Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyo aholisining 57-58 foizi, O‘zbekiston aholisining esa yarmidan ko‘pi shaharlarda yashaydi. O‘tgan yillar davomida yurtimiz shaharlari yangicha qiyofa kasb etib, xalqaro darajadagi tadbirlar mezboniga aylandi. Birodar shaharlar konsepsiyasi – bu global dunyoda o‘zaro tushunish, hamkorlik va umumiy rivojlanishga xizmat qiluvchi muhim platforma. O‘zbekiston shaharlari uchun ham bu tizim jahonga integratsiyalash va milliy imkoniyatlarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Joriy yilning 7 may kuni O‘zbekistonda xalqaro shaharlar hamkorligi yo‘lida muhim qadam qo‘yildi. Ya’ni, O‘zbekiston “Birodar shaharlar alyansi” o‘z faoliyatini rasman boshladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasida mazkur alyans tashkil etilgani munosabati bilan taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimotda Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, “Vatandoshlar” jamoat fondi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekistonda “Birodar shaharlar alyansi” xalqaro hamkorlik va madaniy almashinuvni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslardan biri. Ushbu tashabbus Yangi O‘zbekistonning ochiqlik, taraqqiyot va jahon hamjamiyati bilan yaqin hamkorlikni kuchaytirish tamoyillari ifodasidir.
– Alyansning asosiy maqsadi – O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar shaharlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni “xalq diplomatiyasi” asosida mustahkamlash, madaniyat, ta’lim, iqtisodiyot, turizm, ekologiya va innovatsiyalar yo‘nalishlarida amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat, – deydi O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti Otabek Alimardonov. —Shuni alohida ta’kidlash lozimki, hozirda O‘zbekiston va xorijiy davlatlar hududlari o‘rtasida 71 ta birodarlik aloqalari o‘rnatilgan.
Alyans doirasida amalga oshiriladigan ustuvor yo‘nalishlarning eng asosiylari shaharlar o‘rtasida doimiy muloqot va hamkorlik platformasini yaratish, qo‘shma madaniy va ta’lim loyihalarni amalga oshirish, turizm, hunarmandchilik va mahalliy brendlarni rivojlantirish, yoshlar va mutaxassislarga tajriba almashinuv dasturlarini tashkil etishdan iborat. Alyans O‘zbekistonning xalqaro imijini yanada oshirish, shaharlarimizni dunyo bilan bog‘lash va xalqlar o‘rtasida do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, xalqlar o‘rtasida o‘zaro ishonch, do‘stlik va anglashuvni kuchaytiradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/IhXKnr9NDLY" title="O‘zbekistonda “Birodar shaharlar alyansi” tuzildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova, O‘zA