O‘zbekiston yoshlari xalqaro standartlar olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi
Bugungi globallashuv va raqobat muhitida mahsulot va xizmatlar sifati, xavfsizligi hamda raqobatbardoshligini ta’minlashda xalqaro standartlarning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Bu esa sohani chuqur biladigan, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega malakali mutaxassislarni tayyorlashni taqozo etadi. Shu ma’noda, yoshlarni standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish yo‘nalishlariga qiziqtirish, ularning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan xalqaro musobaqalar muhim ahamiyat kasb etadi.
Joriy yilning 12–14-avgust kunlari Janubiy Koreya Respublikasining Seul shahrida 21-Xalqaro standartlar olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan eng iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etgan mazkur nufuzli bellashuvda bilim, zukkolik va innovatsion yondashuv bilan bir qatorda, ishtirokchilarning tahliliy fikrlashi, mantiqiy xulosa chiqarishi, jamoa bilan ishlashi va belgilangan vaqtdan unumli foydalanish qobiliyati ham sinovdan o‘tkazildi.

Xalqaro standartlar olimpiadasi oddiy bilim musobaqasi emas. U bir necha bosqichdan iborat murakkab intellektual bellashuv bo‘lib, ishtirokchilardan standartlar bilan ishlash, muayyan vaziyatlarni tahlil qilish, muammoni aniqlash va unga eng maqbul yechim topishni talab etadi. Shu jihatdan olimpiada yoshlarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, ularda mustaqil fikrlash va qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Musobaqaning asosiy maqsadi o‘quvchilarning standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohalaridagi bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirishdan iborat. Ayni paytda, mazkur bellashuv kelajakda global talablarga javob beradigan, zamonaviy ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonlarida sifat mezonlarini ta’minlay oladigan malakali kadrlarni shakllantirish uchun muhim poydevor vazifasini bajaradi.
Bu yilgi olimpiadada O‘zbekiston yoshlari ham munosib ishtirok etdi. Mamlakatimiz vakillari O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda O‘zbekiston standartlar instituti mas’ullari bilan birgalikda xalqaro maydonda yurtimiz sharafini munosib himoya qildi.
Quvonarlisi, O‘zbekiston terma jamoasi vakillari musobaqada yuqori natija qayd etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu yutuq yoshlarimizning bilim va salohiyati, ularning xalqaro darajadagi intellektual raqobatga tayyor ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Bugun xalqaro standartlar nafaqat mahsulot sifati va xavfsizligini ta’minlash, balki eksport salohiyatini oshirish, milliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqish va mamlakatning raqobatbardoshligini kuchaytirishda ham muhim omil hisoblanadi. Shu bois mazkur yo‘nalishda bilimli va tashabbuskor yoshlarni tayyorlash strategik ahamiyatga ega.
Sh.Mamaturopova, O‘zA