta’lim va tarbiya oladigan bolalar soni 2 millionga yetkazilib, qamrovi 70 foizga chiqdi.
Jahon banki, BMT Bolalar jamg‘armasi – YUNISEF ko‘magida bolaning ilk rivojlanishiga xizmat qiladigan maktabgacha ta’limning muqobil shakllarini yanada kengaytirish hamda imkoniyati cheklangan bolalar uchun maktabgacha ta’limni uyda berish modelini joriy qilish choralari ko‘rilmoqda.
– Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ta’lim olishi va kasb egallashiga ko‘maklashish, og‘ir kasallikka chalingan bolalarni davolash maqsadida Bolalarni qo‘llab-quvvatlash fondi tashkil etilib, unga davlat byudjetidan 100 milliard so‘m ajratildi, – dedi T.Norboyeva. –Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar muhofazasiga qaratilgan choralar natijasida 20 ta Mehribonlik muassasasining faoliyati tugatildi. Ularda tarbiyalanayotgan jami 2 ming 161 nafar tarbiyalanuvchi o‘z oilasi va yaqin qarindoshlariga, Oilaviy bolalar uylariga, ta’lim muassasalariga o‘tkazildi. E’tiborli jihati 134 Oilaviy bolalar uyidan 839 nafar tarbiyalanuvchi mehr topdi.
Ayni paytda 3 ta Mehribonlik muassasasida 270 nafar, 3 ta “SOS – O‘zbekiston bolalar mahallasi”da 173 nafar, 10 ta Bolalar uylarida 319 nafar bola tarbiyalanmoqda. 2021 yilda 800 nafarga yaqin yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uy-joy bilan ta’minlandi.
Davra suhbatida YUNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xon, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Mikiko Otani (onlayn), YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade O‘zbekistonda bolalar huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni olqishlashi va bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Davra suhbatida BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining O‘zbekiston uchun tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlar muhokama qilindi.
Ishtirokchilar Bola huquqlari konvensiyasi ijrosi, bola huquqlari sohasidagi qonunchilik tashabbuslari va ustuvor yo‘nalishlarni muhokama qildilar.
BMT Bola huquqlari qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha joriy rejalar haqida fikrlashildi. Bunda kamsitmaslik, bolaning eng yaxshi manfaatlari, yashash, omon qolish va rivojlanish huquqi, qarashlarini hurmat qilish singari umumiy tamoyillarga e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston hukumatiga Konvensiyaning barcha sohalari bo‘yicha keng qamrovli siyosat, strategiya va harakatlar rejasini ishlab chiqishni hamda ularni amalga oshirish uchun yetarli insoniy, texnik va moliyaviy resurslarni ajratish tavsiya qilindi.
Senatorlar, vazirlik va milliy idoralar vakillari mazkur tavsiyani amalga oshirish, jumladan, Harakat dasturini monitoring qilish va hisobot tayyorlash bo‘yicha o‘z fikr va rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Bu jarayonda fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari bola huquqlari amalga oshirilishi monitoringiga jalb qilinishi zarurligi ta’kidlab o‘tildi.
N.ABDURAIMOVA, O‘zA muxbiri