Azaldan yurtimiz Sharq mintaqalari bilan aloqa o‘rnatib, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va madaniy sohalarda muntazam hamkorlik olib borgan. Asrlar osha davom etgan hamkorik Xitoy bilan O‘zbekiston tashqi siyosatida, iqtisodiy savdo aylanmasida o‘rni beqiyos.
O‘tgan yil ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 50 foizga ortib, 14 milliard dollarga yetishi hamda Xitoydan O‘zbekiston iqtisodiyotiga umumiy hajmi 14 milliard dollardan ziyod investitsiyalarni kiritilishi ham so‘nggi yillarda olib borilayotgan ikki tomonlama manfaatli hamkorlikning ijobiy natijalari, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Qayd etish joziki, do‘stona munosabatlar asosida yo‘lga qo‘yilgan O‘zbekiston – Xitoy aloqalari zamirida ta’lim va ilm-fan sohalari kengayib bormoqda. Bugungi kunda ikki mintaqa oliy ta’lim muassasalari malakali kadrlar tayyorlash, xalqaro grant va loyihalarni bajarish, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, fan-texnika yutuqlaridan samarali foydalanish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish hamda talabalar almashinuvi yo‘nalishlarida hamkorlik ko‘lami oshmoqda.
Xitoyda o‘tkazilga ta’lim forumi ham ikki davlat oliy ta’lim muassasalariga yangi imkoniyat eshiklarini ochdi. Forumda ikki mamlakatning 150 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, ilm-fan vakillari, vazirlik va idoralar mas’ullari ishtirokida ko‘plab istiqbolli kelishuvlarga erishildi.

Mazkur forum Namangan muhandislik-texnologiya instituti uchun ham har tomonlama manfaatli bo‘lib, yangi hamkorlar topish va yangi aloqalar o‘rnatish uchun o‘ziga xos qulay muhit yaratib berdi. Institutimiz Xitoyning Vuxan, Donxua, Zejiang fan va texnologiyalar universitetlari, Lanchjou kimyo-fizika instituti hamda Shinjian kimyo texnologiyalar instituti bilan aloqalar o‘rnatib, talabalar almashinuvi dasturi doirasida 50 nafardan ortiq talaba Xitoy oliy ta’lim muassasalariga yuborildi, besh nafar ilmiy tadqiqotchimiz stajirovka o‘tadi hamda 20 yaqin professor-o‘qituvchimiz malaka oshirib qaytdi.
Forumda Namangan muhandislik-texnologiya instituti Tianjin xalqaro tadqiqotlar universiteti hamda Lanchjou Jiaotong, Tiangong, Nankin universitetlari bilan shartnoma va anglashuv memorandumlarini imzolashga erishdi. Ushbu oliygohlar Xitoyning nufuzli ta’lim muassasalari hisoblanib, muhandislik, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, energetika, kimyo, biotexnologiya, amaliy va ijtimoiy fanlar sohalarida malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish va halqaro grantlarni bajarishda katta tajribaga ega.

Bitimlarga asosan mazkur oliy o‘quv yurtlari bilan talablar uchun yozgi va qishki maktablarni tashkil qilish, “Kelajak TOP 10 ilm-fan va texnologiya loyihalari” doirasida materialshunoslik, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, quyosh panellari, kimyo hamda qishloq ho‘jaligi sohalarida tajriba almashish, Namangan muhandislik-texnologiya institutida xitoy tili o‘quv xonasini tashkil qilish hamda muhandis kadrlarga xitoy tilini o‘qitish, ishlab chiqarish korxonalaridan malakali mutaxasislarni jalb qilish hamda ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, ilmiy labaratoriyalar tashkil etish, qo‘shma ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda professor-o‘qituvchilar malakasini oshirishga kelishib olindi.

Mamlakatimizning taraqqiyoti, ijtimoiy-iqtisodiy farovonligi ta’lim va ilm-fan ravnaqi bilan bog‘liq ekan, Xitoy kabi har tomonlama rivojlanayotgan davlatning oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlari bilan olib boriladigan hamkorlik universitet va institutlarimizga yangi tajriba maydonini ochib beradi hamda ta’lim, fan-texnika yutuqlaridan samarali foydalanishga, xalqaro miqiyosda oliy ta’lim mussasalarimizning ishtirokini oshirishga xizmat qiladi.
Odiljon Mamatkarimov,
Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori,
fizika-matematika fanlari doktori, professor.
O‘zA.