O‘zbekiston yoshlari xalqaro robototexnika musobaqasida kumush medalni qo‘lga kiritdi
O‘zbekiston yoshlari xalqaro robototexnika maydonida yana bir muhim yutuqqa erishdi.
Xitoy Xalq Respublikasining Xaynan provinsiyasi Sanya shahrida bo‘lib o‘tgan nufuzli World Robot Summit (WRS) xalqaro robototexnika chempionatida mamlakatimiz vakillari yuqori natijalarni qayd etib, kumush medal sohibi bo‘ldi.
Mazkur xalqaro musobaqada ishtirok etish huquqini “Muhandislik oyligi” doirasida o‘tkazilgan “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali tarkibidagi First Robotics Uzbekistan musobaqasida g‘olib bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari qo‘lga kiritgan edi.
Xususan, Olmaliq davlat texnika instituti, Toshkent davlat transport universiteti hamda Buxoro davlat texnika universiteti talabalaridan iborat jamoalar O‘zbekiston nomidan xalqaro maydonda ishtirok etdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, Toshkent davlat transport universiteti talabalari “Runner Up” yo‘nalishida 2-o‘rinni egallab, kumush medal bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari, jamoa FIRST Tech Challenge (FTC) China Offseason Event xalqaro musobaqasining “Eng faol va namunaviy jamoa” nominatsiyasiga ham munosib deb topildi. Bu esa o‘zbekistonlik yoshlarning nafaqat texnik salohiyati, balki jamoaviy ishlash, tashabbuskorlik va liderlik ko‘nikmalari ham yuqori baholanganini ko‘rsatadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilgi “World Robot Contest (WRC) Championships” musobaqasida dunyoning 25 dan ortiq davlatidan 10 mingdan ziyod ishtirokchi o‘zaro bellashdi. Ana shunday kuchli raqobat sharoitida O‘zbekiston yoshlarining sovrindorlar qatoridan joy olishi mamlakatimizda muhandislik, robototexnika va innovatsion ta’lim sohalari izchil rivojlanayotganining yana bir amaliy tasdig‘i bo‘ldi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA