O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan “The Japan Times” gazetasida Yaponiyadagi O‘zbekiston elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonovning “Yaxshi qo‘shnichilik siyosati natija bermoqda” sarlavhali maqolasi chop etildi.
Maqolada mamlakatimizning mustaqillik davridagi yutuqlari, mintaqaviy hamkorlik, iqtisodiy taraqqiyot, shuningdek O‘zbekiston – Yaponiya munosabatining buguni va kelajak istiqboli yoritib berilgan.
– 2024 yil faol delegatsiyalar almashinuvi bilan esda qoldi, – deb yozadi diplomat. – Yaponiyaning Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Xalqaro hamkorlik banki (JBIC) va boshqa yirik tashkilotlari rahbarlari mamlakatimizga tashrif buyurdi. O‘z navbatida, O‘zbekistondan parlament va hukumat vakillari kun chiqar yurtga bordi. Mintaqalararo Toshkent– Nagoya, Samarqand – Nara, Samarqand –Gifu, Namangan – Dadzayfu, Rishton –Maidzuru aloqalari kengaymoqda. Joriy yil Samarqand viloyati delegatsiyasining Nara shahriga ilk rasmiy tashrifi doirasida biznes-forum va turli madaniy tadbirlar o‘tkazildi. Osaka shahrida bo‘lib o‘tayotgan EXPO-2025 jahon ko‘rgazmasi doirasida respublikamiz tomonidan “Bilimlar bog‘i: kelajak jamiyati uchun tajriba laboratoriyasi” nomli milliy pavilon taqdim etilgan. Milliy me’morchilik unsurlari va yapon an’anasini uyg‘unlashtirgan mazkur milliy ayvanimiz nufuzli “Red Dot Award: Brands & Communication Design” tanlovida “Red Dot: Best of the Best” mukofoti bilan taqdirlanganidan faxrlanamiz. Anjuman doirasida 18 may kuni Milliy simfonik orkestr va Rixter triosi ishtirokida gala-konsert bo‘lib o‘tdi, 17 avgustda “Milliy kun” keng nishonlandi. Shu kunlarda “Markaziy Osiyo – Yaponiya” sammitiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ishonchimiz komilki, tarixiy-madaniy aloqalar, zamonaviy munosabat va o‘zaro manfaatli hamkorlik davlatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga ko‘tarib, samimiy do‘stlik rishtasini yanada mustahkamlaydi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA