Ma’lumki, davlatimiz rahbari Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayenning taklifiga binoan 23-24 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Bryussel shahrida bo‘ladi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Yevropa Ittifoqi poytaxtida ushbu birlashmaning asosiy institutlari rahbarlari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, tashrif doirasida O‘zbekiston yetakchisi Belgiya rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazadi, texnologik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma rejalarni jadallashtirish maqsadida Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlarini qabul qiladi.
O‘zA muxbiri mazkur tarixiy tashrif oldidan O‘zbekiston va YeI munosabatlari, hamkorlikning hozirgi bosqichi va istiqbollari xususida TDSHU Tahliliy tadqiqotlar markazi direktori, siyosiy fanlar doktori, professor Sayfiddin Jo‘rayevning fikrlarini yozib oldi.
– Avvalo qayd etish kerak, Prezidentimizning Bryusselga rasmiy tashrifi davomida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (EPCA) imzolanishi kutilmoqda. Bu mamlakatimizda 2017 yildan boshlab olib borilgan tizimli o‘zgarishlar natijasining yorqin namoyoni bo‘lib, o‘z navbatida, mazkur bitim islohotlarni kengaytirish va chuqurlashtirish davomiyligini ta’minlash, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va global hamkorlik yangicha mazmun bilan boyib borayotganligidan dalolat beradi. Bu jarayonning ikki jihatiga e’tibor qaratmoqchiman.
Birinchidan, tashqi va xavfsizlik siyosati sohalarida amaliy hamkorlikni yangi davr talablariga mos tarzda kengaytirish – mintaqaviy va xalqaro hamkorlik muloqotlar platformasini yaratishga olib keladi. Bu borada, yangi Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston bilan amaliy siyosiy munosabatlarning yangi davr talablari va qonuniyatlari bilan uyg‘unlashib borayotganligi, bu yo‘nalishdagi o‘zgarishlarda umuminsoniy va demokratik qadriyatlar, davlatchilik rivojlanishi va islohotlarni amalga oshirishda qonunning ustuvorligi o‘z natijalarini berayotganligi bilan farqlanadi.
Shuningdek, Markaziy Osiyoda barqaro rivojlanishni ta’minlash va xalqaro miqyosda hamkorliikning yangi qirralarini izlab topish, insoniyatga zarar keltirayotgan ommaviy qirg‘in, ayniqsa, yadro qurollarining tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, mavjud va yangidan paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli ziddiyatlarning oldini olish, tashqi siyosat va xavfsizlini ta’minlash bo‘yicha ochiq, konstruktiv muloqotlar olib borish hamkorlikni kengaytirishga olib keladi.
Har ikki tomonda adolat va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tashkiliy huquqiy mexanizmlarni himoya qilish, migratsiya, jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizm, uyushgan jinoyatchilik hamda korrupsiyaga qarshi kurash, noqonuniy giyohvand moddalarga qarshi kurash, shuningdek, sud ishlari va konsullik himoyasi bo‘yicha aloqalarning muntazam va manfaatli bo‘lishini ta’minlanishiga yangi shart sharoitlar yaratadi.
Ikkinchidan, EPCA bitimi shubhasiz, o‘lkamiz va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarda yangi imkoniyat va shart sharoitlar yuzaga keltirib, o‘zaro hamkorlikning yangi davrini boshlab beradi, deyish mumkin. Kutilayotgan bunday hamkorlik pirovardida, Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistonning strategik mavqeini oshishiga, iqtisodiy qudrati ko‘tarilishiga, fuqarolarimizning farovonligi ta’minlanishiga amaliy yordam beradi.
O‘tkir Alimov, O‘zA