Jahonda qaysi mamlakatda aholi jon boshiga ishlab chiqariladigan elektr energiya miqdori ko‘p bo‘lsa, o‘sha mamlakat aholisi farovon yashaydi.
Akademik S.P.Kapitsa.
Aziz o‘quvchim! Rus olimi akademik Sergey Petrovich shiorida insoniyat farovonligi uchun elektr energiya asosiy muammolardan biri sifatida qaralmoqda.
2020 yil kuz oylaridagi sovuq iqlim O‘zbekiston aholisiga ancha qiyinchiliklar tug‘dirganligi to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari orqali barchamiz ogoh bo‘ldik. Agar biz O‘zbekiston aholisi jon boshiga ishlab chiqariladigan elektr energiyasini oshirishni maqsad qilib qo‘yar ekanmiz O‘zbekiston Respublikasida 2018 yilda mamlakat atom energetikasini umumiy energetika balansiga kiritish, undan kamida 60 yil davomida xavfsiz foydalanishni ta’minlagan holda respublika hududida atom elektr stansiyasi barpo etishni nazarda tutuvchi Yadro-energetika dasturini amalga oshirishni jadallashtirish zarur deb o‘ylaymiz.
Binobarin, shu sabab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 fevraldagi “2019-2029 yillarda O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorini ijro etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Yadro-energetika dasturini atom energiyasidan xavfsiz foydalanish talablariga javob beradigan malakali kadrlar bilan o‘z vaqtida va to‘laqonli ta’minlash maqsadga muvofiq ekanligini e’tiborga olgan holda O‘zbekiston milliy universitetida va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti ma’muriyati bilan birgalikda prezidentimiz qarorini amalga oshirish uchun choralar ko‘rilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida “...Agar tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, dunyodagi deyarli barcha kashfiyot va texnologiyalarni yaratishda fizika fani fundamental asos bo‘lganini ko‘ramiz. Fizika qonuniyatlarini chuqur egallamasdan turib, mashinasozlik, elektrotexnika, IT, suv va energiyani tejaydigan texnologiyalar kabi bugun zamon talab qilayotgan sohalarda natijaga erishib bo‘lmaydi”, deb murojaat qildi.
O‘tgan asrning 30-yillarida uranni neytronlar ta’sirida ikkiga bo‘linishi va bu jarayon energiyani ajralib chiqishi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun ilmiy-tadqiqot markazlarida ishlaydigan fizik olimlar va muhandislar ushbu energiyani jilovlash uchun tadqiqot ishlari olib bordilar. Uran yadrosi bo‘linishidagi neytronlarning energiyasini pasaytirish uchun grafit qulay material ekanligi aniqlandi. Nihoyat 1942 yilda Amerikada yadro reaktori italiyalik olim Enriko Fermi rahbarligida ishga tushirildi.
Yadro reaktorida kechadigan zanjirli reaksiyada hosil bo‘lgan neytronlar oqimini me’yoridan ortiq yuzaga kelmasligini maxsus neytron yutadigan materiallar hisobiga nazorat qilinadi. Tadqiqotchi fiziklarni reaktor qarida uran-238 izotopining neytronni ushlab qolishi hisobiga yuzaga keladigan plutoniy-239 izotopining fizik xususiyatlari qiziqtirib qoldi. Ushbu izotopning fizik xususiyati xuddi uran-235 izotopga o‘xshash neytronlar ta’sirida zanjirli reaksiyani yuzaga keltirar ekan. Shu sabab, yadro reaktor mahsuli bo‘lgan plutoniyni ximiyaviy yo‘l bilan ajratib olish va undan atom bombasi yaratish uchun Amerika harbiy xodimlari katta mablag‘ sarfladilar. Biz tarixdan Nagasaki va Xirosima shaharlariga AQSH harbiy kuchlari tomonidan tashlangan plutoniy bombasi to‘g‘risida eshitganmiz.
Butun jahon olimlari ushbu qirg‘inbarot qurolni yaratgandan ko‘ra zanjirli reaksiyada ajralib chiqadigan energiyadan tinchlik maqsadida foydalanish, insoniyat farovonligiga ko‘proq foyda keltirishi to‘g‘risida ilmiy anjumanga to‘planishni zarur deb topdilar. Nihoyat, 1955 yil avgustida Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish bo‘yicha o‘tkazilgan birinchi Xalqaro ilmiy-texnik konferensiyada yadro energetikasi energiya ishlab chiqarishning yangi yo‘nalishi sifatida tan olindi va bu bilan yadro energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanishdagi Xalqaro hamkorlik boshlandi.
Yadro reaktorlarining tuzilishi va ishlash tamoyillari turlicha va juda murakkab bo‘lib, undan kerakli maqsadlarda foydalanish uchun uning har bir qismi nihoyatda katta aniqlik bilan tayyorlash talab etiladi. Masalan, boshqariluvchi yadro reaksiyasini amalga oshirish va uning xavfsiz davomiy ishlashini ta’minlash uchun ishlovchi asboblardagi chetlanishlar 10-8 dan oshmasligi kerak. Bu esa AES va yadro reaktorlari ustida mehnat qilayotgan olimlar, konstruktorlar va muhandislardan nechog‘li chuqur bilim va malaka talab etilishini ko‘rsatadi. Atom yadrosining energiyasidan tinchlik maqsadlarda foydalanish yuzasidan sobiq SSSR davlatining fizik olimlari tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlari ham tahsinga loyiq.
bugungi kunda yadro energetikasi insoniyatni dunyoda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 20-25 foizi bilan ta’minlaydi. Fan va texnologiyaning bugungi kundagi yangiliklari va imkoniyatlariga asoslangan holda olimlar yaqin o‘n yillarda atom energiyasi qulay va ekologik jihatdan nisbatan toza bo‘lgan asosiy energiya manbai bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini tasdiqlashmoqda. Tinchlik maqsadlaridagi atom energiya bloklarining qurilishi yangi texnologiyalarni yaratish, mamlakatning yangi va tezkor rivojlanish bosqichiga o‘tishidagi imkoniyatlarning oshishiga olib keladi. Buni Amerika va Yevropaning rivojlangan davlatlari misolida ko‘rishimiz mumkin. Shu nuqtai nazardan, yadro energetikasidan foydalanish maqsadlariga tor doirada qaramaslik lozim.
Hozirgi kunda insoniyatning energiyaga, uning qay turda bo‘lishiga qaramasdan, ehtiyoji juda tez suratlarda oshib borayotganligi hech kimga sir emas. Ammo jamiyat uchun bugungi kunda ham uch omil muhimdir: olinayotgan energiyaning tannarxi va energiya manbaining atrof-muhit ekologiyasi uchun zararsizligi, energiya manbaining xavfsizligi va qanchalik samarali ekanligi, energiya ta’minotining uzluksizligi va davomiyligi. Atom energetikasi bu uch omilga ham qoniqarli tarzda javob bera oladi. Masalan, AES ishlab turganda atmosferaga chiqariluvchi uglerod miqdori boshqa energiya manbalariga (ko‘mir yoki gazda ishlovchi) nisbatan olganda juda kam. Atrof-muhitga tarqalayotgan radioaktiv izotoplar miqdori, radioaktiv chiqindilar xalqaro me’yorlarga to‘liq mos kelishi kerak.
Xomashyo vaznining kichikligi atom elektr stansiyasi ishlab chiqaruvchi energiyaning tannarxini bir necha o‘n yillar davomida, mutanosib tarzda, deyarli bir xil ushlab turish imkonini beradi. Katta quvvatli AESlarning ishlash muddatini, ularning resurslarini almashtirib turish bilan 60 yildan 100 yilgacha yetkazish mumkin. Ko‘pgina davlatlar energetika vazirliklarining muammolarning bu tarzdagi yechimlari to‘g‘risidagi qarorlari yuqoridagi fikrlar bilan mos tushadi. Masalan, Fransiya hukumati muqobil energiya manbalarini rivojlantirish bilan bir qatorda mamlakat energiya ta’minotining kamida 75 foizini AESlar zimmasiga qoldirmoqda. Shu sababli bu mamlakatda elektr energiyasining tannarxi Yevropadagi boshqa davlatlarga nisbatan eng past ko‘rsatkichga ega. Birlashgan Arab Amirliklari atom energiyasi bosh direktori Muhammad al-Hammadi fikricha, mamlakat elektr energiyasi ta’minotining 25foizini AESlar tashkil etishi kerak.
Bu esa atmosferaga 3 million tonna uglerod dioksidi chiqib ketishining oldini oladi. Belarusda quriluvi AES mamlakatni elektr energiyasi iste’molining uchdan bir qismi bilan ta’minlaydi. Respublika energetika vaziri V.Karankevichning aytishicha, atom energiyasi maorif sifatini oshirish, ilmiy-texnik potensialni rivojlantirish, yangi ishlab chiqarish korxonalarining paydo bo‘lishi, transportda va aholi yashash uylarini isitish tarmoqlarida elektr energiyasidan foydalanishning yangi sohalarini ochishga hamda rivojlantirishga imkoniyat yaratadi.
Dunyoda sanoatning rivojlanishi tufayli yaqin yillarda elektr energiyasiga bo‘lgan talab nihoyatda ortib ketishi bashorat qilinmoqda. Dunyoda yetarli energiya balansini ta’minlash, iqlim o‘zgarishlarini yumshatish kabi murakkab masalalarning yechimlaridan biri ishga tushirilayotgan yadro quvvatlarini oshirishdan iboratdir.
2019 yilning o‘rtalariga kelib dunyoda faoliyatda bo‘lgan yadro energobloklarining soni 453 taga yetdi. Dunyo bo‘yicha AESlarda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining yarmi AQSH va Fransiya davlatlariga to‘g‘ri keladi. bugungi kunda ishlab turgan yadro reaktorlarining o‘rtacha yoshi 28 yil bo‘lib, Shvetsariyada 52 yildan buyon ishlab turgan reaktor ham bor. bugungi kunda Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi Turkiya, Pokiston, Hindiston, Vengriya, Slovakiya, Misr mamlakatlarida, jumladan, O‘zbekistonda ham AES qurish ishlarini olib bormoqda.
AESlarning ekologik jihatdan yagona kamchiligi turbina kondensatorlarini sovitish uchun suvni ko‘p iste’mol qilishidir. Biroq, zamonaviy atom elektr stansiyalarida asosan sun’iy hosil qilingan suv omborlari yoki suv minoralaridan foydalaniladi. Bundan tashqari, AESning bir qism issiqligidan aholi yashovchi xonadonlarni, korxonalarni isitishda foydalanish mumkin. Bu esa issiqlikning besamar yo‘qotilishini kamaytiradi.
Hozirgi kunda ham AESlarning foydali ish koeffitsiyentlarini hamda xavfsizligini oshirish maqsadida yangi avlod yadro reaktorlarining xalqaro loyihalari ishlab chiqilmoqda va tajriba sinovdan o‘tkazilmoqda.
2018 yil 20 iyulda yadro fizikasi sohasida yuqori malakali xodimlarni tayyorlash maqsadida Toshkentda Moskva muhandislik fizika institutining filiali ochildi. O‘zbekiston AES qurilishi uchun Jizzax viloyati Forish tumanidagi «Tuzkon» ko‘li atrofi tanlandi.
O‘zbekistonda AES qurilishi iqtisodiy samara beradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra AESning qurilib ishga tushirilishi bir yilda 3,7 milliard kubometr gazni tejash imkonini beradi. Bu juda katta ko‘rsatkich. Chunki tabiiy gazning iqtisod qilinishi ichki iste’molni qoplashdan tashqari gaz eksporti salohiyatini ham oshiradi. AES mamlakat elektr energiyasiga bo‘lgan talabining 15 foizini to‘ldiradi. Bundan tashqari, AES qurilishi uchun kiritilgan 1 dollar byudjetga 1,4 dollar, yalpi ichki daromadga 4,3 dollar foyda keltiradi.
O‘zbekistonning elektr energiyasiga bo‘lgan talabi, bugungi kunda 69 mlrd kVt/soat. Uning deyarli 85 foizi tabiiy gaz va ko‘mir bilan ishlovchi IESlardan, 15 foizi GESlardan olinadi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 16,5 mlrd/kub metr tabiiy gaz, 86 ming tonna mazut, 2,3 million tonna ko‘mir ishlatiladi. Aholi sonining oshib borish bilan birgalikda elektr energiyasiga bo‘lgan talab ham oshib bormoqda. Shu sababli ham O‘zbekistonda AESning qurilishi energetika balansidagi uglevodorod hissasini kamaytirishning yagona yo‘lidir. Quyosh va shamol energiyasidan foydalanish rivojlanib va jadallik bilan o‘sib borayotgan ishlab chiqarishni yetarlicha ta’minlay olmaydi.
O‘zbekiston uran zaxirasi bo‘yicha dunyoda yetakchi – 9 o‘rinda turadi. Bu esa AES ishga tushirilgandan uni yadro yonilg‘isi bilan qiynchiliksiz ta’minlab turish imkonini beradi.
bugungi kunda O‘zbekistonda atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qonuniy bazani yaratish ustida ishlar jadal ketmoqda. Tuzkon ko‘li atrofidagi maydonda zarur tadqiqot ishlari boshlab yuborildi. Muhandislik ishlari va tadqiqotlarda o‘zbekistonlik va rossiyalik mutaxassislardan tashqari xalqaro ekspertlar ham ishtirok etishmoqda. Asosiy vazifa – AES bunyod etiluvchi maydonning xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha MAGATEning barcha talab normalariga to‘liq javob berishidir.
O‘zbekiston FA Yadro fizikasi instituti o‘zining 60 yildan ziyod faoliyati davomida yadro fizikasi va yadroviy texnologiyalar sohasida dunyo ilmiy hamjamiyati tomonidan tan olingan yirik tadqiqot markaziga aylangan. O‘zbekiston atom energiyasidan tinchlik yo‘lida foydalanish sohasida ilmiy bazaga ega. Xususan, respublikamizda tadqiqotlar yadro reaktoridan foydalangan holda ilmiy izlanishlar 1959 yildan beri olib borilmoqda. Atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajribani hamda Xalqaro atom energiyasi agentligi tavsiyalarini hisobga olgan holda atom energiyasidan foydalanish sohasida malakali kadrlarni tayyorlash milliy yadroviy infratuzilmaning g‘oyat muhim elementlaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Atom energetikasi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan dastur aynan shu masalalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga mo‘ljallangan.
Rahmatulla BEKMIRZAEV,
Fizika-matematika fanlari doktori, professor,
Boymurot SULTONOV,
Fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent.
O‘zA