O‘zbekistonda 2025 yil yakuniga qadar turizm sohasining asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “2025-2026 yillarda sayyohlar oqimini keskin ko‘paytirish va turistik xizmatlar ko‘lamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzoladi.
Unga muvofiq, O‘zbekistonda 2025 yil yakuniga qadar turizm sohasining asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi.
Ular:
a) respublika hududlariga 15,8 million nafar xorijiy turistlarning safarlarini tashkil etish, turizm xizmatlari eksportini 4 milliard AQSH dollariga yetkazish;
b) ichki turizmni rivojlantirish hisobiga 40 millionta mahalliy sayyohlarning hududlarga safarlarini tashkil etish, qo‘ shimcha 378 ta turoperator faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
v) respublika hududlarida yangi 108 ta mehmonxona, 375 ta oilaviy mex,mon uyi va 123 ta xostel qurish, 745 ta kapsula va o‘tov uylari, apart-otel, modulli mehmonxonalar hamda 12 ta turizm qishlog‘i va turizm mahallasini tashkil etishdan iborat.
Sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirish uchun 2025 yil 1 iyundan boshlab Bahrayn Qirolligi, Quvayt Davlati va Umon Sultonligi fuqarolari uchun O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim amal qila boshlaydi.
Farmonda:
a) Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va Ozarbayjon davlatlari fuqarolari uchun O‘zbekiston Respublikasi hududiga ichki hujjat yoki ID-karta, shu jumladan, 16 yoshga to‘lmagan fuqarolarga "kinder pasport" bilan 30 kungacha kirish rejimini joriy qilish;
b) Amerika Qo‘shma Shtatlari fuqarolari uchun O‘zbekiston Respublikasi hududiga 30 kunlik muddatga vizasiz kirish rejimini joriy qilish hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga Amerika Qo‘shma Shtatlari hududiga kirish uchun viza talablarini yengillashtirish yuzasidan muzokaralar boshlash masalalari ham belgilangan.
Prezident farmonida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Indoneziya, Malayziya va Ko‘rfaz arab davlatlaridan xorijiy sayyohlarni ko‘paytirish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga aniq vazifalar yuklatilgan.
Shuningdek, farmonga muvofiq, 2025 yil iyun oyidan boshlab "O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!" ichki turizmni rivojlantirish dasturi amalga oshiriladi.
Har oyning ikkinchi haftasining shanba va yakshanba kunlari "Oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni" etib belgilandi.
2025 yil 1 iyundan boshlab turizm sohasiga oid barcha davlat elektron tizim va platformalari Milliy turizm yagona platformasi doirasida ishlab chiqiladi.
Farmon bilan:
a) 2025 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turizmni rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari; 0
b) O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan 2025 yilda xorijiy turistlarni O‘zbekistonga jalb qilish bo‘yicha reja-jadval;
v) Xorijiy va mahalliy turistlar oqimini yanada oshirish, turizm infratuzilmasini yaxshilash va targ‘ibot ishlarini kengaytirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi";
g) 2025 yilda maqsadli bozorlardan sayyohlar oqimini oshirish maqsadida turizm biznesi vakillari ishtirokida o‘tkaziladigan taqdimotlar (roadshow) ro‘yxati;
d) Turizm infratuzilmasini xorijiy sayyohlarga moslashtirish maqsadida "Tourist friendly" (Turistlarga mehmondustlik) tizimini joriy qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
O‘zA