Rossiya Federatsiyasi Sankt-Peterburg shahrining Kolpino rayonidagi Kolpino shahrida “O‘zbekistonda barpo etiladigan kam quvvatli atom elektr stansiyasi reaktori uchun quyiladigan po‘latga ishlov berish jarayonlari” mavzusida press-tur bo‘lib o‘tganligi haqida xabar bergan edik.
Jahon atom energetikasi sohasi yetakchilaridan biri – «Rosatom” davlat korporatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan hamda korporatsiyaning qator sohalari mutasaddi va mas’ullari, mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan press-tur davomida atom energetikasi sohasi, uning istiqbollari, “Rosatom” tomonidan amalga oshirilgan loyihalar, atom energetikasi sohasida Rossiya va O‘zbekiston hamkorligi, Rossiya texnologiyasi asosida Jizzax viloyatida barpo etiladigan kam quvvatli atom elektr stansiyasi loyihasi haqida keng ma’lumotlar berildi, korporatsiyaning mashinasozlik divizioni texnik imkoniyatlari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Shuningdek, “Rosatom” tasarrufidagi “AEM-Spetsstal” ishlab chiqarish kompleksi hamda “Ijora” zavodi sexlaridagi ish jarayonlari bilan yaqindan tanishildi.
Atom energetikasi – energiya ishlab chiqarishda samarali tarmoq
Shu o‘rinda atom energetikasi, uning ahamiyati xususida qisqacha to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq. Atom energetikasi orqali jahondagi mavjud energoresurslarning salmoqli qismi ishlab chiqarilmoqda. Bir necha o‘n yillar avval yo‘lga qo‘yilgan ushbu tarmoq bugungi kunga kelib, dunyo miqyosida elektr energiyasi ishlab chiqarishda muhim o‘rin tutmoqda. Atom elektr stansiyalarida ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi boshqa turdagi elektrostansiyalarda ishlab chiqarilayotgan energiyaga nisbatan arzonligi, asosiysi, turli zararli modda va gazlarning atmosferaga chiqishi o‘ta kamligi bilan ham ahamiyatlidir.
Hozir Amerika Qo‘shma Shtatlari, Rossiya, Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Vengriya, Shvetsiya, Xitoy singari o‘nlab davlatlarda atom energiyasidan foydalanish ancha rivojlangan. Bu iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash, aholining energiyaga nisbatan kundan-kunga o‘sib borayotgan ehtiyojini qondirishda muhim rol o‘ynamoqda.
Atom elektr stansiyalarida yadro energiyasi maxsus zanjirli jarayonlar orqali elektr energiyaga aylantiriladi. Bu ham arzon, ham yuqori ekologik samaradorligi bilan boshqa turdagi energiya ishlab chiqarish usullaridan afzaldir.
Sohaning afzallik va qulayliklari, samaradorligi inobatga olinib, keyingi yillarda mamlakatimizda atom energetikasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida atom energetikasi bo‘yicha “O‘zatom” agentligi tashkil etilib, samarali faoliyat olib bormoqda.
Jumladan, O‘zbekiston hukumati, sohaga aloqador tashkilotlar tomonidan yurtimizda atom elektr stansiyasini barpo etish masalasi atroflicha o‘rganilib, aniq xulosaga kelindi. Ya’ni mamlakatimizda atom elektr stansiyasini qurish maqsadga muvofiq deb topildi va bu borada amaliy ishlar boshlab yuborildi.
2024 yil may oyida O‘zbekiston o‘z hududida kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurish bo‘yicha jahon atom energetikasi sohasida muayyan tajriba ega, mazkur yo‘nalishda samarali ish olib borayotgan va ijobiy natijalarga ega Rossiya Federatsiyasining “Rosatom” davlat korporatsiyasi bilan kelishuvga erishdi.
Mutaxassislar tomonidan kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurish uchun potensial maydonlarni aniqlash bo‘yicha ishlar olib borildi. Ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasi va tegishli tashkilotlar tomonidan Jizzax va Navoiy viloyatlarida muhandislik-qidiruv ishlari amalga oshirildi. Ushbu qidiruv ishlari natijalari bo‘yicha 7 ta potensial maydon aniqlanib, ular bir-biri bilan taqqoslandi. Taqqoslash va solishtiruv natijalari Atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha davlat komissiyasi va «O‘zatom» agentligining ilmiy va ekspertlik kengashi qo‘shma yig‘ilishida ekspertlar, olimlar, vazirlik, idoralarning mutaxassislari ishtirokida ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Jizzax viloyati Forish tumanida joylashgan Tuzkon ko‘li yonidagi maydon atom elektr stansiyasini qurish uchun ustuvor maydon deb topildi.
Mamlakatimizning atom energetikasidan foydalanish, atom elektr stansiyasi qurish borasidagi sa’y- harakatlari Xalqaro atom energiyasi agentligi (IAEA) tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. Xalqaro atom energiyasi agentligining maxsus komissiyasi tomonidan O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurish loyihasi, qurilishi lozim deb topilgan maydon o‘rganildi.
Tekshiruv davomida Xalqaro atom energiyasi agentligi komissiyasi inspektorlari atom energetikasi dasturining infratuzilmasini rivojlantirish hamda loyiha hujjatlari tayyorligi, shuningdek, ob’ektni muhofaza qilish va yadro tarqalishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan xavfsizlik choralarini ham chuqur tekshirdi.
O‘zbekistonda hali atom energetikasi maydonchasini aniqlash, qurish bo‘yicha norma, qoidalari mavjud emasligidan kelib chiqib, o‘rganish va tekshirish jarayonlari MAGATE tomonidan belgilangan hamda Rossiya federatsiyasining norma va qoidalari asosida o‘tkazildi. Hukumatlararo bitimga muvofiq, ushbu loyihani amalga oshirishda Rossiya Federatsiyasining normalaridan foydalanish belgilandi. Ana shundan kelib chiqib, maydonni tanlash MAGATEning tavsiyalari va Rossiya Federatsiyasining normalari bo‘yicha baholandi.
O‘rganish va tekshiruvlardan so‘ng O‘zbekiston o‘z hududida birinchi atom elektr stansiyasini qurishga to‘liq tayyor, degan xulosaga kelindi.
Hamkorlik: samara va istiqbollar
“Rosatom” davlat koorporatsiyasi tasarrufidagi “AEM-texnologiya” aksiyadorlik jamiyati bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Rovshan Abbosov, korporativ kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Anastasiya Margolina, “Rosatom-mashinostroyeniye” mas’uliyati cheklangan jamiyatining sotish va yordamchi jihozlar deportamenti direktori Aleksandr Osipov, “Rosatom” mashinasozlik divizioni kam quvvatli atom stansiyalari loyihalar ofisi direktori Vitaliy Pakermanov, “RMS” muassasasi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha menedjeri Tatyana Kutruyeva va boshqa mas’ullar ishtirok etgan press-tur doirasida o‘tkazilgan tadbirda “Rosatom” tomonidan amalga oshirilgan loyihalar, atom energetikasi sohasida Rossiya va O‘zbekiston hamkorligi, Rossiya texnologiyasi asosida Jizzax viloyatida barpo etiladigan kam quvvatli atom elektr stansiyasi loyihasi haqida ma’lumotlar berildi, korporatsiyaning mashinasozlik divizioni texnik imkoniyatlari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Rossiya atom elektr stansiyalari orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda oldingi o‘rinlardan birida turadi. Umuman, “Rosatom” tomonidan Rossiya texnologiyasi asosida, dunyoning 20 yaqin davlatida 40 yaqin atom elektr stansiyasi barpo etilgan va hozirda qurilish ishlar olib borilmoqda. Amalga oshirilgan barcha loyihalar xalqaro me’yor va normalar asosida bajarilgan.
–Jumladan, O‘zbekistonda quriladigan kam quvvatli atom elektr stansiyasi ham ana shulardan biri hisoblanadi, – deydi “Rosatom” mashinasozlik divizioni kam quvvatli atom stansiyalari loyihalar ofisi direktori vazifasini bajaruvchi Vitaliy Pakermanov. – Nima uchun kam quvvatlli atom elektr stansiyasi barpo etilayotganligiga e’tibor qaratilayotganligini alohida ta’kidlashni istar edim. Chunki bunday stansiyalarda bir maydonga bir nechta blok va reaktorlarni o‘rnatish imkoniyati kenroq, qolaversa, foydalanish qulay va yuqori xavfsizlik tizimiga ega.
O‘zbekiston va Rossiya hamkorligidagi loyiha doirasida Rossiya texnologiyasi asosida Jizzax viloyatida barpo etiladigan har biri 55 MVt bo‘lgan oltita reaktordan iborat, umumiy quvvati 330 MVtli kam quvvatli atom elektr stansiyasi yangi – suv-suv yadro reaktori “RITM-200 N”dan foydalangan holda quriladi.
Innovatsion va ilg‘or texnologiyalarga asoslangan mazkur loyiha o‘zining ixchamligi, uskuna va komponentlarni yig‘ishning qulayligi, katta xajmdagi atom elektr stansiyalariga nisbatan qurilish ishlarining qisqa muddat talab etishi bilan ahamiyatlidir.
“RITM-200 N” tipidagi reaktorlar o‘rnatiladigan kam quvvatli atom elektr stansiyasi 60 yilgacha muddat xizmat ko‘rsatadi. Yirik korxonalar, umuman, iqtisodiyot tarmoqlari uzluksiz, sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlanishini kafolatlaydi.
Barpo etiladigan stansiyada xavfsizlikni ta’minlash, atrof-muhitga salbiy ta’sirning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Stansiya xavfsizlik va ekologik musaffolikni ta’minlash bo‘yicha xalqaro talablarga javob beradigan eng zamonaviy uskunalar bilan ta’minlanadi. Qolaversa, o‘rnatiladigan avtomatik boshqaruv tizimi insonlarning xato qilish imkoniyatlarini keskin cheklaydi.
Malakali mahalliy kadrlar tayyorlash – muhim vazifa
Shuningdek, taqdimotda mamlakatimizda barpo etiladigan kam quvvatli atom elektr stansiyasi ishlaydigan, unga xizmat ko‘rsatadigan mahalliy mutaxassislarni tayyorlash masalasida ham alohida fikr yuritildi.
–Albatta, bo‘lajak kam quvvatli atom elektr stansiyasida ish olib boradigan, unga xizmat ko‘rsatadigan mutaxassislar asosan mahalliy kadrlardan iborat bo‘ladi, – deydi Vitaliy Pakermanov. – Bu borada “Rosatom” koorporatsiyasi va “O‘zatom” agentligi hamkorligida malakali mahalliy mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi qator oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan yoshlar tanlab olinib, ularni Rossiya Federatsiyasining atom energetikasi sohasi uchun mutaxassislar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtlarida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Umuman, bu borada oldimizga qator vazifalar qo‘yib olganmiz. Asosiy maqsadimiz raqobatbardosh, yuqori malakali, ilg‘or texnologiyalar bilan ishlay oladigan mahalliy mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan.
Yurtimizda quriladigan kam quvvatli AES reaktorlari uchun po‘lat asoslar quyildi
Press-tur qatnashchilariga “Rosatom” korporatsiyasi mashinasozlik divizionining texnik imkoniyatlari, uning tarkibiga kirgan korxonalar tomonidan kam quvvatli atom elektr stansiyalariga reaktor uskunalari va boshqa turli qismlarni tayyorlash, ularga ishlov berish haqida ma’lumotlar berildi. “AEM-spetsstal” korxonasining 47- sexidagi ish jarayonlari bilan tanishildi.
- Korxonamiz “Rosatom” mashinasozlik divizioni ishlab chiqarish va texnologik jarayonlari zanjirining ilk pog‘onasi hisoblanadi, – deydi “AEM-spetsstal” korxonasi direktori Sergey Kuznetsov. – Ya’ni bu yerda issiqlik, atom energetikasi komplekslari, shuningdek, sanoatning boshqa tarmoqlari uchun reaktorlar, bug‘ generatorlari hamda boshqa barcha turdagi metall qism va jihozlar tayyorlanadi, atom elektr stansiyalari reaktorlari uchun korpuslar quyiladi.
Reaktor jihozlarini tayyorlash maxsus maydonlarda atom elektr stansiyalari qurilishi boshlanishidan avvalroq boshlanadi. Jumladan, O‘zbekistonda barpo etiladigan kam quvvatli atom elektr stansiyasining “yuragi” hisoblanadigan “RITM-200 N” tipidagi reaktorlar uchun po‘lat korpuslar ham aynan korxonamizda quyiladi.
[gallery-23932]
Texnologik zanjirning birinchi bosqichida zamonaviy po‘lat quyish kompleksida atom elektr stansiyasining asosi bo‘lgan, og‘irligi 450 tonnagacha keladigan po‘lat asos 1200 dan 1600 gradusgacha issiqlikda quyiladi. Bu bosqichda suyultirilgan metalga maxsus kimyoviy ishlov berish muhim hisoblanadi. Chunki reaktor o‘rnatiladigan ushbu jihoz bir necha o‘n yillar davomida yuqori bosim va haroratda ishlaydi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, bugungi kunda “Rosatom” olim va mutaxassislari metallurgiya bo‘yicha noyob malaka hamda tajribalar o‘tashgan. Ular tomonidan o‘ta mustahkam po‘lat yaratish bo‘yicha yangi texnologiyalar ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, metallning yuqori sifatini ta’minlash uchun korxonada elektroshlak va vakuum-yoyni qayta eritish moslamalari ishlatilmoqda. Po‘latni eritish juda kuchli yoyli po‘lat eritish pechida amalga oshiriladi. Ishlab chiqarish jarayonida suyuq metalning harorati 1700 darajaga yetadi. Shundan so‘ng eritilgan metall quyish kovshiga kelib tushadi, u yerda suyuq metall qolipga solinadi va maxsus ishlov beriladi, vakuumlash, metalning kimyoviy tarkibni kuchaytirish jarayonlari bajariladi. Po‘latni quyish vakuum kamerasida amalga oshiriladi, bu metalni qo‘shimcha tozalash imkonini beradi. Olingan quyma suyuq metall ma’lum vaqt maxsus kamerada saqlanadi, belgilangan darajagacha sovutiladi, so‘ngra quyish, temir-presslash sexiga yuboriladi.
Ikkinchi bosqich quyish, presslash bo‘lib, press-tur ishtirokchilari sexda aynan ana shu jarayonni bevosita kuzatish imkoniga ega bo‘ldi.
Po‘latni maxsus qolipga quyish jarayoni dunyodagi eng kuchli, 12 ming tonna quvvat bilan ishlaydigan avtomatlashtirilgan maxsus majmuada amalga oshiriladi. Ushbu bosqich doirasida metalga zarur shakl beriladi. Zarur shaklga keltirilgan asos ishlov berish uchun mashinasozlik divizioni tarkibidagi boshqa zavod sexlariga yuboriladi.
Po‘lat plastik deformatsiya usulida ishlov berish yo‘li bilan zarur shaklga keltirilgandan so‘ng uchinchi bosqichda unga belgilangan geometrik parametrlar va mexanik tavsiflar asosida mexanik va termik ishlov beriladi.
Press-tur qatnashchilari ana shu ishlar amalga oshiriladigan “Rosatom” mashinasozlik divizioni tarkibidagi “Ijora” zavodining maxsus sexidagi ish jarayonlari bilan ham tanishdi. Mutaxassislar tomonidan ishlov berish jarayonlari haqida keng ma’lumotlar berildi.
Rossiya texnologiyasi asosida mamlakatimizda barpo etiladigan kam quvvatli atom elektr stansiyasining barcha reaktorlari uchun asoslar aynan yuqorida keltirilgan zavod sexlarida, qayd etilgan bosqichlarda tayyorlanadi.
Qiziqarli va mazmunli o‘tgan press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari loyiha doirasida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassis va mutasaddilardan batafsil javoblar oldi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/cIE6OHiOBwE" title="O‘zbekistonda atom energetikasi yangi bosqichga ko‘tariladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Faxriddin Ubaydullayev, Yoqubjon Meliboyev (surat), O‘zA muxbirlari
Toshkent - Sankt-Peterburg - Toshkent.