O‘zbekiston–Yaponiya: raqamli hamkorlik kengaymoqda
Yaponiyada Iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri o‘rinbosari bilan ikki davlat o‘rtasida raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellekt yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Yaponiya bozori uchun axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt muhandislarini tayyorlash, grant loyihalarini rivojlantirish hamda AT xizmatlar eksportini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi bir yil davomida Yaponiyaning qariyb 30 ta AT kompaniyasi "IT Park Uzbekistan" rezidentiga aylanib, mamlakatimizda o‘z faoliyatini samarali yo‘lga qo‘ymoqda.

Hamkorlik doirasida Yaponiya bozori uchun AT mutaxassislar tayyorlash kengaytiriladi. “Uzbekistan Japan Digital Center”ni tashkil etish muhokama qilindi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida data-markazlar salohiyati taqdim etildi.

Mazkur hamkorlik O‘zbekistonni global AT xizmatlar eksporti markazlaridan biriga aylantirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda ikki davlat o‘rtasidagi raqamli iqtisodiyot sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA