Mamlakatimiz rahbarining 2024 yildagi ilk davlat tashrifi aynan Xitoyga amalga oshirilishida ham ramziy ma’no bor. Ekspertlarning fikriga ko‘ra, ushbu tashrif o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga, ikki davlat munosabatlari tarixida o‘ziga xos yangi sahifani ochishga xizmat qiladi.
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Timur Abdullayev tashrifning ahamiyati, ikki mamlakatning inson kapitalini rivojlantirish yo‘lidagi hamkorligi samaralari haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Mazkur davlat tashrifi arafasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston – Xitoy: ming yilliklarni qamrab olgan do‘stlik va hamkorlik” nomli maqolasi Xitoyning markaziy gazetalarida e’lon qilindi.
Unda davlatimiz rahbari Xitoy Xalq Respublikasining hozirgi taraqqiyot yo‘li, jahonda tobora oshib borayotgan nufuzi va mavqei, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning uzoq tarixiga yuksak baho berdi.
“Buyuk qadimiy sivilizatsiyalar har doim bir-biriga o‘xshash, bir-birini tushunadi va ruhan yaqindir. O‘zbek va xitoy xalqlarining madaniyati va ideallari o‘xshash”, deya ta’kidlanadi maqolada.

Darhaqiqat, boy tarixiy merosga ega mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar bir necha ming yilliklarga borib taqaladi. Tarixan Buyuk ipak yo‘li mintaqa xalqlarini bir-biriga bog‘lab, nafaqat savdo, balki ilmiy va madaniy rishtalarni bog‘lashda muhim rol o‘ynagan.
Bugungi kunda ikki davlat yetakchilarining mustahkam do‘stligi va siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari strategik sheriklik darajasida jadal rivojlanib kelmoqda. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston va Xitoy xalqaro maydonda umumiy manfaatli masalalar bo‘yicha, shuningdek, milliy rivojlanish strategiyasini ilgari surishda ham bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Ma’lumki, ikki davlat o‘rtasida 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan yangi davrdagi har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish dasturi amalga oshirilmoqda. Tomonlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda sezilarli yutuqlarga erishildi.
Hozirgi vaqtda dunyoda yuz berayotgan shiddatli innovatsion o‘zgarishlar, raqamlashtirish jarayonlari, sun’iy intellektning joriy etilishi mamlakatlarimiz oldiga yangidan-yangi dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda. Bunday sharoit davlatlarimizning hamkorlik borasida hali ishga solinmagan ulkan imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanishni taqozo etmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, yaqin besh yil ichida jahon mehnat bozorida sezilarli o‘zgarishlar ro‘y beradi. Xususan, 83 million ish o‘rni yo‘q bo‘lishi hamda 69 million yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
O‘z navbatida, kadrlar siyosati, inson kapitalini rivojlantirish borasidagi hamkorlik O‘zbekiston va Xitoyning ulkan salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladigan muhim yo‘nalishlardan biridir.
Bugungi kunda aynan inson kapitalini rivojlantirish sohasidagi hamkorlik O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda va bu borada erishilgan salmoqli yutuqlarni alohida ta’kidlash joiz.
Ayni paytda ikki mamlakat ta’lim, ilmiy-texnika muassasalari o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, idoralararo dasturlar doirasida talabalar va stajyorlar almashinuvi faollashmoqda. O‘zbekistondagi oltita universitetda xitoy tili o‘qitiladi.
O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarida 600 dan ortiq talaba xitoy tilini asosiy til sifatida o‘rganmoqda. Xitoy tarixi, madaniyati va an’analarini o‘rganishni targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarida xitoy tili markazlari tashkil etilib, ular o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, o‘lkashunoslik bo‘yicha darslik va materiallar bilan ta’minlangan.
Toshkent va Samarqand shaharlarida Konfutsiy instituti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularda 1,2 mingdan ortiq fuqarolarimiz xitoy tilini o‘rganmoqda.
Shuningdek, yurtimizda nufuzli Sinxua va Pekin universitetlarining filiallarini ochish bo‘yicha muhokamalar davom etmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston har tomonlama ijtimoiy adolatga erishish, qashshoqlikka qarshi kurashish, o‘rta sinfni kengaytirish, farovonlik va tenglikni ta’minlash borasida Xitoy tajribasini o‘rganishdan chuqur manfaatdor.
So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasida mintaqalararo aloqalar faollashdi. O‘zbekistonga Shinjon-Uyg‘ur avtonom okrugi, Shensi, Shandun, Szyansu va Szyansi provinsiyalaridan delegatsiyalar tashrif buyurdi. Mamlakatimizda Xitoyning kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha to‘plagan boy tajribasini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qayd qilish kerakki, davlat xizmatchilari uchun Xitoyda malaka oshirish kurslarini tashkil etish borasida ham samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Misol uchun, keyingi besh yil ichida 4,2 mingga yaqin davlat xizmatchisi malaka oshirish dasturlarida ishtirok etdi. Malaka oshirish dasturlari kambag‘allikni qisqartirish, qishloq xo‘jaligi, davlat boshqaruvi, tadbirkorlik, iqtisodiyot va moliya, energetika, ta’lim, turizm va boshqa sohalarni qamrab oldi.
Ikki tomonlama hamkorlikning bunday shakllari O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida inson kapitali, bilim almashinuvi va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Mavjud imkoniyat va resurslardan foydalangan holda tomonlar barqaror rivojlanish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga intilayotgani esa, albatta, o‘z samarasini beradi.
O‘zA muxbiri N.Abduraimova yozib oldi.