2024 yil ham yakunlanib qoldi. O‘tayotgan mavsumni sarhisob qilish esa yaxshi an’anaga aylangan. Poyoniga yetayotgan yil mamlakatimiz ichki va tashqi siyosatida ulkan o‘zgarishlar bilan yodda qolishi shubhasiz. Ayniqsa, xalqaro aloqalar keskin rivojlanib, xorijiy davlatlar bilan munosabatlarimiz yangi bosqichga ko‘tarildi. Jumladan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi aloqalar 2024 yil tarixan eng yuqori darajaga ko‘tarildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. XXRning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun shu mavzuda so‘z yuritadi.
E’tirof etish kerak, yaunlanayotgan yil mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar rivojida o‘ta muhim ahamiyat kasb etdi. Davlatlarimiz rahbarlari yil davomida ikki bor uchrashdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi XXR – O‘zbekiston munosabatlarini yangi davrda har tomonlama strategik sheriklikning tarixiy yangi bosqichiga ko‘tardi.
Xitoy uchun O‘zbekiston bilan munosabatning bunday maqomi Markaziy Osiyo miqyosida yagona bo‘lib, xalqlarimizning o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga nisbatan yuksak siyosiy ishonch darajasini to‘liq ifodalaydi.
Joriy yil tovar ayirboshlash qiymati barqaror o‘sib, 11 milliard dollardan oshdi. Xitoy O‘zbekistonning birinchi raqamli iqtisodiy hamkori ekanligi bizga mamnunlik baxsh etadi. Hozir mamlakatingizda 3300 dan ko‘p Xitoy korxonasi ro‘yxatga olingan. Savdo va sarmoya, yangi energiya, aloqa, infratuzilma, zamonaviy qishloq xo‘jaligi, sanoat ishlab chiqarishi kabi eng muhim sohalarda sheriklik chuqurlashmoqda.
Ko‘plab qo‘shma loyihalar izchil amalga oshirilmoqda. Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi boshlanishi juda quvonarli voqea. Ishonchim komilki, mazkur tashabbus mintaqa davlatlari taraqqiyoti, xalqlarimiz farovonligiga xizmat qiladi.
O‘zbekistonga kelayotgan xitoylik sayyohlar soni sezilarli darajada oshib, yiliga 60 ming kishidan oshdi, Xitoyga O‘zbekistondan tashrif buyurganlar soni esa o‘tgan yilga nisbatan 60 foiz ko‘paydi.
Yaqinda mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro vizasiz rejim to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Mazkur bitim kuchga kirgach, fuqarolarimizning ikki davlat o‘rtasida harakatlanishi yanada qulaylashadi va jadallashadi.
Ma’lumki, boshlanayotgan 2025 yil O‘zbekistonda “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi. Biz ham doim yangi energetika, ilmiy-texnikaviy innovatsiya, raqamli iqtisodiyot, ekologiya sohalarida hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga intilamiz. Barqaror iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish uchun yuqori va toza texnologiyalardan keng foydalanamiz.
Xavfsizlik yo‘nalishidagi sheriklikni ham chuqurlashtirish – an’anaviy va noan’anaviy tahdid, xavflarga qarshi birgalikda kurashish, Afg‘oniston masalasida muvofiqlashtirishni kuchaytirish, muhim qo‘shma loyihalar muvozanatli ishlashini ta’minlash mexanizmlaridan samarali foydalanish , niyatidamiz.
Madaniyat, ta’lim, turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish, turli madaniy tadbirlarni birgalikda tashkil etish, yoshlar almashinuvini kengaytirish, Xitoy – O‘zbekiston do‘stligi davomiyligini ta’minlashga tayyormiz.
Eslatib o‘tamiz, eshik qoqib turgan yil SHHT 25-sammiti Xitoyda o‘tadi. Mamlakatimiz mazkur tuzilma doirasidagi “Barqaror rivojlanish yili”ga bag‘ishlab 100 dan ziyod tadbir uyushtirishni rejalashtirgan. O‘zbekiston avvalgidek Xitoyni raislik faoliyatida qo‘llab-quvvatlashi, SHHT barqaror va sog‘lom rivojlanishiga hissa qo‘shishi kutilmoqda.
Kelasi yil Qozog‘istonda II Xitoy – Markaziy Osiyo sammiti bo‘lib o‘tadi. Ayni payt ushbu mexanizm kotibiyati tashkil etilgan. Shu asosda mintaqa davlatlari bilan xalqlarimiz farovonligi yo‘lida ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish uchun qo‘l qovushtirib ishlashga umid qilyapmiz.
Umuman, Xitoy tomoni O‘zbekiston bilan ikki davlat rahbarlari kelishuvlarini to‘liq amalga oshirish, o‘zaro mushtarak taqdirlar hamjamiyati barpo etish jarayonini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga tayyor.
So‘zim yakunida samimiy o‘zbek xalqini ayyom bilan muborakbod etaman. Yangi yilda barchangiz – oilangiz va do‘stlaringiz hayoti tabassum, baxt va muhabbatga to‘lsin. Do‘st O‘zbekistonga ravnaq, tiklanish va beqiyos muvaffaqiyat tilayman. Xitoy – O‘zbekiston do‘stligi abadiy bo‘lsin!
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/C7MEyhlHLJs?si=0W2edNzPxp3u9XEe" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Go‘zal Sattorova, Doniyor Yoqubov (video) O‘zA