O‘zbekiston-Xitoy: neft sanoatida ilg‘or tajriba va hamkorlik
"O‘zbekneftgaz" AJ, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi hamda "UNG Overseas" vakillaridan iborat delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasining Chjanszyan shahrida joylashgan neftni qayta ishlash zavodi faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologik uskunalardan foydalanish, ishlab chiqarish quvvatlarini boshqarish va mahsulot sifatini ta’minlash usullarini o‘rgandi. Shuningdek, energiya samaradorligini oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va ishlab chiqarish jarayonlarini barqaror tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvlarda ikki mamlakat mutaxassislari neftni qayta ishlash korxonalarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda zamonaviy texnologik yechimlarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha fikr almashdi. Xitoy tajribasini mahalliy korxonalar faoliyatiga tatbiq etish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Jamiyat axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, o‘rganilgan tajriba Buxoro neftni qayta ishlash zavodining texnologik salohiyatini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish va yuqori sifatli neft mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA