Davlat kadastrlari palatasi tomonidan auksion savdosida jismoniy shaxs ishtiroki tartibi to‘g‘risida ma’lumot berish maqsadida ommaviy axborot vositalar uchun press-tur tashkil etildi. Press-turning dastlabki manzili Davlat kadastrlari palatasi Yangihayot tumani filiali bo‘ldi. Unda Yangihayot tumanidagi auksion savdosiga qo‘yiladigan yerlar bilan tanishtirildi.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 fevraldagi “Elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, auksionga chiqarilgan ob’ektlarni sotishga va oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishga faqat auksionda kamida ikkita ishtirokchi qatnashganda ruxsat beriladi.


Xabarnoma joylashtirilgan paytdan boshlab, auksion yakunlangunga qadar ishtirokchi ob’ektni sotib olish (ijaraga olish) bo‘yicha auksion qadamiga bog‘lanmagan va savdo boshlangunga qadar boshqa ishtirokchilarga oshkor etilmaydigan o‘z narx taklifini kiritishi mumkin. – Agar auksion jarayonida ob’ekt narxi qadamga bog‘lanmagan narx taklif etgan ishtirokchi tomonidan taklif etilgan narxdan oshsa, unga platforma orqali xabar yuboriladi va auksion ishtirokchilariga navbatdagi narxni belgilangan tartibda oshirish uchun o‘n daqiqa vaqt beriladi, – deydi Davlat kadastrlari palatasi Yerlarni auksionga qadar dasturga joylashtirish, kelishish ishlarini muvofiqlashtirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Sholaziz Shomansurov. – Auksionda ishtirokchi tomonidan auksion qadamiga bog‘lanmagan holda berilgan narx auksion kuni inobatga olinadi va bu ishtirokchining auksion ob’ektini shu qiymatda sotib olish istagini tasdiqlaydi.

Tegishli lot bo‘yicha auksion boshlanishidan o‘ttiz daqiqa oldin savdo platformasida avtomatik rejimda auksion boshlanishi to‘g‘risidagi axborot shakllantiriladi va e’lon qilinadi. Agar auksion boshlanganda ikki va undan ortiq ishtirokchilarning auksion qadamiga bog‘lanmagan holda taklif etgan narxlari qiymati teng bo‘lsa, barcha ishtirokchilarga navbatdagi narxni taklif etishlari uchun vaqt taqdim etiladi. Bunda ishtirokchilardan birontasi ob’ektni sotib olish (ijaraga olish) bo‘yicha taklif etgan narxini belgilangan bosqichga oshirish yo‘li bilan sotib olish istagini taqdim etiladigan navbatdagi o‘n daqiqa davomida tasdiqlamasa, ob’ekt uchun birinchi bo‘lib narx taklif etgan ishtirokchi g‘olib deb topiladi.

Agar ishtirokchilardan biri ob’ektni sotib olish (ijaraga olish) bo‘yicha narxni bir auksion qadamiga oshirish yo‘li bilan sotib olishni (ijaraga olishni) tasdiqlasa yoki auksion qadamiga bog‘lanmagan narx taklif etsa, boshqa ishtirokchilarga keyingi narxni tasdiqlash uchun navbatdagi 10 daqiqa vaqt beriladi. Joriy narx oshirilganidan keyin bironta ishtirokchi joriy narxni bir auksion qadamiga oshirish yo‘li bilan sotib olishni (ijaraga olishni) tasdiqlamasa, sotib olishni (ijaraga olishni) oxirgi bo‘lib tasdiqlagan ishtirokchi g‘olib deb e’tirof etiladi. +Yerlarni auksion savdolariga chiqarish sxemasi 9 ta bosqichda amalga oshiriladi. Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalari mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi. Yer uchastkalarini auksionga chiqarish muddati ijara huquqi – 13 kun, mulk huquqi – 20 kundan iborat. Birinchi bosqich – fuqaro takliflarini “Yerelektron ATT”ga kiritib, tegishli tuman, shahar hokimligiga yuboradi. Ikkinchi bosqichda tuman, shahar hokimligi takliflarga asosan 1 ish kuni mobaynida buyurtma yuboradi. Uchinchi bosqichda Davlat kadastrlari palatasi tuman, shahar filiallari 1 ish kuni davomida yer tanlash materiallarini tayyorlaydi. To‘rtinchi bosqichda kommunal tashkilotlar muhandislik- kommunikasiya tarmoqlariga ulash mumkinligi to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etadi. Ekologiya boshqarmalari ekologik jihatdan xulosa beradi. Shuningdek, tegishli tashkilotlar bilan 3 ish kuni mobaynida materiallarni kelishadi yoki kelishishni rad etadi. Shunday so‘ng, Davlat kadastrlari palatasi tuman/shahar filiallari 4 ish kuni davomida yer uchastkalari uchun kadastr yig‘majildini tayyorlaydi. Tuman, shahar hokimliklari 2 ish kuni davomida «E-qaror» elektron tizimida qaror qabul qiladi, huquq turini belgilaydi hamda ijara shartnomasini imzolaydi.

Davlat kadastrlari palatasi tuman, shahar filiallari 2 ish kuni davomida tuman, shahar hokimligi nomiga yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazadi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hududiy boshqarmalari 7 ish kuni davomida baholovchi tashkilotni aniqlaydi, bozor qiymatni aniqlash ishlarini tashkil etadi hamda yer uchastkasining bozor qiymatini kiritadi. Bunda ijara huquqi dasturga avtomatik kiritiladi. Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi auksion savdolarini o‘tkazadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA