O‘zbekiston xorij matbuoti sahifalarida
Qatar – O‘zbekiston qo‘shma ishbilarmonlar kengashi masalasi muhokama qilindi
Qatar axborot agentligi – “QNA” O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovning Qatar Palatasi Direktorlar kengashi a’zosi Muhammad bin Ahmad Al-Obaydliy bilan uchrashuvi haqida yozdi.
Maqolada Qatar – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashini tashkil etishni muvofiqlashtirish masalasi, savdo-iqtisodiy munosabatning joriy holati muhokama qilinib, sarmoyaviy muhit, mavjud imkoniyat, o‘zaro sarmoyani kengaytirish yo‘llari ko‘rib chiqildi.
Laziz Qudratov mezbonlarni yurtimizdagi investitsiya muhiti, so‘nggi yillarda iqtisodiyotimizda kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarishlar bilan tanishtirar ekan, endilikda dunyoning turli davlatlaridan ko‘plab yirik kompaniyalar O‘zbekistonga kelib, turli sohalarga sarmoya kirita boshlaganiga urg‘u berdi. Shuningdek, o‘lkamizning o‘ziga xos geografik joylashuviga ishora qilarkan, yurtimizni Osiyo va Yevropa bozorlariga chiqish darvozasiga aylantirish imkoniyatini hisobga olib, qatarlik ishbilarmonlar hamkorlikka jalb etishga intilishni ta’kidladi.
O‘z navbatida Muhammad Al-Obaydliy ikki davlat munosabatini yuqori baholab, qatarlik ishbilarmonlarda O‘zbekistondagi sarmoyaviy muhit, mavjud imkoniyatlar haqida tasavvurga egaligini bildirdi. Ayniqsa, ko‘chmas mulk, mehmonxona biznesi, texnologiya, axbort almashish, turizm, infratuzilma, oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida investorlarga taqdim etilayotgan imtiyozlarni e’tirof etdi. Shuningdek, palata ishbilarmonlarni O‘zbekistonga sarmoya kiritishga undayotgani, ikki mamlakat xususiy sektori hamkorligini qo‘llab-quvvatlashi, o‘zaro savdo ayirboshlashni rivojlantirishna qaratilgan qo‘shma loyihalarni rag‘batlantirishini ta’kidladi.
Muharrama Pirmatova,
O‘zA