O‘zbekiston Yevropa muhim xomashyo alyansiga qo‘shildi
Dunyo kritik minerallar bo‘yicha yangi davrga kirib keldi. O‘zbekiston ham bu jarayonlar markazida bo‘lishga intilmoqda.
O‘tgan yili mamlakatimiz Yevropa Ittifoqi bilan muhim xomashyo sohasida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolagan edi. Endi esa yana bir katta qadam tashlandi — O‘zbekiston texnologik metallar kombinati Yevropa muhim xomashyo alyansiga rasman a’zo bo‘ldi. Bu bizning global bozordagi o‘rnimizni yanada mustahkamlaydi.
Yevropa muhim xomashyo alyansi Yevropa sanoatining resurs siyosatini belgilovchi eng muhim platformalardan biri bo‘lib, u Yevropa sanoati uchun litiy, volfram, molibden va nodir yer elementlarini xavfsiz va barqaror manbalardan yetkazib berishni ta’minlaydi. Mazkur alyans Yevropaning yashil texnologiyalar va kelajak energetikasiga o‘tish jarayonida hal qiluvchi kuchga ega.
Mamlakatimizning ham ushbu alyansga qo‘shilishi muhim ahamiyatga ega. Ya’ni Yevropa Ittifoqi bilan institutsional muloqotni yanada mustahkamlash, ayniqsa, xomashyoni chuqur qayta ishlash, sifat standartlarini joriy etish va eksport imkoniyatlarini kengaytirishga, investitsion jozibadorlikni oshirishga xizmat qiladi. Mamlakatimizning ishonchli va strategik hamkor sifatida xalqaro miqyosda tan olinishiga hissa qo‘shadi. Yevropaning texnologik va ilmiy klasterlari xususan, Germaniya, Fransiya, Finlyandiya va Avstriyada joylashgan ilg‘or markazlar bilan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish orqali hamkorlik kengayadi.
Shuningdek, ushbu a’zolik O‘zbekiston texnologik metallar kombinatini kritik minerallar bozorida butunlay yangi darajaga olib chiqishi kutilmoqda. Xususan, Yevropa grantlari va investitsiyalari orqali bu yo‘nalishdagi loyihalar uchun moliyaviy mexanizmlar kengayadi. Yevropaning ilg‘or markazlari bilan qo‘shma tadqiqotlar olib boriladi va innovatsiyalar tatbiq etiladi. Kombinat mahsulotlari xalqaro bozorga yanada yuqori sifat ko‘rsatkichlari bilan chiqadi.
Yevropa muhim xomashyo alyansi direktori Massimo Gasparon ham hamkorlikdan umidi katta ekanini bildirdi.
Umid qilamizki, bu a’zolik O‘zbekistonni oddiy xomashyo yetkazib beruvchidan innovatsion hamkor darajasiga ko‘taradi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA