O‘zbekiston – Xitoy. Eksportda ham, importda ham yaqqol o‘sish
Xitoy O‘zbekistonning muhim savdo sherigi. Har ikki mamlakat o‘zaro savdo va investitsiya sohasida juda faol. Xususan, “Ipak yo‘li iqtisodiy makoni”, “Bir makon, bir yo‘l” singari yirik loyihalar doirasida temir yo‘l, energetika, infratuzilma ob’ektlari qurilishi bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Xitoy biznes forumi ayni shu jarayonning mantiqiy davomi.
O‘zbekiston Eksportchilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda mahalliy va xitoylik ishbilarmon doira vakillari logistika, oziq-ovqat va ichimlik, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratdilar.

Mazkur uyushma eksport faoliyatini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadini ko‘zlaydi, mahalliy eksportchilar uchun ishonchli yordamchi sifatida xalqaro savdo aloqalari ko‘lamini kengaytirish, biznesni tizimlashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratishda muhim o‘rin tutadi.
So‘nggi yillar davomida O‘zbekistonning XXR bilan ham eksportida, ham importida o‘sish kuzatilgan. O‘zaro savdo-sotiq hajmi 2017 yil 4,8 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yil oxiriga kelib 8,9 milliard dollarga yetgan. Eksport 23,4 foiz, import esa 134,7 foiz o‘sgan. O‘tgan yil respublikamiz Xitoyga, asosan, mineral yonilg‘i, xizmat, sanoat va kimyo, oziq-ovqat mahsulotlari jo‘natgan. Ushbu davlat bizga ko‘proq mashina va asbob-uskuna, sanoat, kimyo mollari, turli tayyor mahsulot va xizmat taqdim etgan.

– Turli yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarni birlashtirgan mazkur uchrashuv Xitoy bilan kelgusi savdo tashabbuslari uchun zamin yaratadi, – deydi O‘zbekiston biznes va sanoat kengashi raisi o‘rinbosari Bobur Rasulov. – Ma’lumki, mahalliy eksportchilarimizning Xitoy bozoriga qimmatbaho metall, organik kimyoviy birikmalar, shuningdek meva va yong‘oq yetkazib berish imkoniyati juda keng.
Darhaqiqat, ishlab chiqarish va xorijga yuborish bo‘yicha yurtimizda ulkan salohiyat mavjud bo‘lgan bunday mahsulotlarga Xitoyda talab muntazam o‘sib boryapti: 2021 yil import kesimida qimmatbaho metal 77,4 milliard dollarni, organik kimyoviy birikmalar 60,2 milliard dollarni, meva va yong‘oq 16,0 milliard dollarni tashkil etgan.

Forum doirasida tashkil etilgan B2B uchrashuvi mahalliy tadbirkor va eksportchilar uchun foydali aloqalarni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro manfaatli hamkorlik holati va istiqbolini o‘rganish uchun ajoyib imkoniyat yaratdi. Shu bilan birga ochiq muloqot qilish, g‘oya almashish va yangi biznes tashabbuslarini ilgari surish uchun muhim maydon vazifasini o‘tadi.
Ishbilarmonlar sanoat yetakchilari bilan suhbatlashish, mavjud investitsiya imkoniyatlarini kashf qilish va iqtisodiy taraqqiyotga yetaklaydigan strategik ittifoq tuzish imkoniga ham ega bo‘ldilar.
Go‘zal Sattorova, O‘zA