Jizzax viloyatining Zafarobod tumani hududida sement mahsulotlari ishlab chiqaruvchi ““Huaxin sement” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston- Xitoy qo‘shma korxonasi to‘rt yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Korxona faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida ushbu manzilda bo‘ldik.
Bizga ““Huaxin sement” kompaniyasi administratori janob Chyen Boliang hamrohlik qildi. Uning aytishicha, bu kompaniya Xitoy Xalq Respublikasida 100 yil muqaddam tashkil etilgan ekan. Kompaniya tomonidan barpo etilgan ushbu qo‘shma korxona o‘zbek va xitoy xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va hamkorlikning yorqin namunasi deb, aytish mumkin. Chunki zavodda mehnat qilayotgan xitoyliklarning o‘zbek tilini, o‘zbek yoshlarining xitoy tilini o‘rganib olayotgani o‘zaro totuvlikdan dalolat beradi. Korxona laboratoriya operator-lazerchisi Jasur Mavlonov bizga xitoy tilidan tarjimonlik qildi.
[gallery-15583]
– ““Huaxin sement” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi ishlab chiqarish liniyasi qurilishiga 2019 yil aprel oyida tamal toshi qo‘yilgandi, – deydi korxona bosh direktori yordamchisi, janob Ding Guangming. – Ushbu korxona jahondagi eng ilg‘or texnologik uskunalardan foydalangan holda bunyod etildi. Loyihaning umumiy sarmoyasi 150 million AQSH dollarini tashkil etadi.
2020 yilning iyun oyidan ishlab chiqarish liniyasi faoliyatini boshlagan bo‘lsa, yuqori sifatli qurilish mahsuloti sementni sotuvga, oradan bir oy o‘tib ichki bozorlarga chiqara boshladik. Barcha ishlab chiqarish liniyalari 3 yildan ortiq vaqt davomida barqaror ishlab va ishonchli mahsulot sifati bilan iqtisodiy manfaatlar yaratib kelmoqda. Bugungi kunda zavodimizda 360 nafar o‘zbekistonlik va 70 nafar xitoylik mutaxassis do‘st va birdamlikda mehnat qilmoqda. Hozir o‘zbekistonliklar zavodning turli yo‘nalishlarida muhim texnik lavozimlarni egallab, mustaqil ishlay oladigan darajaga yetdi. Bu esa korxona rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Hamrohimiz janob Chenning ta’kidlashicha, korxonadan bir chaqirimcha uzoqda joylashgan Baliqli tog‘ va Ko‘tarma tog‘ bag‘ridan topilgan ohaktosh zaxirasi sement korxonalari uchun 150 yilga yetishi mo‘ljallangan ekan. Korxona hududining umumiy maydoni 71 gektarni tashkil etadi. Bu yerdagi laboratoriya, markaziy nazorat-boshqaruv bo‘limi, xomashyoni maydalash tegirmoni, mexanika sexi, qozon pechi, mahsulotlarni qadoqlash va saqlash omborxonalari faoliyati bilan ham yaqindan tanishdik.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/RqPOudOG6zg" title="Oʻzbekiston- Xitoy: hamkorlik samara bermoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Shuningdek, korxonada ishchi xizmatchilar uchun 300 o‘ringa mo‘ljallangan o‘zbek va xitoy oshxonasi, ma’muriy bino hamda barcha sharoit yaratilgan 150 o‘rinli yotoqxona ham mavjud. Laboratoriya xodimlari kompyuter orqali sement uchun foydalanilayotgan zarur ohaktosh, klinker, tuproq, sement va boshqa zarur mahsulotlar tarkibini tekshirib boradi.
Sement olish jarayoni asosan markaziy nazorat-boshqaruv bo‘limida operatorlar tomonidan nazorat qilinadi. Xomashyoni 1 ming 200 – 1 ming 300 darajadagi issiq haroratda pishirib, qadoqlab omborlarga joylashtirish, temir yo‘l va avtotransport vositalarida buyurtmachilarga yetkazib berish ham nazoratga olingan.
– Laboratoriyada 28 nafar o‘zbek va 6 nafar xitoylik mutaxassis kompyuterda tahlil qilib boradi, – deydi laboratoriyaning sifat bo‘yicha muhandisi Mirjalol Abdusattorov. – Ayni paytda korxonamizda 400 va 500 markali sement ishlab chiqarilmoqda. Yaqinda, Tojikiston Respublikasidagi “Huaxin” kompaniyasi tomonidan barpo etilgan sement ishlab chiqarish korxonasida malaka oshirib qaytdik. Hozir hamkasblarimiz bizlarga xitoy tilini o‘rgatmoqda. O‘z navbatida ular o‘zbek tilini o‘rganmoqda.
““Huaxin sement” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida yonma-yon, yelkama-yelka mehnat qilayotgan ikki millat o‘zbek – xitoy yoshlarining o‘zaro do‘stligi, bahamjihatligiga guvoh bo‘lib, ikki mamlakatning o‘zaro hamkorlik aloqalari uzoq tarixga borib taqalsa, kelgusi aloqalarimiz uzoq yillar davom etishini niyat qildik.
A.Qayumov, J.Yorbekov (video,surat), O‘zA muxbirlari