20 noyabr – Butunjahon bolalar kuni
Bolalar kulgisi, quvonchi butun olamga quvonch ulashadi. Har bir xalq, millat o‘z farzandlarining baxti va kelajagi uchun barcha shart-sharoitni yaratishga intiladi. Zero, millatning mavjudligi va davomiyligi ertangi avlod bilan chambarchas bog‘liq.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 1959 yil 20 noyabrda “Bola huquqlari haqidagi Deklaratsiya”, 1989 yilda “Bola huquqlari to‘g‘risida Konvensiya” qabul qilingan. Shu bois, barcha mamlakatlarda 20 noyabr Butunjahon bolalar kuni sifatida nishonlab kelinadi. Ushbu sana bolalar farovonligini oshirishga, dunyo miqyosida bolalar manfaatlari yo‘lida BMT tomonidan olib borilayotgan ishlarni kuchaytirishga qaratilgan.
Bolalar huquqlarini ta’minlash borasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar xususida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavjuda Hasanova bilan suhbatlashdik.
– Yurtimizda inson huquq va manfaatlari har narsadan ustun ekanligi amalda ta’minlanmoqda. Inson, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlat siyosatining asosiy mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Kelajagimiz bo‘lgan farzandlarimizning sog‘lom va bekami-ko‘st o‘sishi uchun barcha sharoitlar yaratilishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada davlat organlarining faoliyati aynan shu siyosatni amalda ro‘yobga chiqarishga qaratilgan.
– Yangilangan Konstitutsiyamizda aynan bolalar huquqlari borasida qanday yangiliklar belgilangan?
– Darhaqiqat, yangi qabul qilingan Bosh qomusimizning XIV bobi Oila, bolalar va yoshlar deb nomlangan. Ushbu bobdagi normalarda bolalarning huquqlari va burchlari aks etgani kelajakda ularni himoya qilishga xizmat qiladi. Xususan, Konstitutsiyamizning 77, 78, 79, 80-moddalarida bolalarning huquqlari va manfaatlariga xizmat qiladigan normalar kiritilgan.
Masalan, 77-moddada ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom,to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majbur ekanliklari belgilangan. Ushbu normaning kiritilishi ota-onalar farzandini voyaga yetgunga qadar boqish va tarbiyalashga majbur ekanligini Bosh qonun bilan qat’iy belgilab berdi. Bu bolalarning qarovsiz qolib ketmasligini ta’minlashga xizmat qiladi. Sir emaski, ba’zi bir ota-onalar farzandlarini tashlab, xorijiy davlatlarga ishlash uchun ketib qolishlari, oqibatda voyaga yetmagan bolalar o‘rtasida turli xil noxush holatlar yuzaga kelayotganiga guvoh bo‘layapmiz. Yoki voyaga yetmagan bolalarni xorijda o‘qish uchun nazoratsiz qoldirish holatlari ham borligi sabab qonunchiligimizga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ota-onalarga, hamrohlik qiluvchilarga nisbatan javobgarlik kuchaytirildi.
Bundan tashqari, Konstitutsiyamizning 77-moddasi ikkinchi qismida “davlat va jamiyat yetim bolalarni hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqishni, tarbiyalashni, ularning ta’lim olishini, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishini ta’minlaydi, shu maqsadda xayriya faoliyatini rag‘batlantiradi”, deya mustahkamlangan. Ushbu norma bolalarni, chin yetimlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutadi. Ularning o‘qishga kirishidan tortib, o‘z yo‘lini topishi, ish va uy-joy bilan ta’minlanishini davlat o‘z zimmasiga olmoqda. Bugungi kunda qanchadan-qancha yetim bolalarga davlatimiz tomonidan uy-joy berilganini ko‘rib turibmiz. Bu boradagi ishlar yanada kengaytirib boriladi.
Shuningdek, Qomusimizning 78-moddasi ikkinchi qismida bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati ekanligi o‘z ifodasini topgan. Bundan ko‘rishimiz mumkinki, davlat bolaning manfaatlarini, huquqlarini himoyalashni, rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni muhayyo qilishni to‘liq o‘z zimmasiga olmoqda. Umuman, Bosh qomusimizda bolalarni davlat tomonidan muhofaza qilishga oid barcha normalar kelgusida ularning huquqlarini himoyalashga, to‘la-to‘kis ulg‘ayishiga xizmat qiladi.
– Shu o‘rinda “O‘zbekiston – 2030" strategiyasida boalar haq-huquqlari hamda ularning salomatligini asrash borasida belgilangan maqsad-vazifalar xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
–To‘g‘ri ta’kidladingiz, “O‘zbekiston-2030" strategiyasida ham aynan bolalarning sog‘lom va aqliy rivojlanishini ta’minlashga, ularni barkamol qilib voyaga yetkazishga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, Strategiyaning 15-16 maqsadlari aynan bolalarimizni kelgusida sog‘lom va ma’naviy yetuk bo‘lib o‘sishiga qaratilganligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
15-maqsadda bolalar o‘rtasida irsiy kasalliklarning oldini olish va davolash samaradorligini oshirish,16-maqsadda esa onalar va bolalar o‘limini qisqartirish, sog‘lom bolalikni ta’minlash maqsadida 6-23 oylik bolalarni mikronutriyent kukuni, 2-10 yoshdagi bolalarni gelmintoz profilaktikasi bo‘yicha maxsus preparatlar, 3-15 yoshdagi bolalarni yod preparati bilan bepul ta’minlash maqsadlari belgilangan. Bu kabi ustuvor masalalarning hayotga tatbiq etilishi sog‘lom kelajakni ta’minlashda dolzarb o‘rin tutadi.
Bundan tashqari, mazkur dasturilamal hujjatda chekka va olis hududlarda joylashgan maktablar uchun 715 ta avtobus ajratish va o‘quvchilarning bepul qatnovini yo‘lga qo‘yish, maktablarni va maktabgacha ta’lim tashkilotlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash, 1-4 sinf o‘quvchilarining bepul ovqatlanishini tashkil etish kabi bir qator muhim vazifalar belgilab olingan. Bularning barchasi o‘sib kelayotgan farzandlarimizning belgilangan me’yorlar asosida, bekami-ko‘st ulg‘ayishiga zamin bo‘ladi.
– Bola huquqlarini ta’minlashda Bolalar ombudsmani institutining o‘rni qanday? Bolalar ombudsmanining vakolatlarini yanada mustahkamlash borasida qanday ishlar qilinmoqda?
– Yaqin yillargacha mamlakatimizda bola huquqlarini himoya qilish Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) tasarrufida edi. Hozirda esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) tashkil etilib, ushbu institut tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Darhaqiqat, bolalar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga oid muammolarni hal etishda Bolalar ombudsmani muhim hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Bola huquqlari bo‘yicha vakil bola huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllarini hamda vositalarini to‘ldiradi. O‘zbekiston Respublikasining bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchiligini xalqaro huquq normalari asosida takomillashtirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Fuqarolarning bola huquqlari sohasidagi huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashadi. Shu bois ham bugun mazkur tuzilma faoliyati mustahkamlanmoqda. Viloyatlarda ham Bolalar ombudsmani vakillari ish olib bormoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlashim joizki, yaqinda Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) institutining huquqiy asosini ta’minlash maqsadida bir guruh deputatlarimiz tomonidan qonunchilik tashabbusi ilgari surildi. Parlament quyi palatasida birinchi o‘qishda ma’qullanib, ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilayotgan mazkur qonun loyihasining maqsadi Bolalar ombudsmanining huquqlari, majburiyatlari, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va kafolatlarini belgilash hamda faoliyatini tartibga solishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) mansabdor shaxs bo‘lib, unga davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar tomonidan bola huquqlari hamda erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini ta’minlash vakolatlari berilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun amalga oshirilayotgan islohotlar va qabul qilinayotgan qonunlarda inson huquqlari ustuvorlik kasb etmoqda. Olib borilayotgan sa’y-harakatlar kelajagimiz egalari bo‘lgan bolalarimizni har tomonlama sog‘lom va yetuk bo‘lishiga, ularning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlari ta’minlanishiga xizmat qilishiga ishonamiz.
O‘zA muxbiri
Muhtarama Komilova suhbatlashdi.