O‘zbekiston va YeXHT: hamkorlikning amaliy yo‘nalishlari yuqori baholandi
Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Bosh kotibi Feridun Sinirlio‘g‘lu bilan uchrashdi.
Unda O‘zbekistonda Prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, davlat institutlarini mustahkamlash, yaxshi qo‘shnichilik siyosatini izchil rivojlantirish hamda Markaziy Osiyoda barqaror va o‘zaro ishonchga asoslangan muhitni shakllantirish borasidagi sa’y-harakatlar alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston va YeXHT o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi kundagi holati va uning amaliy yo‘nalishlari yuqori baholandi.

YeXHT tomonidan mamlakatimizdagi demokratik yangilanishlar va ochiq mintaqaviy siyosat qo‘llab-quvvatlanayotgani qayd etildi.
Oliy Majlisning YeXHT bilan hamkorlik bo‘yicha parlament guruhi faoliyati alohida qayd etildi. Mazkur format barqaror parlamentlararo muloqotni qo‘llab-quvvatlash hamda YeXHT bilan amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning muhim mexanizmi sifatida baholandi.
Tomonlar parlament tuzilmalari, ekspert platformalari va qo‘shma tadbirlar orqali hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
N.Abduraimova,
O‘zA