Mamlakatimizda ta’lim, tibbiyot, farmatsevtika, muhandislik, sanoat kabi turli sohalarda samarali faoliyat olib borayotgan ayollar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Xo‘sh, bugun O‘zbekistonda ayollarning necha foizi o‘z ishiga, daromadiga ega? Ayollar huquqlarini himoya qilish, ularga qulay mehnat sharoitlarini yaratish borasida qanday chora-tadbirlar amalga oshirildi?
Mazkur savol yuzasidan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Zarifa Iskandarova quyidagilarni ma’lum qildi:
– Opa-singillarimizni jamiyatning teng huquqli, faol va bunyodkor a’zosiga aylantirish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish bugunning dolzarb vazifalaridan biridir, – deydi Zarifa Iskandarova. – Ayni damda mamlakatimizda xotin-qizlarning 44 foizi o‘z ishiga, daromadiga ega bo‘lib, ishsiz ayollar bandligini ta’minlash borasida ham bir qancha ustuvor vazifalar belgilab olingan.

Statistikaga e’tibor qaratsak, hududlardagi Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari tomonidan 2023 yilning 10 oyi davomida 90 ming 336 nafar ishsiz xotin-qiz kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitildi. Ularning 29 ming 921 nafari o‘zini o‘zi band qilib, shundan 12 ming 585 nafari imtiyozli kreditlar bilan ta’minlandi. 7 ming 188 nafar xotin-qiz o‘z biznesini boshlash maqsadida tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tib, ularning 4 ming 373 nafariga tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar ajratildi. 26 ming 838 nafar xotin-qiz doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi.
Ishlash istagi bo‘lgan 143 ming 487 nafar xotin-qizning 135 ming 342 nafari bandligi ta’minlanishiga ko‘maklashildi. Kasb-hunarga o‘qish va o‘rganish istagi bo‘lgan 41 ming 508 nafar xotin-qizning 41 ming 165 nafari kasb-hunarga o‘qitishga yo‘naltirildi.
Alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, mavjud qonunchilikka ko‘ra, mahallalarda xotin-qizlar bandligini ta’minlash markazlarini ochgan tadbirkorlarga davlat granti ajratilib, 1 nafar ayol uchun 3 million so‘mdan oshmagan miqdorda pul to‘lanadi. Mablag‘lar Oila va xotin-qizlar jamg‘armasi hisobidan moliyalashtirilishi belgilab qo‘yilgan. Mehnatga layoqatli, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlagan ish beruvchilar uchun 6 oy davomida har oyda BHMning 2 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA