O‘zbekiston va XMT: xalqaro mehnat standartlari sohasidagi hamkorlik mustahkamlanadi
Xalqaro mehnat konferensiyasining 114-sessiyasi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya raisi Tanzila Norbova Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning Xalqaro mehnat standartlari departamenti direktori Korin Varga bilan uchrashdi.
Uchrashuvda milliy mehnat qonunchiligini xalqaro standartlarga muvofiq yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan XMT konvensiyalari bo‘yicha majburiyatlarni amalga oshirish jarayoniga e’tibor qaratildi.

Korin Varga O‘zbekistonda mehnat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini yuqori baholadi. Milliy normativ-huquqiy bazani xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini mustahkamlash bo‘yicha izchil ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.
Uchrashuvda XMT tavsiyalarining bajarilishi hamda ijtimoiy mehnat munosabatlarini tartibga solish milliy tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qo‘shma “yo‘l xaritasi”ning amalga oshirilishiga qaratildi.

Tomonlar ijtimoiy-mehnat sohasidagi yangi xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilish istiqbollari, shuningdek, O‘zbekiston va XMT o‘rtasidagi ekspert-texnik hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
N.Abduraimova, O‘zA